Jahon | 16:29 / 02.01.2022
43219
8 daqiqa o‘qiladi

Qurollanish poygasi: Rossiya va AQShda qancha yadroviy bomba bor?

Ikkinchi jahon urushini ittifoqdosh sifatida yakunlagan AQSh va SSSR qisqa vaqt ichida avval g‘oyaviy, keyin harbiy-iqtisodiy dushmanga aylanib qolishdi. Ayniqsa, AQShning Yaponiyaga qarshi atom bombasini qo‘llashi endi urushlar butunlay yangi qiyofa kasb etishini, millionlab askarlar erisholmagan yutuqni bitta qurolning o‘zi egallab olishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ikkinchi jahon urushi yakuni yana bir davr – qurollanish poygasi, bugunga qadar davom etayotgan sovuq urush davriga ulanib ketdi.

F-35A qiruvchi samolyoti. Foto: Zuma/TASS

Ko‘pchilikni bir savol qiziqtiradi – atom bombalar haqida gap ketarkan, bu borada AQSh kuchlimi yoki SSSRning huquqiy va harbiy vorisi hisoblangan Rossiyami? Ekspertlar bu savolga quyidagicha javob berishgan: «Tasavvur qiling, siz va dushmaningiz benzin to‘la idish ichidasiz. Sizda uchta gugurt bor, dushmaningizda esa beshta. Xo‘sh, bitta chaqin bilan hamma yonib ketishi mumkin bo‘lgan urushda gugurtlar sonining endi nima ahamiyati bor?»

Chindan ham ayni paytda dunyodagi atom qurollari soni shu darajadaki, butun yer yuzini kunpayakun qilib tashlash uchun yetarli. Ammo qudratli mamlakatlar bunday qurollarini muntazam ravishda takomillashtirishda, miqdorini oshirmagan holda quvvatini kuchaytirib borishda davom etmoqda.

Shuningdek, yadro qurolini cheklash bo‘yicha qator ikki tomonlama shartnomalar imzolanganiga qaramay yadro klubiga a’zo davlatlar bu shartnomalarni chetlab o‘tuvchi raketaga qarshi mudofaa tizimi, bu tizimni yorib o‘tuvchi tizim kabi yangi yo‘nalishlarda ish olib bormoqda.

Bugungi kunda qaysi davlatlarda yadro quroli bor?

  1. AQSh. Atom bombasining o‘ziga xos «vatani» (1945 yil). Bu yo‘nalishda ilk tadqiqotlarni olib borgan, dastlabki sinov portlashlarni o‘tkazgan va bevosita jangovar tarzda qo‘llagan (Nagasaki va Xirosima) yagona davlat;
  2. SSSR/Rossiya. 1949 yilda AQSh bilan qurollanish poygasiga kirishgan va davom ettirayotgan, o‘z hududida qator sinovlar o‘tkazgan;
  3. Buyuk Britaniya, 1952 yilda bunday qurolga ega bo‘lgan, o‘ziga tegishli orollarda sinov o‘tkazgan;
  4. Fransiya, 1960 yildan atom bombasiga ega, Jazoir hududida o‘z qurolini sinab ko‘rgan;
  5. Xitoy, 1964 yil, o‘z hududida qator sinovlar o‘tkazgan;
  6. Hindiston, 1974 yil, sinovlari bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q;          
  7. Pokiston, 1998 yil tasdiqlangan, sinovlar ham shu yili o‘tkazilgan;
  8. KXDR, 2006 yil, sinovlar o‘z hududida o‘tkazilgan va o‘tkazilmoqda;
  9. Isroil, taxminan 1979 yildan beri atom quroliga ega, lekin bu faktni yo rad etadi, yo izohsiz qoldiradi. Ammo atom qurolini ishlab chiqishda yahudiy olimlarning roli kattaligi va boshqa qator faktlar hisobga olinsa, Isroilda yadro quroli bor deyish mumkin.

Bundan tashqari, Belarus, Ukraina va Qozog‘iston kabi davlatlarda ham SSSR atom bombalari saqlangan. Bu davlatlar mazkur qurollardan Rossiya foydasiga voz kechishgan. JARda ham 1979-1989 yillarda atom bombasi bo‘lgan, ammo JAR tinchlik uchun atom bombasidan butunlay voz kechgan ilk davlatga aylangan.

Albatta, bunday qurolning bitta bo‘lishi ham ko‘p. Lekin 1963 yilda bu borada o‘tkazilgan tahlillar to‘rtta davlatda atom bombasi bo‘lgani holda keyingi 10 yil ichida bunday davlatlar soni 15-25 taga (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra 50 taga) yetishi taxmin qilingan. Ammo insoniyat chindan ham o‘zini qisman jilovlaganining isboti – bugungi kunda faqat 8 davlatda bu dahshatli qurol saqlanib turibdi.

"Yars" raketa kompleksi. © Valeriy Sharifulin/TASS

AQSh va Rossiyada qanday vaziyat?

Bu ikki derjavaning umumiy qurollari oldida qolgan barcha davlatlarning atom bombalari ahamiyatini yo‘qotadi. Qurollanish poygasi uchiga chiqqan 1960-1990 yillarda AQShda 30 mingdan ortiq jangovar kallaklar va ularni yetkazib beruvchi turli moslamalar (samolyotlar, ballistik raketalar, suv osti kemalari) bo‘lgan.

SSSR ham o‘z raqibidan nafaqat qolishmagan, balki yadro qurollarining umumiy soni bo‘yicha ancha ilgarilab ham ketgan. Ittifoq ixtiyorida bunday qurollar soni 40 mingdan ortgan va bu davlat ham jangovar kallakni yetkazib berishning barcha usullarini o‘zlashtirgandi.

Qurollanish poygasi mana shu darajaga chiqqanidan keyingina ikki davlat poygani bu tarzda davom ettirish mantiqsizligini anglab yetadi va muzokaralar stoliga qayta o‘tiradi. Gorbachev va Reygan tomonidan imzolangan yangi strategik shartnomaga ko‘ra har ikki davlat yadro bombalarini keskin qisqartirishni o‘z zimmasiga oladi. Taqdir hazili bilan qachondir atom bombalarini ishlab chiqargan ulkan zavodlar endi o‘sha bombalarni yo‘q qilish ustida ishlay boshlaydi.

Atom bombasini qisqartirish g‘oyasi faqat tinchlik va ezgu maqsadlar uchun tug‘ilgan, deyish ham xato bo‘ladi. Qurollanish poygasi davlatlar iqtisodini borgan sari ko‘proq orqaga torta boshlagandi. Ayniqsa SSSR qarzlarga ko‘milib borar, harbiy salohiyatni saqlab qolish kun sayin qimmatga tushayotgandi.

Bugungi kun

Barcha qisqartirish va shartnomalardan keyin ham bugungi kunda ikki davlat ixtiyoridagi umumiy qurollar insoniyatni batamom yo‘q qilib tashlash uchun yetarli. Son jihatdan kamaygan bo‘lsa-da, ayrim qurollar portlash quvvati jihatidan Nagasakida qo‘llangan bombaga nisbatan 600 marta kuchliroqdir.

2020 yil yakunlari bo‘yicha bu boradagi raqamlar yanada qiziq – bir yil davomida dunyodagi jangovar atom qurollari soni 105 taga oshib, 3825 taga yetgan. 2000 dan ortig‘i tezkor hujumga shay holatda va ularning deyarli barchasi Rossiya va AQSh ixtiyorida.

2021 yil holatiga ko‘ra, AQShda 3800 ta kallaklar va 800 ta yetkazib beruvchi moslamalar mavjudligi e’lon qilingan. Bundan 1800 tasini tezkor tayyorlash imkoniyati bo‘lsa, 2000 tasi siyosiy «syurprizlar» bo‘lishi mumkinligi uchun saqlab turilibdi va 2030 yilga qadar yo‘q qilinishi rejalashtirilgan.

Pentagon yadro quroli modernizatsiya qilish va ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha besh yillik rejani amalga oshirish doirasida AQSh Kongressidan 167 mlrd dollar ajratishni so‘ragan. AQSh 2025 yilgacha B61-12 modifikatsiyasidagi yangi yadro aviabombalaridan 480 dona ishlab chiqarishini ma’lum qilgan. Bu bombalarni yuqori balandlikda uchayotgan samolyotdan tashlash mumkin. Bomba tashlangandan keyin nishon tomon bir necha kilometr o‘zi mustaqil ravishda harakatlana oladi.

2020 yilda AQSh yadro qurollariga 37,4 mlrd dollar, butun dunyodagi mamlakatlar esa 72,6 mlrd dollar sarflagan. Xitoy – 10,1 mlrd dollar, Rossiya – 8 mlrd, Buyuk Britaniya – 6,2 mlrd va Fransiya – 5,7 mlrd mablag‘ni aynan mana shu qurollarni takomillashtirishga ishlatgani dunyo hali-beri atom vasvasasidan voz kecha olmasligini anglatadi.

Rossiya kam mablag‘ sarflasa-da, 1420 ta yadro zaryadini urushda qo‘llash imkoniyatini o‘zida saqlab turibdi. Bu davlatning 775 ta yetkazuvchisi shay holatda.

«Butun dunyoda 14 mingga yaqin yadro quroli mavjud. Insoniyat yadroviy halokatga hamon juda yaqin turibdi. Raqamlar ko‘rsatadiki, bu borada kim kuchliligi bo‘yicha tortishishda ma’no yo‘q. Bor e’tibor buni isbotlab bo‘lmasligiga qaratilishi lozim.

Insoniyat atom bombasini bir marta qo‘llash orqali dahshatini his qilib bo‘lgan. Bugungi kun nazari bilan qaralganda o‘yinchoqdek tuyuladigan ikki bomba Yaponiyadek qudratli davlat uchun unutilmas dardga aylangan. Shunga qaramay odamzod bu dahshatli quroldan butunlay voz kechish uchun o‘zida kuch topa olmayapti», degan BMT bosh kotibi Antonio Guterrish Xalqaro yadro qurolini to‘liq yo‘q qilish uchun kurashish kunida.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid