Koronavirusga qarshi vaksinalarning qanday ishlashi “Uyda yolg‘iz” filmi misolida ko‘rsatildi

Jahon 09:27 / 27.12.2021 7991

Rolikda film bosh qahramoni Kevin uyiga bostirib kirgan ikki o‘g‘ri “delta” va “omikron” deb, bolakay ularga yuqoridan uloqtiradigan bo‘yoq idishlari esa virusga qarshi vaksina deb belgilangan.    

“Bu mening tanam, men uni himoyalashim kerak!” deyiladi rolikda.

Kevin uloqtiradigan birinchi bo‘yoq idishi “delta” shtammni yiqitadi, biroq “omikron” chap berishga ulgurib qoladi. Ammo bolakay uloqtirgan ikkinchi idish, ya’ni “buster doza” uni ham bartaraf etadi. 

29 noyabrda AQShning allergik va yuqumli kasalliklar milliy instituti rahbari Entoni Fauchi vaksinaning qo‘shimcha “buster” dozasi omikron shtammidan himoyalashi mumkinligini aytgandi.

Avvalroq Bloomberg axborot agentligi dunyoning 184ta davlatida 8,95 mlrd doza vaksina qo‘llanganini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, dunyodagi har 100 odamga 116 doza vaksina qo‘llangan, biroq vaksinalarning davlatlar o‘rtasida teng taqsimlanmayotgani muammosi mavjud. Eng yuqori daromadlarga ega davlatlar emlashni eng past daromadli davlatlarga nisbatan 10 marta tezroq o‘tkazmoqda. 

“Dunyo bo‘yicha emlashning o‘rtacha sur’atlari kuniga 43,4 mln dozani tashkil qilmoqda. Agar bu sur’atlar saqlanib qolsa, sayyoraning 75 foiz aholisi juda bo‘lmasa bitta doza vaksina olishi uchun yana 5 oy vaqt talab etiladi”, deb ma’lum qilingan Bloomberg’da. 

Ko‘proq yangiliklar: