Bayden rekord miqdordagi AQSh harbiy budjetini tasdiqladi

Jahon 07:20 / 28.12.2021 25663

AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakatning 2022 yilgi moliyaviy yili uchun harbiy budjetini tasdiqlovchi qonunga imzo chekdi. Bu haqda Oq uy axborot xizmati xabar bergan.

Foto: Reuters

2022 yil 1 apreldan boshlanajak moliyaviy yil uchun AQSh harbiy budjeti 768 milliard dollar bo‘lishi belgilandi. Bu tarixdagi eng katta yillik harbiy budjet hisoblanadi. Unda AQShning kelasi yilda harbiy sohada sarflaydigan barcha xarajatlari hisobga olingan. Xususan, Pentagon va AQSh energetika vazirligi nazorat qiluvchi yadro dasturi ham.

Tasdiqlangan budjetga ko‘ra, AQSh kelasi yil Pentagon so‘raganidan ham ko‘proq harbiy samolyot va kemalar sotib olishi kutilmoqda. Budjet tasdiqlangani haqidagi hujjat prezident imzosigacha o‘zgartirilganini respublikachilar g‘alaba sifatida qabul qilishdi. Demokratlar Kongressning ikki palatasini ham nazorat qilishlariga qaramay, harbiy budjet taqsimoti haqidagi qonunga ko‘proq respublikachilar ovoz bergan.

Harbiy budjet xarajatlari 25 milliard dollarga oshirilishiga erishgan respublikachilar harbiylarni koronavirusga qarshi vaksina olmaganligi uchun ishdan ketkazishni cheklovchi bandni olqishlagan.

AQSh harbiy budjetida Ukrainaga harbiy ko‘mak uchun kutilganidek 250 million dollar emas, 300 million dollar ajratiladigan bo‘ldi. Yevropada xavfsizlik uchun (ya’ni, NATOning Yevropadagi bo‘linmalariga ajratiladigan mablag‘) 4 milliard dollar, Boltiqbo‘yi hududida xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik uchun alohida 150 million dollar ajratiladi.

Xitoy masalasiga harbiy budjetda ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Tinch okeani havzasida ehtimoliy operatsiyalar uchun 7,1 milliard dollar ajratilganidan tashqari, budjet loyihasida Tayvanni qo‘llab-quvvatlash, AQSh mudofaa vazirligi tomonidan Shinjondagi uyg‘urlar mehnatidan foydalanilgan mahsulotlarni sotib olmaslik kabi bandlar ham mavjud.

Har yili AQSh budjetining katta qismini band qiladigan Afg‘onistondagi missiya uchun bu gal tabiiyki pul ajratilmaydi. Ammo yil davomida 16 a’zodan iborat ishchi guruh Afg‘onistondagi urush oqibatlari va hozirgi ahvolni o‘rganishi ham harbiy budjet hisobidan moliyalashtiriladi.

Budjetdan bu yil gipertovushli qurol ishlab chiqarish, razvedka va harbiy texnika borasidagi islohotlarga ham katta pul ajratiladi. Rekord miqdordagi harbiy budjet maoshlarga ham ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Harbiylar maoshi keyingi yil apreldan 2,7 foizga oshiriladi. Ularga turar joy uchun beriladigan to‘lov miqdori esa 5,1 foizga ko‘paytiriladi.

Global Times'ning yozishicha, yillik harbiy budjet borasida AQShga boshqa davlatlar hatto yaqinlasha olmaydi. Amerikadan keyin rasman eng ko‘p Xitoy (209 milliard dollar) harbiy sohaga pul ajratadi.

Foto: Global Times

Keyingi o‘rinlarni Hindiston (73,6 milliard dollar), Germaniya (57,4 milliard dollar), Britaniya (56 milliard dollar) va Yaponiya (51,7 milliard dollar) band etgan. AQShdan keyingi eng katta harbiy budjetga ega bo‘lgan 10 ta davlatning (xususan, Rossiyaning ham) umumiy yillik harbiy budjeti ham AQShnikidan kam bo‘ladi (676,7 milliard dollar).

Ko‘proq yangiliklar: