Ushbu holat bo‘yicha Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati axborot berdi.
“2021 yilning 17 dekabr kuni fuqaro R.X. (bloger Ruslan Xairnurov –tahr.) Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Xalq nazorati”, “Novosti Samarkanda” nomli guruhlar va “O‘zbekiston ovozi/Golos Uzbekistana” kanalida “Glavrach bo‘lish 80.000 AQSh dollari...” nomli sarlavha bilan post qo‘ygan. Unda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyazovni o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda ayblab, Samarqand viloyatida bosh shifokorlik lavozimiga ishga tayinlash uchun birovdan 80.000 AQSh dollar olganligi, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi va dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi haqida yolg‘on xabar tarqatgan.
Mazkur holat bo‘yicha R.X. tuhmat qilganlikda ayblanib, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a, g” bandlari (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda” deyiladi IIB xabarida.
Keyinroq, viloyat IIB matbuot xizmati rahbari Jahongir Sa’dullayev Facebook’da joylangan postga qoldirgan izohida Xairnurovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanganini ma’lum qilgan.
Shu yil 28 dekabr kuni viloyat SSB mazkur masalada matbuot anjumani o‘tkazgan, unda ishtirok etgan Davronbek Jumaniyozov «Tuhmatchilar tegishli jazosini oladi» degandi.