Peskov: «Bayden va Putin sayyoradagi eng tajribali siyosatchilar»

Jahon 12:53 / 27.12.2021 8202

Peskovning aytishicha, Rossiya prezidenti amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan yaxshi munosabatda: «Ularning muloqoti doim ishchi kayfiyatda va o‘zaro hurmatga asoslangan holda o‘tmoqda. G‘arb matbuotida har xil gaplar yozishlari mumkin, lekin ikki prezident bunday darajadagi muloqotlarda o‘zini qanday tutishni yaxshi biladi. Axir prezident Bayden va Putin sayyoradagi eng tajribali siyosatchilar. Sanksiyalar haqida gapiradigan bo‘lsak, Bayden ularni shunchaki olib tashlay olmaydi-ku», dedi Peskov.

Ko‘rsatuvda Peskov Rossiya prezidentining Xitoy xalq respublikasi raisi Si Tszinpin bilan munosabatlari haqida ham gapirib, Xitoy Rossiyaning nafaqat hamkori, balki ittifoqchisi ekanini ta’kidladi. Peskovga ko‘ra, Putin Xitoy raisi bilan oldinroq Bayden bilan o‘tkazgan muloqotini tahlil qilgan. «Bunday muloqotlarda uchinchi tomon bilan suhbat haqida shunchaki ma’lumot berilmaydi, yetakchilar bu borada o‘zining aniq xulosasini ham aytadi», deydi Peskov.

Putinning matbuot kotibi yaqinda bosh muharriri Dmitriy Muratov tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan muxolif kayfiyatdagi «Novaya gazeta» tahririyati nega Rossiya prezidentining yillik matbuot anjumaniga chaqirilmaganiga izoh berdi: «Bu shunchaki inson faktori bilan bog‘liq. Ularni chaqirish tashkilotchilarning esidan chiqqan», dedi Peskov.

Oldinroq «Novaya gazeta» omikron sabab kiritilgan cheklovlar oqibatida ishtirokchilar soni cheklangani uchun Putin ishtirokidagi yillik savol-javobga kiritilmagani aytilgandi. O‘quvchilar orasida esa Muratovning Nobel mukofoti olishdagi nutqi nashrning anjumandan chetda qolishiga sabab bo‘lganini taxmin qilganlar ham uchradi.

Kreml rasmiy vakili ko‘rsatuvda Rossiya tomonidan «Tsirkon» gipertovushli raketasi uchirila boshlagani G‘arb uchun jiddiy signal bo‘lishiga umid bildirdi. Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat armiyasining faollashuvi ortidan G‘arbda yuzaga kelgan keskinlikdan mamnun ekanini aytib, «Bu keskinlik imkon qadar uzoqroq davom etsin, toki bizning [Ukraina bilan] chegaramiz yaqinida xavfsizligimizga daxl qiladigan ish qilish haqida o‘ylab ham ko‘rishmasin», degandi.

Ko‘proq yangiliklar: