Toliblar Turkiya va Qatar bilan Kobul aeroportini boshqarish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqidagi xabarni rad etdi

Jahon 08:46 / 26.12.2021 5507

«Tolibon» harakati Turkiya va Qatar vakillari bilan Kobul aeroporti hamda yana to‘rtta aeroportdan foydalanish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Bu haqda Afg‘oniston transport va fuqaro aviatsiyasi vazirligi matbuot kotibi Imomiddin Ahmadiy ma’lum qildi.

U bu orqali aeroportlarni boshqarish bo‘yicha toliblar bilan kelishuvga erishilgani to‘g‘risida ilgari tarqalgan xabarlarni rad etdi.  

«Payshanba kuni Turkiya-Qatar texnik guruhi Kobulga keldi va Afg‘oniston islom amirligi texnik mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Maslahatlashuvlar davom etadi va yaqin vaqt ichida mamlakatimiz milliy manfaatlarini hisobga olgan holda kelishuvga erishiladi», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Tolo News telekanali.

24 dekabr kuni Turkiya nashrlari Turkiya va Qatar Afg‘onistondagi beshta aeroportni boshqarish bo‘yicha toliblar bilan kelishuvga erishgani to‘g‘risida xabar bergandi

Kobul aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi va terminallari 26 avgustda sodir etilgan terakt oqibatida qattiq zarar ko‘rgandi. Avgust oxiridan buyon Qatar va Turkiya mutaxassislari aeroport faoliyatini yuritishda yordam bermoqda.

Ayni paytda Afg‘onistonda 24 aeroport faoliyat ko‘rsatadi. Kobul, Balx, Hirot, Qandahor va Host viloyatlaridagi aeroportlardan xalqaro parvozlar uchun ham foydalaniladi, qolganlarida esa ichki aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: