Katta imtiyozlar: Yerosti boyliklarini o‘zlashtirishdan kimlar manfaat ko‘radi?

Iqtisodiyot 13:01 / 27.12.2021 45292

Gap nimada?

O‘zbekistonda 2022 yildan Yer qa’ridan foydalanganlik uchun (oltindan tortib gazgacha) soliq stavkalari pasaymoqda. Lekin stavkalar NKMK, OKMK va “O‘zbekneftgaz” uchun o‘zgarmasdan qoladi.

Yerosti boyliklarini o‘zlashtiruvchilarga Yer qa’ridan foydalanganlik uchun pasaytirilayotgan soliq stavkalari quyidagicha:

  • neft va tabiiy gaz bo‘yicha 10 foizgacha (amalda neft 20 foiz, tabiiy gaz 30 foiz);
  • oltin va mis uchun 7 foizgacha (amalda oltin 10 foiz, mis 10 foiz);
  • volfram konsentrati uchun 2,7 foizgacha (amalda 10,4 foiz);
  • uran uchun 8 foizgacha (amalda 10 foiz) kamaytirilishi kutilyapti.

Xususiy kompaniyalarga yerosti boyliklarini qazib olish uchun nihoyatda hayratlanarli imtiyozlar berilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Bu imtiyozlar yerosti boyliklari oligarxlar qo‘liga oson o‘tishiga sabab bo‘lishi ehtimoli haqidagi xabar jamoatchilikda xavotirlar uyg‘onishiga sabab bo‘ldi.

Moliya vaziri Timur Ishmetov nima sababdan bu imtiyozlar NKMK, OKMK va “O‘zbekneftgaz”ga berilmayotganini budjet barqarorligini ta’minlash maqsadi bilan izohladi.

Shuningdek, vazir xususiy kompaniyalarga katta imtiyozlar berilishini “Soliq stavkalarini pasaytirish orqali investitsiyalarni jalb qilish va foydali qazilmalar miqdori kam bo‘lgan konlarni o‘zlashtirish nazarda tutilgani” bilan izohlagandi.

Ikki tomonlama imtiyoz kimlarga foyda?

Kun.uz’ga hukumatga yaqin manba shaxsini oshkor qilmaslik sharti bilan xususiy kompaniyalarga nafaqat soliq imtiyozlari berilayotgani, balki budjetdan subsidiyalar ajratilayotgani haqida gapirib berdi.

“Foydali qazilmalar miqdori kam bo‘lgan konlarni o‘zlashtirishda rostdan ham afzallik berilishi kerak. Lekin birinchidan, aynan oligarxlarga va xorijiy investorlarga past debetli konlar berilmayapti, debeti eng yuqori konlar ularga taqsimlanmoqda.

Ikkinchidan, aynan past debetli konlarni qidirib topish va o‘zlashtirish uchun har yili subsidiya ajratilyapti, 2022 yilda ham 1 trln so‘m subsidiya taqsimlanadi – aynan o‘sha go‘yoki past debetli konlarni o‘zlashtirayotgan xorijiy va oligarx investorlarga.

Boshqacha aytganda, investitsiyalarni jalb qilish va foydali qazilmalar miqdori kam bo‘lgan konlarni o‘zlashtirish bahonasida oligarxiya ikki tomonlama manfaatga ega chiqmoqda. Ham soliq imtiyozlariga, ham subsidiyalarga”, deydi manba.

Haqiqatan 2022 yilgi budjetnomada geologiya qidiruv ishlari uchun budjetdan 1 trln so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan. Lekin ochiq manbalarda past va yuqori debetli konlar kimlarga berilgani haqida ma’lumot yo‘q. Bu esa past debetli konlarni o‘zlashtirish uchun 1 trln so‘m subsidiya kimlarga berilishi haqidagi savolni ham tug‘diradi.

Subsidiyalar kimlarga va qanday taqsimlanadi?

Kun.uz 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda aks etgan geologiya qidiruv ishlari uchun ajratilayotgan subsidiyalar kimlarga va nima maqsadda taqsimlanishi borasida Geologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Azimjon Xoliqovdan izoh oldi.

U subsidiyalar avvalo ichki ehtiyojlarni xomashyo bilan ta’minlashga qaratilishini bildirdi.

“Geologiya qidiruv ishlari uchun budjetdan 1 trln so‘m subsidiya ajratilmoqda, shundan 53 milliardi geologiya qidiruv ishlari asbob-uskunalarini sotib olish uchun ishlatiladi. Geologiya qidiruv ishlari asosan oltin, kumush, uran, rux, qo‘rg‘oshin, uglevodorodlar, boshqa noma’dan foydali qazilmalar qazib olish hisoblanadi. O‘tgan yildagi zaxira miqdorlari 2022 yilda ko‘proq bo‘ladi, shuning uchun geologiya qidiruv ishlariga 5 foiz ko‘proq pul sarflanyapti.

Subsidiyalarning asosiy miqdori ichki ehtiyojlarni xomashyo bilan Navoiy kon metallurgiya zavodi Navoiyuran, OKMK, “O‘zbekneftgaz” jamiyatini xomashyo bilan ta’minlashga qaratiladi. Ichki ehtiyojlarni qondirish uchun. Keyingi navbatda yangi obektlar, o‘zlashtirilmagan, infrastrukturadan uzoq bo‘lgan obektlar o‘zlashtirish uchun investorlarga beriladi”, dedi u.

Shuningdek, Geologiya qo‘mitasi mas’uli past debetli konlar kimlarga berilishi va buning uchun subsidiyaning qancha qismi sarflanishiga ham to‘xtaldi.

“Geologiya qidiruv ishlarini olib borganda katta risk bo‘ladi, riskning ma’lum bir miqdori past debetli konlar uchun sarflanadi. Chunki hamma konlar ham yirik kon emas va iqtisodiy jihatdan maqbul hududlarda joylashmagan.

Ko‘p hollarda geologiya qidiruv ishlari o‘zini oqlamaydigan konlar yo‘q, lekin miqdor jihatdan kamroq xomashyo olinadi. Mana shu obektlar past debetli konlar bo‘ladi va ko‘proq chet el investorlariga berilgan. Bu konlar respublika infrastrukturasidan tashqaridagi obektlar hisoblanadi. Ya’ni bular NKMK, OKMKning ehtiyojidan tashqaridagi obektlar investorlarga taqdim etiladi.

Uzoq yillar davomida o‘zlashtirilmagan konlar texnologiya yo‘qligi, rentabellik darajasi yetarli emasligi va infrastrukturadan yiroqligi uchun maqbul shart-sharoitlar asosida chet el investorlariga berilmoqda”, dedi u.

Past debetli konlarni o‘zlashtirishga qancha pul sarflanadi?

Geologiya qidiruv ishlariga ajratilayotgan 1 trillion so‘mlik subsidiyaning qancha qismi past debetli konlarni o‘zlashtirishga sarflanishi haqida aniq ma’lumot bermadi.

“Qancha pul ajratilyapti? Bu savolga to‘liq javob bera olmayman. Katta qismi emas, 10-20 foizi past debetli konlar uchun ajratilishi mumkin”, dedi u.

Bu hali hammasi emas: imtiyozlar shu bilan tugamaydi

19 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Telegram-kanalida Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilingani to‘g‘risida yozdi.

Uning maqolasida Yer qa’ridan foydalanganlik uchun imtiyozlar yanada kengayayotganiga e’tibor qaratilgan.

“Shuningdek, budjetnoma hamda davlatimiz rahbarining PF-6319-sonli farmonida Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari faqatgina 6ta modda (neft, tabiiy gaz, oltin, mis, volfram va uran) uchun kamaytirilishi belgilangandi. Biroq garchi foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash nisbatan serdaromad va kam sonli o‘yinchilar ishtirok etadigan bozor bo‘lsa-da, belgilangan 6ta moddadan tashqari yana bir nechta foydali qazilmalar uchun ham soliq stavkalari sezilarli miqdorda pasaytirilmoqda”, deb yozdi deputat.

Doniyor G‘aniyev muhokamalarda boshqa turdagi foydali qazilmalar uchun soliq stavkasini pasaytirish yuzasidan aniq hisob-kitob yoki asoslantirish taqdim etilmaganini ta’kidlagan.

Kun.uz manbasining so‘zlariga ko‘ra, boshqa qazilma boyliklari uchun soliq stavkalari alohida guruhlanmoqda va soddalashtirilmoqda. Misol uchun, energiya manbalari (neft, tabiiy gaz va gaz kondensati) uchun soliq stavkalari 10 foiz, qimmatbaho metallar (oltin, kumush, palladiy, platina, osmiy va boshqa qimmatbaho metallar) 7 foiz, rangli metallar 7 foiz, radioaktiv metallar 8 foiz (volfram 2,7 foiz, nodir tosh xomashyosi 10 foiz, qora metallar 4 foiz (temir esa 5 foiz), kon-kimyo xomashyolari 3,5 foiz (yod 4,8, mineral pigmentlar 5,5 foiz) etib belgilanmoqda.

Imtiyozlardan kimlar ko‘proq manfaat ko‘radi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda bu sohada faoliyat yuritadigan xorijiy kompaniyalar asosan quyidagilar:

  • Lukoyl;
  • “Gazprom Zarubejneftgaz”;
  • Epsilon Development Company;
  • “Sanoat energetika guruhi”.

30 oktyabr kuni “O‘zbekneftgaz” Jizzakh Petroleum kompaniyasi ta’sischilari tarkibidan butunlay chiqdi va korxona o‘z nomini “Sanoat energetika guruhi” MChJ xorijiy korxonasi deb qayta nomladi.

Ma’lum bo‘lishicha, tashkilotning bu bo‘yicha qarori 2021 yil may oyida qabul qilingan. Lekin bu qaror endi ochiqlangan. Bungacha qo‘shma korxonaning 49 foizi “O‘zbekneftgaz”ga tegishli bo‘lgan.

Aytilishicha, Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasi 2017 yil iyun oyida “O‘zbekneftgaz” va Gazprom International’ning shu’ba korxonasi — Gas Project Development Central Asia tomonidan tashkil etilgan. Dastlab korxonada O‘zbekiston tomoni 60 foiz, Rossiya tomoni 40 foiz ulushga ega bo‘lgan. 2019 yilda Rossiya O‘zbekistonning Jizzakh Petroleum’dagi ulushini kamaytirish niyati borligi ma’lum qilingan.

“O‘zbekneftgaz” Jizzakh Petroleum’ning aksionerlar guruhidan chiqishini Kun.uz’ga “shartlar to‘g‘ri kelmagani” bilan izohladi.

Qizig‘i, Jizzakh Petroleum “O‘zbekneftgaz” tarkibidan chiqishi yerosti boyliklarini qazib olish uchun soliq stavkalarini pasaytirish to‘g‘risidagi farmon qabul qilinganidan (07.10.2021) 23 kundan keyin sodir bo‘ldi.

Shuningdek, 2017 yilda paydo bo‘lgan kompaniya O‘zbekistondagi neft qazib olish konlarining qariyb 80 foiziga egalik qilishi haqida ma’lumotlar bor. Ilgari bu konlar kimga tegishli bo‘lgani haqida savol tug‘ilmoqda.

Energetika vazirligi matbuot xizmati bu boradagi savolimizga xususiy kompaniya, uning vazirlik faoliyatiga aloqasi yo‘qligini bildirdi. “Ular biz bilan shartnoma asosida ishlaydi, lekin kompaniya har bir aytgan gapi uchun o‘zi javob beradi”, dedi vazirlik mas’uli.

Afsuski, mamlakatning yerosti boyliklarini, xususan, neft va gazini qaysi kompaniyalar chetga eksport qilishi, kompaniyalar tarkibidagi konlar, zaxiralarining hajmlari to‘g‘risida ham Energetika  vazirligi  matbuot xizmati quyidagicha javob berdi: “Tabiiy gaz va neft qazib oluvchi kompaniyalar 13ta. Qolgan ma’lumotlar “maxfiy” hisoblanadi. Chunki kompaniyalar faoliyati haqida aytib berolmaymiz va bu bizning vakolatimizga kirmaydi. Buni shu kompaniyalarning o‘zidan so‘rash kerak”.

Har bir xususiy kompaniya qancha konga egalik qilishi, zaxiralari, qancha mahsulotni chetga sotishi qanday qilib yopiq ma’lumot bo‘lishi mumkin? Gap kimningdir shaxsiy mulki emas, xalqning haqqi bo‘lgan tabiiy boyliklar haqida ketmoqda. Vazirlik rasmiy veb-saytida yozib qo‘yilgan “Energetika sohasida davlat tomonidan tartibga solish hamda xo‘jalik faoliyati funksiyalarini aniq chegaralash” funksiyasini kim bajarmoqda?

Imtiyozlarga qaytamiz. Savol tug‘iladi: xususiy kompaniyalarga berilayotgan imtiyozlar nima sababdan jiddiy e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan mavzu? Negaki soliq imtiyozlari berilmayotgan “O‘zbekneftgaz” va u aksiyadori bo‘lgan qo‘shma korxonalar qazib oladigan neft va gaz chetga eksport qilinmaydi, to‘lig‘icha O‘zbekiston xalqiga yetkazib beriladi.

Bu yuqorida nomlari tilgan olingan xorijiy xususiy kompaniyalar “investitsiya” niqobi ostida misli ko‘rilmagan soliq imtiyozlari bilan mamlakat boyliklariga ega chiqishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni tug‘diradi.

Chunki berilgan soliq imtiyozlari natijasida bir birlik konni o‘zlashtirish NKMK va OKMKga xususiy kompaniyalarga qaraganda qimmatga tushishi mumkin. Buning oqibatida davlat kompaniyasi o‘yindan chiqadi va yerosti boyliklarini o‘zlashtirish bozori yanada kam, bu ham yetmagandek xorijiy kompaniyalarga to‘liq o‘tib ketishi mumkin.

Madina Ochilova

Ko‘proq yangiliklar: