Mass-media fondi direktori o‘rinbosari, “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi rahbari Saida Mirziyoyeva loyiha orqali 2021 yilda erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, bir yil ichida loyiha doirasida respublika bo‘ylab minglab ko‘zi ojiz bolalar tekshiruvdan o‘tkazildi.
“Respublika bo‘yicha 3199 nafar bola tekshiruvdan o‘tdi, Toshkentda va viloyatlarda 400 ga yaqin operatsiya o‘tkazildi. Bolalarning ko‘rish o‘tkirligi 3-5 foizdan o‘rtacha 20-30 foizgacha ko‘tarildi”, – deydi Saida Mirziyoyeva.
Qashqadaryolik Shodiyona Qurbonovada tug‘ma nogironlik, katarakta (ko‘z gavharining xiralashishi) kasalligi bor edi. Loyiha doirasidagi jarrohlik amaliyoti davomida unga sun’iy gavhar qo‘yilib, shox parda ko‘chirib o‘tkazildi. Bu bo‘lib o‘tgan operatsiyalar ichida eng murakkabi edi.
“Dunyodagi hamma narsalarni ko‘rgim kelardi. Birinchi bo‘lib ota-onamni, oilamni ko‘rdim. Doktorlarni, hamma narsani ko‘ra boshladim. Endi yig‘lamayman”, – deydi Shodiyona.
Respublika chuqurlashtirilgan ko‘zmikroxirurgiyasi markazi direktori Azamat Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, “Ko‘ngil ko‘zi” xayriya loyihasi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun atalgan ko‘plab tadbirlar ichida aynan operatsiyalar o‘tkazilishi bilan eng kutilgani bo‘ldi.
“Ko‘zi ojiz bolalarni tekshirish, operatsiya qilish – mana shu proyektning noyobligidir. Ixtisoslashtirilgan tekshiruvlar markazida zamonaviy apparatura tekshiruvlari, texnologiyalarda bemorlarni tekshirib, ularning ko‘rish qobiliyatini yaxshilash uchun yana bizda imkon paydo bo‘ldi”, – deydi markaz direktori.
Jizzaxdagi ko‘zi ojiz bolalar maktab internati o‘qituvchisi O‘tkir Mamanov internatda o‘qiydigan bolajonlarning ko‘pchiligining ota-onasida operatsiya qildirishga imkoniyati yo‘qligini, loyiha bolalar uchun yaxshi bo‘lganini ta’kidlaydi.
“Bir haftalab bolalarni Toshkentga olib ketib yotoqxonalarga joylashtirib, tekshirishdi. Linzalarni Hindistondan yuborishdi, o‘zim guvohi bo‘ldim. Dorilarni ham berib yuboryapti. Loyiha bitta Jizzaxda emas, butun respublikada ko‘zi ojiz bolalarni operatsiya qilib, operatsiyadan keyingi jarayonlarni ham nazoratga olib turibdi”, – deydi o‘qituvchi.
“Hammasi yaxshi bo‘ladi, toki dunyoda mehr bor ekan. Mo‘jizalar olamidan ko‘plab manzillarga sovg‘alar karvoni yana yo‘l oldi”, – deydi Saida Mirziyoyeva loyihaning bir yillik hisoboti xulosasida.