Uzbekistan Airways Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari tufayli Aqtauga parvozlarni bekor qildi
Uzbekistan Airways Aqtauga parvozlar bekor qilingani to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz
Aviakompaniya xabariga ko‘ra, Aqtau xalqaro aeroporti xalqaro parvozlarni qabul qilishni va amalga oshirishni yopgani munosabati bilan, 2022 yil 5 yanvar kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan HY-9725/9726 Urganch – Aqtau – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlari bekor qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirish kunlari haqidagi qo‘shimcha ma’lumot keyinroq taqdim etiladi.
⠀
Yo‘lovchilar 5 yanvar kuniga Aqtauga bekor bo‘lgan parvozlar aviachiptalarining to‘liq qiymatini chipta sotib olingan joyda qaytarib olishlari yoki boshqa sanaga bepul qayta bronlash huquqiga ega ekani eslatilgan.
Avvalroq, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Mang‘istau viloyati va Olmaotada favqulodda holat joriy qilgani ma’lum bo‘lgan edi. Favqulodda holat mahalliy vaqt bilan 5 yanvar soat 01:30 dan 19 yanvarga qadar amal qiladi.
Qozog‘iston g‘arbida avtogaz narxining oshishi munosabati bilan norozilik namoyishlari boshlandi, namoyishlar narxlarni pasaytirish va’dasidan keyin mamlakatning boshqa hududlarini ham qamrab oldi. 1 yanvar kuni gaz narxi 60 tengedan 120 tengega ko‘tarildi. Ikki kunlik mitinglardan so‘ng Mang‘istau viloyatidagi yonilg‘i quyish shoxobchalari egalari narxni 80-90 tengega tushirdi, biroq namoyishchilar buni yetarli emas deb hisoblamoqda.
Mavzuga oid

13:36
Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida sanoat kooperatsiyasi markazi tashkil etiladi

11:51
Qozog‘istonda pasporti olib qo‘yilgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

17:10 / 07.03.2025
Olmaotada erkak pichoq bilan aeroport xodimiga tashlandi. Uni tanishini kuzatgani kelgan shaxs zararsizlantirdi

22:01 / 05.03.2025