Erdo‘g‘an Turkiyani “XXI asrning porlayotgan yulduzi” deb atadi

Jahon 12:16 / 26.12.2021 6596

Erdo‘g‘anning aytishicha, puxta o‘ylangan siyosat evaziga Turkiya pandemiyaning birinchi yili natijalariga ko‘ra iqtisodiy o‘sishi ijobiy ko‘rsatkichni qayd qilgan dunyodagi ikki davlatdan biri bo‘ldi. 

“2020 yilda jahon iqtisodiyoti 3,4 foizga qisqardi, Turkiyaniki esa, aksincha, 1,8 foizga o‘sdi. 2021 yilning 1-choragida o‘sish davom etib, 7,2 foizga, 2-chorakda 21,7 foizga, 3-chorakda esa 7,8 foizga yetdi. Yilning oxirgi 3 oyi ham yuqori darajadagi rivojlanish bilan esda qolishiga shubha yo‘q”, deb aytgan G‘aziantepda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi a’zolari bilan uchrashuv vaqtida Erdo‘g‘an.

Shu munosabat bilan Erdo‘g‘an Turkiyani “XXI asrning porlayotgan yulduzi” deb atagan va mamlakat eksportining yillik hajmi rekord 221 mlrd dollarga yetganini qo‘shimcha qilgan.

“Iqtisodiyot rivojlanmoqda, turistik sohada pandemiyadan ko‘rilgan ziyonni yengib o‘tishga muvaffaq bo‘lindi. 2022 yil ham turistik soha uchun yanada muvaffaqiyatli bo‘lishiga shubha yo‘q”, deb aytgan Turkiya yetakchisi.

U ba’zi doiralar Turkiyaning faol rivojlanayotganidan norozi ekanini aytgan va turk lirasining keskin qadrsizlanishini bunga misol qilib keltirgan.

Erdo‘g‘anning aytishicha, Turkiyaning rivojlanishini “ko‘ra olmaydigan” bunday siyosatchilar va jurnalistlar mamlakatda sarosima ko‘tarib, milliy valutaning maksimal qadrsizlanishiga erishmoqchi bo‘lgan.

“Mamlakat valuta bozorida misli ko‘rilmagan nayranglarga to‘qnash keldi, biroq hukumat bu muammoni bir soatda hal qila oldi”, deb ta’kidlab o‘tgan Turkiya yetakchisi.

Ko‘proq yangiliklar: