Turli yillarda bir kunda yuz bergan to‘rt zilzila tarixi

Jahon 11:06 / 27.12.2021 21417

ERZINJON

Erzinjon — Turkiya sharqidagi shahar. Dengiz sathidan 1185 m balandlikda joylashgan bu shaharda bugungi kunda 110 mingdan ko‘proq aholi yashaydi.

Bugungi Erzinjon Foto: Vikipediya

Erzinjon seysmik faol hududda joylashgan bo‘lib, o‘z tarixida bir necha marta kuchli zilzilalarni boshdan kechirgan. So‘nggi 800 yil ichida bu yerda 25dan ortiq vayronkor zilzilalar sodir bo‘lgan.

1939 yilning 26 dekabrida yuz bergan dahshatli zilzila natijasida shahar butunlay vayron bo‘lgan. Qayd etilishicha, o‘sha kuni yer yetti marta silkingan. Eng kuchli silkinish kuchi 7,8 ballni tashkil etgani aytiladi. Bu Turkiyaning yangi tarixidagi eng kuchli, eng vayronkor zilzila hisoblanadi. Zilzilaning birinchi to‘lqinida 8 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan.

Qayta-qayta davom etgan silkinishlardan so‘ng qurbonlar soni oshib borgan. Ertasi kuni fojia 20 ming odam hayotiga zomin bo‘lgani ma’lum bo‘lgan.

Favqulodda vaziyatdan jabrlanganlarga yordam operatsiyasi boshlanadi. Zilzila qishda yuz bergani uchun tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarga yordam yetkazish, zilzila oqibatlarini bartaraf etish juda qiyin kechadi.

Yil oxirigacha yana bir necha zilzila kuzatiladi va ularning ayrimlari Qora dengizda 1–3 metrli sunamini yuzaga keltiradi. Tsunami Qora dengiz sohilida tiklab bo‘lmas vayronalarga sabab bo‘ladi. Qahratonda boshpanasiz qolgan ko‘plab odamlar ham sovuq havo, ham suv toshqinlari natijasida halok bo‘lishadi. 1940 yilning 5 yanvarida tabiiy ofat qurbonlari soni qariyb 33 mingga yetadi. Yana 100 mingdan ziyod odam zilzila tufayli turli darajada jarohatlanadi.

Manbalarda keltirilishicha, zilzila tufayli 116 720 ga yaqin binoga jiddiy zarar yetgan. Zilzila o‘chog‘idan g‘arbga 400 kilometrgacha cho‘zilgan yoriq paydo bo‘lgani aytiladi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu yoriqlarni bugungi kunda ham ko‘rish mumkin. Erzinjon shahri shu qadar vayron bo‘ladiki, natijada shaharliklar bu yerni butunlay tashlab ketishadi. Erzinjonning avvalgi o‘rnidan shimolroqda yangi shaharga asos solinadi.

Keyingi bir necha yil ichida Erzinjonda 7 va undan yuqori magnitudali yana uchta zilzila sodir bo‘lgan. 6,8 magnitudali oxirgi zilzila 1992 yilda sodir bo‘lgan va 650 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Shundan so‘ng Turkiyada seysmik inshootlarni qurish qoidalari qabul qilingan.

BAM

Bam – Eronning janubi-sharqida joylashgan Kirmon viloyatidagi shaharlardan biri. Dengiz sathidan qariyb 1100 m balandlikda joylashgan ushbu shaharda hozir 100 mingdan ziyod aholi yashaydi.

Bugungi Bam shahri Foto: Vikipediya

2003 yilning 26 dekabrida bu yerda magnitudasi 6,6 ball (ayrim manbalarda 6,7 ball) bo‘lgan halokatli zilzila qayd etilgan. Zilzila episentridagi silkinish kuchi 9 ballga yetgani aytiladi.

Zilziladan oldin Bamda 97 mingga yaqin odam yashagan. Bu Eronning eng mashhur sayyohlik joylaridan biri bo‘lib, eng mashhur diqqatga sazovor joylardan biri Buyuk ipak yo‘lida joylashgan qadimiy Bam qal’asidir.

2500 yillik tarixga ega deb baholanadigan ushbu qal’a Safaviylar sulolasi davrida (1501—1736) yirik savdo markazi bo‘lgan. 1722 yilda Afg‘oniston bosqinidan so‘ng u asta-sekin o‘z ahamiyatini yo‘qotadi va 1932 yilda tashlab ketilgunga qadar harbiy lager sifatida xizmat qilgan. 1953 yilda Bamning eski shahar hududi qayta tiklana boshlangach, shahar sayyohlik markaziga aylantiriladi.

Bam qal’asi paxsadan qurilgan dunyodagi eng katta inshootlardan biridir. Maydoni taxminan 180 ming kv.m, devorlarining balandligi 6-7 metrni, uzunligi esa taxminan 1815 metrni tashkil etadi.

Zilzila tufayli qadimiy qal’adagi inshootlarning 80 foizi vayron bo‘lgan. Eron hukumati qadimiy shaharni qayta tiklash dasturini amalga oshiradi. Rekonstruksiya ishlari uchun Yaponiya, Fransiya, Italiya davlatlari moliyaviy va texnik ko‘mak ko‘rsatishadi. Zilziladan so‘ng qal’a Butunjahon merosi ro‘yxatiga va xavf ostida bo‘lgan jahon merosi ro‘yxatiga kiritiladi, biroq u 2013 yilda ushbu ro‘yxatdan chiqarilgan.

2003 yilning 26 dekabri juma kuniga to‘g‘ri kelgan. Bu Eronda dam olish kuni hisoblanadi. Yer silkinishi mahalliy vaqt bilan soat 05:26 da sodir bo‘lgan. Bu vaqtda Bam shahri aholisi endigina uyg‘onayotgandi, shu bois tabiiy ofat qurbonlarining aksariyati uyquda vaqti o‘lim topgani aytiladi.

Paxsadan qurilgan uylarning devorlari dahshatli zilzilaga uzoq vaqt dosh berolmaydi va odamlar qandaydir soniyalar ichida tiriklayin ko‘miladi. Eron rasmiylarining aytishicha, kuniga 5500 kishi ommaviy qabrlarga dafn etilgan. Uch kundan keyin qurbonlarni dafn etish bilan shug‘ullangan Eron qurolli kuchlari vakili 20 ming kishi dafn qilinganini bildirgan. To‘rt kundan keyin vayronalar ostidan topilgan jasadlar soni 30 mingga yetadi. Shuningdek, tabiiy ofat natijasida 30 ming kishi jarohat olgan.

Turar joy binolari butunlay qulab tushgan, qadimiy shahar ulkan vayronalar makoniga aylanadi. Yer silkinishidan zararlangan uylarni qayta tiklash imkonsiz edi. Turar joy binolari seysmik faol zonalarda joylashgani va qurilayotgan vaqtda elementar xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani, uylar asosan paxsa va sifatsiz loy g‘ishtdan qurilgani, loy tarkibida ohak va devorlarda tosh miqdori yetarli bo‘lmagani sababli vayronalar ko‘lami yuqori bo‘lganini ta’kidlashadi.

Eron hukumati zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam so‘rab xalqaro hamjamiyatga murojaat qiladi. Fors davlati musibatli kunlarda yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi va 44 davlat yordamchi kuchlari Eronni yuboradi, 60 davlat yordam taklif qiladi. Berilgan moliyaviy va boshqa yordamlarning miqdori ochiqlanmagan. Faqatgina Eron hukumati vayron bo‘lgan eski shahar o‘rniga yangi shahar qurishga qaror qilgani, bu esa ushbu zilziladan omon qolganlarning noroziligiga sabab bo‘lgani ma’lum.

2004 yil yanvarida BMT Bamni qayta tiklash ishlari uchun 700 milliondan 1 milliard dollargacha mablag‘ talab etilishini taxmin qilgan. Tashkilot xalqaro hamjamiyatni qadimiy shaharni qayta qurish uchun mablag‘ ajratishga chaqiradi. Eron hukumati davlat televideniyesi orqali ushbu ta’mirlash uchun taxminan 410 million dollar ajratganini e’lon qiladi.

Qayta qurish paytida Eron uy-joy fondi boshpanasizlar uchun vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlaydi va shahardagi 19 mingga yaqin va qishloqlardagi 4000 ga yaqin xonadonlarni vayronalardan tozalash dasturini boshlaydi.

HIND OKeANIDAGI ZILZILA

Erondagi dahshatli yer qimirlashidan roppa-rosa bir yil o‘tib, yana shu sanada mahalliy vaqt bilan tonggi soat sakkizlarda Hind okeanida magnitudasi 9,1 – 9,3 ballgacha bo‘lgan suvosti zilzilasi qayd etiladi. U tarixdagi eng halokatli sunamini yuzaga keltirgan bo‘lib, insoniyat tarixidagi eng kuchli uchta zilziladan biri hisoblanadi.

Zilzila episentri Hind okeanida, Indoneziyaning Sumatra oroli shimoli-g‘arbiy sohilida joylashgan. Tsunami Indoneziya, Shri-Lanka, janubiy Hindiston, Tailand va boshqa mamlakatlar qirg‘oqlariga yetib borgan.

To‘lqin balandligi 15 metrdan oshgani, sunami katta vayronagarchilik va qurbonlarga sabab bo‘lgani aytiladi. Zilzila o‘chog‘idan 6900 kilometr uzoqlikda joylashgan Janubiy Afrikaning Port-Elizabet shahri ham yer qimirlashidan zarar ko‘rgan.

Hindistonning Kerala shtati, Shri-Lankaning g‘arbiy sohillari, Somali sunamidan qattiq zarar ko‘rgan. Vayronkor to‘lqinlar Indoneziyaning Sumatra oroli, Tailandga ham jiddiy ziyon yetkazadi. Zilzila sodir bo‘lgan joydan taxminan 8500 km uzoqlikda joylashgan Janubiy Afrikadagi shaharga balandligi 1,5 m bo‘lgan to‘lqinlar yopiriladi.

Zilzila, sunami va undan keyingi suv toshqini qurbonlari statistikasi aniq emas. Tasdiqlangan qurbonlar soni 184 ming kishini tashkil etadi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, 225 mingdan 300 minggacha odam halok bo‘lgan.

Jumladan, Indoneziyada 131 ming, Shri-Lankada 35 ming, Hindistonda 12 ming, Tailandda 5 ming kishi halok bo‘lgan. O‘n minglab odam bedarak yo‘qolgan, milliondan ortiq odam boshpanasiz qolgan. Suv ko‘p odamlarni okeanga oqizib ketgan, ularning jasadlari esa topilmagan.

Sumatra qirg‘oqlari yaqinida vayronaga aylangan qishloq

Shri-Lankaning janubi-g‘arbiy sohilida balandligi 7-9 metr bo‘lgan to‘lqinlar qirg‘oq yaqinida odamlar bilan gavjum bo‘lgan yo‘lovchi poyezdini vayron qilgan, natijada 1700 ga yaqin odam halok bo‘ldi – bu jahon tarixidagi eng yirik poyezd halokati hisoblanadi.

Ko‘p sonli mahalliy aholidan tashqari sunamidan zarar ko‘rgan hududlarda dam olayotgan 9 mingdan ortiq xorijiy sayyoh halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Omon qolganlar orasida oilasi bilan Tailandda dam olayotgan Finlandiyaning bo‘lajak prezidenti Sauli Niinistyo ham bor edi. Maldiv orollarida esa taniqli aktyor Jyet Li sunamidan qizini qutqarib qolgan.

Shri-Lanka, Indoneziya va Maldiv orollarida favqulodda vaziyat e’lon qilindi. BMT ushbu qutqaruv operatsiyasi tarixdagi eng qimmat operatsiya bo‘lishini e’lon qildi. Tashkilotning o‘sha paytdagi bosh kotibi Kofi Annan rekonstruksiya ishlari besh yildan o‘n yilgacha davom etishi, kasallik tufayli qurbonlar soni ikki baravar oshishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Tsunami to‘lqinlari Indoneziya qishloqlariga yopirilmoqda

Zilzila natijasida yuzaga kelgan tebranishlar bir hafta davomida qayd etilgan. Zilziladan keyingi dastlabki kunlarda ko‘plab zilzilalar sodir bo‘ldi. 29 dekabr kuni 68 ta yer silkinishi kuzatilgan bo‘lib, ulardan 13 tasi kamida 6 magnitudali. 7,1 magnitudali eng kuchli zilzila asosiy zilziladan taxminan uch soat o‘tgach Nikobar orollari yaqinida sodir bo‘lgan.

HeNGChUN  ZILZILASI

Hengchun shaharchasi – Tayvanning eng janubiy shahri. U Pingdong okrugining janubiy qismidagi yagona shahar posyolkasi. 2014 yilning dekabridagi ma’lumotga ko‘ra bu yerda 30 mingdan ko‘proq odam yashaydi.

Toza plyajlari va kuchli turizm sanoati bilan Hengchun ko‘pincha mahalliy aholiga qaraganda ko‘proq sayohatchilarni jalb qiladi. Bir paytlar shahar to‘liq devor bilan o‘rab olingan, biroq hozir devorning yarmiga yaqini va shaharning to‘rtta darvozasi saqlanib qolgan xolos.

Henchun qal’asining janubiy darvozasi

Hengchun zilzilasi 2006 yil 26 dekabr seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:25da sodir bo‘lgan. Episentr Henchun shahridan 23 kilometr uzoqlikda joylashgan edi. Zilzila magnitudasi 5,5–7 ballni tashkil etgan. 26 dekabr kuni to‘rtta, ertasi kuni ikkita, indiniga bitta silkinish qayd etilgan. Eng kamquvvatli zilzila 5,3 ball bo‘lgani qayd etilgan.

Tabiiy ofat natijasida Tayvan janubidagi uylar vayron bo‘lgan, yong‘inlar yuz bergan, yo‘lovchilar liftlarda qolib ketgan va kommunikatsiya kabellari uzilgan. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, ikki kishi halok bo‘lgan, 42 kishi yaralandi.

Zilzila butun Tayvan, jumladan, 450 km uzoqlikdagi poytaxt Taypeyda ham sezilgan. Xabar qilinishicha, 3000 ga yaqin uy elektr quvvatisiz qolgan, biroq u bir necha soat ichida qayta tiklangan. Ertasi kuni ertalabdan zilzila oqibatlarini bartaraf etish ishlari boshlangan.

Henchunning tarixiy markazida 15ta tarixiy bino, jumladan, 2-darajali fil o‘rindig‘i shikastlangan. Zilziladan yaqin atrofdagi ikkita AES, Tayvan energetika kompaniyasi zarar ko‘rgan.

Honkong, Makao, Xitoy va Filippinning turli hududlarida yashovchilar zilzilani his qilishgan, biroq tabiiy ofat katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘lmagan. Tayvanda zilziladan so‘ng sunami xavfi e’lon qilingan bo‘lsa-da, suv sathi bor-yo‘g‘i 25 santimetrga ko‘tarilgan va hech kimga zarar yetmagan.

Zilzila Osiyodagi internet xizmatlarini halokatli ravishda to‘xtatib, ko‘plab Osiyo mamlakatlariga ta’sir qilgan. Moliyaviy operatsiyalar, ayniqsa valuta bozoriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Vayronagarchilik natijasida ko‘plab suvosti aloqa kabellari shikastlangan.

Ko‘proq yangiliklar: