“Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va tuman hokimligi mas’ullari, tuman mutasaddi korxona va tashkilotlar vakillari, ishchi-xodimlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari Xorazm viloyatida ham yangilanishlar, o‘zgarishlarga asos yaratib bermoqda. Hududda ko‘plab yirik ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Tuman elektr ta’minoti korxonasining yangi binosi foydalanishga topshirilishi ham tizimda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganidan dalolat bermoqda. Yangi majmuada yaratilgan sharoit, mavjud texnik va texnologik uskunalar imkoniyati, qolaversa, muhandis-texnik va ishchi-xodimlar, korxona mutaxassislarini o‘qitish, operativ-dispetcherlik xizmati tomonidan amalga oshiriladigan energiya ta’minotining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi kabi xonalar ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, binoda iste’molchilarni qabul qilish xonasi, kassa xizmatlari va boshqa xizmat turlari mavjud.
Bunday o‘zgarishlar va yangilanishlarning asosiy maqsadi, albatta, elektr energiyasi iste’molchilariga qulaylik yaratish bilan bir qatorda, ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratishdir.
Tadbir yakunida, bir guruh soha faxriylari so‘z olib, jamiyat mutasaddilariga ish tajribalaridan kelib chiqib o‘z maslahatlarini berishdi va kelgusi ishlariga omad tilashdi.
Ma’lumot uchun: “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan joriy yilda Gurlan, Yangibozor, Yangiariq tuman elektr ta’minoti korxonalari binolari yangidan ta’mirlanib, zamonaviy jihozlangan holda foydalanishga topshirildi.
Birgina Yangiariq tumanida iste’molchilarga yanada sifatli elektr energiyasi yetkazib berish uchun bugungi kunda tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 809,1 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 319 ta transformator punkti orqali tumanning 39 ta mahallasidagi 1366 ta ulgurji hamda 23054 aholi, jami 24420 elektr energiyasi iste’molchilariga korxonaning 58 ta ishchi-xodimlari tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda.
“Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” Matbuot xizmati Ⓣ