Qashqadaryo viloyatida 2020 yil va 2021 yilning 1-yarim yili davomida 10 ta tibbiyot muassasasi 75 dona, jami 7 mlrd 817,6 mln so‘mlik tibbiy uskunalarni Qarshi shahridagi MChJdan juda qimmat narxlarda budjet mablag‘lari hisobiga sotib olgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tibbiy uskunalar xarid qilinishi qonuniyligi yuzasidan o‘rganish natijalarida ma’lum qilingan.
Agentlikning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan hamda bozor bahosini aniqlash bo‘yicha ekspertiza tayinlangan.
«X.Sulaymonova nomidagi Respublika ekspertiza markazining Qashqadaryo viloyati bo‘limi ekspertlarining dastlabki baholash ishlari yakunlariga ko‘ra, 65 dona, 43 turdagi tibbiy uskunalar tibbiyot muassasalari tomonidan 5 mlrd 421,4 mln so‘mga xarid qilingan bo‘lsa, ekspert xulosasiga ko‘ra, haqiqatda, 2 mlrd 808,1 mln so‘mlik qiymatga ega ekanligi, ya’ni 2 mlrd 613,3 mln so‘mga qimmat narxlarda sotib olinganligi aniqlandi», — deyiladi rasmiy ma’lumotda.
Ma’lum qilinishicha, tibbiy uskunalarni 2,6 milliard so‘m qimmatroqqa sotib olganlik holati yuzasidan 2021 yil 16 dekabr kuni ta’minotchi jamiyat va Qashqadaryodagi 9 ta tibbiyot muassasalari mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Agentlik juda qimmat narxlarda budjet tashkilotlariga tibbiy uskunalarni sotgan MChJ nomi aybsizlik prezumpsiyasi nuqtayi nazaridan hozircha ochiqlanmasligini bildirdi.