Joriy yilda 18 million AQSh dollari miqdorida tayyor mahsulot eksport qilishga erishgan, Qo‘rg‘ontepa va qo‘shni tumanlarda yashovchi 5500 nafar yoshni ish bilan ta’minlayotgan “Khantex Group” klasteri viloyatdagi yirik korxonalardan biridir.
Kunning birinchi yarmida 2018 yili tashkil etilgan “Khantex Group” paxta-to‘qimachilik korxonasida bo‘ldik.
“Khantex Group” MChJda paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib, to‘liq qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida 52 mln yevro miqdorida investitsiya mablag‘lari kiritilgan.
Korxonada yiliga 10,4 ming tonna paxta tolasi to‘liq qayta ishlanib, 9,4 ming tonna ip-kalava, 2,1 ming tonna trikotaj mato, 5 mln pogonometr arqoqli gazlamalar, 1 mln pogonometr maxralik mato, 1,2 ming tonna bo‘yalgan trikotaj mato, 1,1 ming tonna arqoqli va maxralik mato, 4,5 mln dona tayyor tikuv trikotaj mahsulotlar ishlab chiqariladi. Korxonada 2000 dan ziyod mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlangan. Korxona to‘liq ishga tushgach, yiliga 40 mln AQSh dollaridan ziyod mahsulotlar eksportga yo‘naltiriladi.
“Khantex Group” MChJ paxta-to‘qimachilik klasteri tarkibidagi fabrika 14 gektar maydonda joylashgan. Ishlab chiqarish dastgohlari Shveytsariyaning “Rieter” (yigiruv), Belgiyaning “Picanol” (to‘quv), Germaniyaning “Erbatech” (bo‘yoq-pardozlash) va “Textima” (tikuv v.b.) kompaniyalaridan sotib olingan bo‘lib, hozirda to‘liq quvvat bilan ishlamoqda.
Loyiha negizida Markaziy Osiyoda yagona bo‘yoqxona tashkil etilgan va ishlab chiqarishda xom mato va gazlamalar to‘xtovsiz ravishda bo‘yaladi. Bu esa turdosh korxonalarga nisbatan suvni 50 foizga, gazni 25 foizga, elektr energiyasini 10 foizgacha tejash imkonini beradi.
Ma’lum qilinishicha, “Khantex Group” klasteri tomonidan 2020 yilda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 349,3 mlrd so‘mni tashkil etdi, shundan 5,6 mln dollarli mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Jamiyat 2021 yilda Turkiya, Italiya, Belarus va MDH davlatlari, jami 12 davlatga 18,5 mln dollarga teng kalava ip va tayyor trikotaj mahsulotlarini eksport qildi. 2022 yilda 25-30 million dollarli mahsulot eksport qilish rejalashtirilmoqda.
Paxta va g‘alla yetishtirish, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda qo‘shimcha takroriy ekinlar yetishtirish, mexanizatsiya, tomchilatib sug‘orish ishlarida 3300 nafar, tayyor mahsulot ishlab chiqarish tekstil kompleksida 2000 nafarga yaqin, paxtani qayta ishlash zavodida 200 nafar, umumiy klaster tizimida 5500 nafar yoshlar ish bilan ta’minlangan. Ishchi yoshlarga o‘rtacha 1,5 million so‘mdan 5 million so‘mgacha oylik maosh to‘lanadi.
Hozirda paxtadan olingan chigit va kungaboqarni qayta ishlash uchun klaster doirasida “KhantexOil” yog‘-moy ekstraksiya korxonasi tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda hamda Germaniyaning “FloraPower” va “Petkus” kompaniyalari dastgohlari o‘rnatilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ushbu korxona 2022 yilning 1-choragida to‘liq ishga tushadi. Natijada 400 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratiladi. Ishlab chiqarish quvvati kuniga 200 tonna paxta texnik chigiti (150 tonna yoki 120 tonna soya).
Paxta hosilining darajasi mavjud texnologik quvvat bilan belgilanadi. Korxona bunga alohida e’tibor qaratadi. Yerga ishlov berishdan to paxtani terib olishgacha bo‘lgan jarayon texnik vositalar yordamida amalga oshirilishiga e’tibor berilmoqda. Shu maqsadda paxta-to‘qimachilik klasteri negizida “KhantexAgroServis” MChJ tashkil etilgan.
Ayni paytda texnoparkda AQSh va Yevropa davlatlarining “John Deere”, “Monosem”, “New Holland”, Case-IH, Sfoggia, Nardi va boshqa yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan 396 ta zamonaviy traktor va yerga ishlov berish hamda tomchilab sug‘orish moslamalari sotib olinib, tumandagi fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Shuningdek, klaster negizida “Ecoseed” MChJ tomonidan paxta, bug‘doy va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari urug‘lari tayyorlanadi. Shu kungacha 3500 tonna dorilangan tayyor urug‘ mahsulotlari yetishtirilgan.
Rosti, "Khantex Group" MChJ tomonidan xorijlik mutaxassislar uchun qurib berilgan zamonaviy, ixcham, sifatli xizmat uylari biz uchun yangilik bo‘ldi. Uylarning qiyofasi, undagi qulayliklar havasimizni keltirdi. Mazkur uylar turkiyalik quruvchilar tomonidan tez fursatlarda, besh-olti kunda yig‘ib tayyor qilib berilgan ekan. “Chorvador” MFYda 1,4 gektar yer maydonini o‘z ichiga olgan mazkur maskanda 26 ta zamonaviy xizmat uyi qurilgan.
Press-tur ishtirokchilari tadbirkor Abror Azizov tomonidan tashkil etilgan “Qo‘shtepa” mahalla fuqarolar yig‘inidagi zamonaviy sport kompleksini ham ko‘zdan kechirishdi.
Tadbir yakunida tuman hokimi Elyorbek Nabijonov press-tur ishtirokchilari bilan Qo‘rg‘ontepa tumanida olib borilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.
Reklama huquqi asosida