Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida yuk mashinasi bilan to‘qnashgan Nexia mashinasida yong‘in yuzaga kelgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 2022 yil 5 yanvar kuni soat 13:52 larda Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 101 qisqa raqami orqali M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Do‘stlik tumani hududidan o‘tgan 942-kilometrida Nexia mashinasi yonayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng, darhol voqea joyiga Do‘stlik tumani FVBdan qutqaruvchilar bo‘linmasi yuborilgan. Bundan tashqari, yong‘in sodir bo‘lgan joyga Sirdaryo viloyati Sardoba tumani FVB 8-sonli yong‘in-qutqaruv qismidan ham 1 ta bo‘linma yetib kelgan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.
Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Toshkent-Termiz yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia o‘zi bilan bir yo‘nalishda ketayotgan yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda mashina beton to‘siqqa borib urilgan va yong‘in kelib chiqqan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Hozirda ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.