Qarshi shahrida spirtli ichimlik ta’sirida Cobalt mashinasini olib qochgan shaxs yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 1 yanvar kuni soat 2:00larda Qarshi shahar IIB 102 raqamiga Koson tumani Po‘lati shaharchasida yashovchi 34 yoshli B.I. qo‘ng‘iroq qilib murojaat qilgan. U murojaatida o‘ziga tegishli bo‘lgan Cobalt’ni Qarshi shahridagi B.Sherqulov ko‘chasida qoldirib, bilyardxonaga kirib ketganidan so‘ng noma’lum shaxs mashinasini olib qochganini aytib, uni topishni hamda transport vositasini olib qochgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, ushbu Cobalt Qarshi shahar Zarin ko‘chasida yashovchi 49 yoshli B.D. tomonidan olib ketilgani, u mashinani mast holatda boshqarib Qarshi shahar I.Karimov ko‘chasidagi beton to‘siqqa urilib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan B.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. B.D. protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.