Vodiydan yoki poytaxtdan vohaga qarab yo‘l olganda Sirdaryodagi katta yo‘l yoqasida qovunqoqi ko‘tarib turgan bolalarga ko‘zingiz tushadi. Ko‘pchilik sovuqda turib sotishayotganiga qaraganda qovunqoqi qimmat bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi, lekin unday emas. Jahon bozorida kilosi 22 dollargacha sotiladigan qovunqoqi bizda arzon. Birinchi qo‘ldan kilosini 10-12 ming so‘mdan olishingiz mumkin.
Bu mahsulot ancha yillardan buyon tayyorlanadi. Biz bilan suhbatda bo‘lgan katta yoshlilar esini taniganidan buyon qoqi sotishini aytganiga qaraganda, bu milliy brendning yaxshigina tarixi bor. Bir necha yillardan buyon esa qovunqoqini qadoqlab sotish, eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa Mirzacho‘ldagi qishloqlarda yashovchilar bu mahsulotni tayyorlashning hadisini olgan.
Avgust oyidan boshlab qovunlarni quritib, qoqi qilish jarayoni boshlanadi. Bizda bu mehnatkashlarning faoliyatlari bilan tanishish fikri sovuq tushganda keldi-da, keyingi yil yozda reportaj qilarmiz, deb birrov surishtirdik. Sirdaryodagi qishloqlardan birida qovunqoqilarning oxirgi «partiyasi» quritilayotganidan xabar topgach, borishga qaror qildik.
Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi Oqchangal qishlog‘iga borib ko‘rdikki, qovun u yerlarda ko‘pchilikning qozon qaynatish manbasi ekan. O‘z yerlarida qovun tugul biror giyoh ham o‘sishi qiyin bo‘lgani uchun cho‘lliklar hosildor yerlarga oilasi bilan chiqib, dehqonchilik qiladi, qovun ekadi. Yozda qovun sotish bilan shug‘ullanishsa, kuzda kechki qovunlar sotib bo‘lingach, biroz uringan qovunlarni qoqi qilib sotishadi.
«Qurigan qovunning hammasi bir xil, ularning faqat suvi farq qiladi», deydi dehqonlardan biri nega yaxshi qovunlar quritilmasligini izohlar ekan. Uning aytishicha, yaxshi qovunni butunligicha sotsa, yaxshiroq foyda qoladi. Shu sabab biroz uringanlari quritiladi. Bu uchun maxsus maydonlar, quritish dorlari tayyorlab qo‘yilgan. Butun oila, yosh bolalar ham shu ish bilan band, qozon shundan qaynaydi axir.
Hovlidagi sigirlar ham qovundan bebahra qolmaydi. Qoqi uchun kashlangan qovunlarning po‘chog‘i ularga tegadi. Chorva qilganlar biladi, qovun va uning po‘chog‘i uncha-muncha yemdan yaxshiroq.
Qovun kashlanib osib qo‘yilgach, yozda 3-4 kunda quriydi. Kuzda esa bir haftacha kutishadi. Yig‘ishtirib olingach, qoqining bir kilosi 10-12 ming so‘mdan sotiladi. «Qimmatroq sota olsak qaniydi», deydi mehnatkash uy bekalaridan biri navbatdagi qovunni kashlar ekan. Shu qishloqning o‘ziga qoqilarni olib ketadigan odamlar bor ekan. Ular sotib olingan qoqilarni tozalab, orasiga mayiz yoki yong‘oq qo‘yib o‘rashadi, bejirim shaklga keltirib, etiketkali sellofanga o‘rashadi. Bir so‘z bilan aytganda, mahsulot eksportga tayyor holatga keladi. Qadoqlovchilar buncha qoqini qayta ishlashga o‘zi ulgurmagani uchun qishloq ayollarini ishga yollashadi.
Keyingi bosqichda esa quruq meva sotishni qoyillatadigan urgutlik tadbirkorlar ishga kirishadi. Ular juda ko‘p quruq mevalar qatori qovun qoqini ham eksport qilishadi. Etiketka ustida ruscha yozilganiga qaraganda, qoqi asosan Rossiyaga eksport qilinadi. Mayiz va yong‘oq o‘ralgan qoqilar ichki bozorda ham kilosi 44 minggacha sotilarkan.
Jahon bozorida esa bu mahsulotning qadri baland. Xuddi xovosliklar tayyorlayotgan sochga o‘xshatib o‘rilgan qoqining 1 donasi Alibaba internet do‘konining saytida 1,1 dollardan sotilmoqda. Britaniyada esa narx yanada baland. Onlayn do‘konlarning birida qovunqoqining hech qanday qayta ishlanmagan, Xovosda 10 ming so‘mdan sotilayotganining 1 kilosi 17 funt (22 dollar) turibdi.
Bu narxlarni ko‘rib beixtiyor O‘zbekistondagi mehnatkashlar ham o‘z mahsulotini qimmatroq sota olishiga umid qildik. Balki bizda ham milliy brendga aylangan qovunqoqi xalqaro ko‘rgazmalarga olib chiqilsa, jahon bozorida yaxshiroq targ‘ib qilinsa, sifatli qadoqlash yo‘lga qo‘yilsa, bu ish bilan shug‘ullanadiganlar ko‘proq foyda olgan bo‘larmidi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi – Shuhrat Yunusov,
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.