2021 yilning eng yaxshi smartfonlari, ekrandagi taom ta’mini uzatuvchi televizor, yangi iPhone SE - hafta texnologik dayjesti

Fan-texnika 20:22 / 25.12.2021 103898

2021 yilning eng yaxshi smartfonlari

Android Authority portali tahririyati 2021 yilning eng yaxshi smartfonlari ro‘yxatini tuzdi.

Portal talqiniga ko‘ra, Google Pixel 6 modeli joriy yildagi eng yaxshi smartfon deb topilgan.

2-o‘rinni Samsung Galaxy S21 Ultra egalladi. Reyting mualliflarining fikricha, ushbu model Samsung taklif qilishi mumkin bo‘lgan “eng yaxshi jihatlar bilan ta’minlangan”.

3-o‘rinni Pixel 6 Pro va Galaxy Z Fold3 smartfonlari egallagan. Ikkala qurilma ham teleobektivlar bilan jihozlangan.

Keyingi o‘rinlarni Apple’ning ikkita modeli – iPhone 13 va 13 Pro Max egalladi. Reyting mualliflari Apple smartfonlari bunday “past” baholanganini ular o‘tgan yilgi modellardan uncha farq qilmasligi bilan tushuntirishgan. 

Ekrandagi taom ta’mini uzatuvchi televizor

Foto: Kim Kyung-Hoon/Reuters

Yaponiyaning Meydzi universiteti professori Gomey Miyasita ekranida namoyish qilinuvchi taomning ta’mini uzata oluvchi televizor prototipini ishlab chiqdi

Miyasita buning uchun Taste the TV (Televizorni tatib ko‘r) deb nomlangan qurilma yaratgan. U turli aromatizatorlardan iborat 10ta tyubikni o‘z ichiga olgan. Ushbu “ta’mlar” aralashtirilib, televizorda ko‘rsatiluvchi taom ta’mini hosil qiladi. So‘ngra olingan ta’m suyuqlik ko‘rinishida televizor ekrani ustidagi gigiyenik plyonkaga surtiladi. Taom ta’mini his qilish uchun esa plyonkani yalash kerak bo‘ladi.      

“Bundan maqsad odamlarga uyda qolgan holda o‘zlarini go‘yoki dunyoning narigi burchagidagi restoranga tashrif buyurgandek hisni berishdan iborat”, deb aytgan loyiha muallifi. 

Apple’dan yangi iPhone

Foto: Apple

Apple kompaniyasi yaqin vaqt ichida uchinchi avlod iPhone SE smartfonlarini ishlab chiqarishni boshlaydi, deb xabar berdi ITHome.

Nashr manbalarining ma’lumot berishicha, uchinchi avlod iPhone SE 4,7 dyuymli IPS-displey va Touch ID tugmasiga ega bo‘ladi.

Qurilmaning tezkor xotirasi 3 gigabaytni tashkil etadi. Smartfon 12 megapikselli kamera bilan jihozlanadi.

Qayd etilishicha, yangi iPhone SE smartfonining asosiy xususiyati – 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashida. Tahlilchilar uning narxi o‘zgarmasligini aytishmoqda. Smartfonning avvalgi versiyasi narxi 400 dollardan boshlanadi.

Hindistondan “yer-yer” sinfidagi raketa

Hindiston bir sutka ichida ikki bor “yer-yer” sinfidagi Pralay raketasi sinovini o‘tkazdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib ANI agentligi xabar bermoqda.

“Hindiston 150-500 kilometr masofadagi nishonni yo‘q qiluvchi Pralay raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu sutka davomidagi ikkinchi muvaffaqiyatli sinovdir”, — degan agentlik manbalari.

Qayd etilishicha, raketa sinov davomidagi barcha vazifalarni bajargan.

Xiaomi’dan navbatdagi smartfon

Foto: OnLeaks x Zoutons

Xiaomi kompaniyasi yangi flagman smartfoni Xiaomi 12’ni namoyish qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi smartfon Gorilla Glass Victus oynasi bilan himoyalangan 6,28 dyuymli yuqori aniqlikdagi displeyga ega. Undagi ranglar chuqurligi 10 bitni tashkil qiladi.

Smartfon Snapdragon 8 Gen 1 protsessori va tezkor quvvatlanish uchun litiy-kobalt oksididan ishlangan akkumulyator bilan jihozlangan. 

Gadjetning taqdimoti 28 dekabrga belgilangan. U 2022 yilning 1-choragida sotuvga chiqariladi.

TikTok ommaboplik bo‘yicha Google’ni ortda qoldirdi

Foto: Jakub Porzycki/NurPhoto via Getty Images

TikTok qisqa videoroliklar platformasi eng ommabop domenlar reytingida yetakchi bo‘ldi, deb yozadi Cloudflare.

Mazkur platforma ommaboplik borasida Google’ni ikkinchi o‘ringa tushirib yubordi.

Ommabop domenlar orasida uchinchi o‘rin Facebook’ka nasib etdi. 

Qayd etilishicha, o‘tgan yili TikTok ommaboplik bo‘yicha 7-o‘rinni egallagandi.

Reytingda top-10talik quyidagicha joylashgan:

1. TikTok.com

2. Google.com

3. Facebook.com

4. Microsoft.com

5. Apple.com

6. Amazon.com

7. Netflix.com

8. YouTube.com

9. Twitter.com

10. WhatsApp.com

Ko‘proq yangiliklar: