Tadqiqot: «Sputnik V» omikronni umuman neytrallashtira olmaydi

Jahon 13:30 / 20.12.2021 18961

15 dekabr kuni xalqaro mualliflar guruhi «Sputnik V» vaksinasi bilan emlanganlar zardobidagi antitanalar koronavirusning omikron variantini neytrallashtirish qobiliyati to‘g‘risidagi ilk ma’lumotlarni e’lon qildi. Mazkur qobiliyat (tom ma’noda) nolga teng – sinovdan o‘tgan istalgan boshqa vaksinadan ko‘ra yomonroq, deya baholandi. Shu bilan birga, ma’lumki, laboratoriya sharoitlarida neytrallashtirish qobiliyati real hayotda vaksinaning virusni yuqtirishga qarshi samaradorligi bilan uzviy bog‘liq.

Biroq «Sputnik»ning samarasizligi haqida afsuslanishga hali erta: mazkur tadqiqotning Rossiya vaksinasi borasidagi sifati jiddiy shubha uyg‘otadi («Sputnik V» eksportchisi bo‘lgan Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi ham shuni ta’kidlagan). Hali sifatli ma’lumotlar e’lon qilinganicha yo‘q, biroq boshqa barcha vaksinalarda bo‘lgani kabi «Sputnik V»ning ham omikronni yuqtirishga qarshi samarasi haqiqatan ham past, deya taxmin qilish mumkin. Biroq, ehtimol, uning samarasi uchinchi – buster doza olinganida keskin ortar.

Bu qanday tadqiqot?

Turli mamlakatlardan kelgan bir guruh olimlar keng tarqalgan beshta vaksina bilan emlanganlar va kasallikni boshdan o‘tkazganlar zardobidagi antitanalarning koronavirus spayk oqsili asosida to‘plangan psevdovirusni neytrallashtirish qobiliyatini o‘rganishdi. Olingan natijalarni taqqoslash uchun 2020 yilda butun dunyoda tarqalgan koronavirusning «dastlabki» varianti asosida psevdovirus yaratildi.

So‘nggi haftalarda ana shu kabi ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazildi, biroq bunisi «Sputnik V» bilan emlanganlarning zardobi namunalari tadqiq etilgan birinchi tadqiqot bo‘ldi.

  • «Sputnik V» bo‘yicha Argentinaning Buenos-Ayres shahridagi José de San Martín shifoxonasida emlangan 11 nafar (30-58 yoshdagi) shifokorlarning qon zardobi tekshirildi.
  • (Barcha vaksinalar bilan emlangan va kasallikni boshdan kechirganlardan olingan) zardobning barcha namunalaridagi antitanalar omikron asosida yaratilgan psevdovirusni virusning «dastlabki» modeliga qaraganda yomonroq neytrallashtirgan.
  • Eng yaxshi natijalarni Moderna vaksinasi bilan emlanganlar namunalaridagi antitanalar ko‘rsatdi. Biroq ularning omikron modelini neytrallashtirish qobiliyati ham 33 marta pasaygan.
«Broadly neutralizing antibodies overcome SARS-CoV-2 Omicron antigenic shift» nashridan antitanalarning virusni neytrallashtirish qobiliyatining pasayishi chizmasi

Tadqiqotning qaysi jihati noto‘g‘ri?

«Sputnik V» eksportchisi Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi Argentinada «Sputnik» bilan emlanganlar zardobining «noto‘g‘ri» namunalari to‘plangan deb hisoblaydi. Fond tomonidan aytilishicha, «Sputnik» bilan emlanganlarda psevdovirusning «dastlabki» variantni neytrallashtirish qobiliyati boshqa vaksinalarga qaraganda pastroq ekani ham bunga dalil bo‘ladi. Yoz faslida Argentinada (xuddi shu olimlar tomonidan o‘tkazilgan) qiyosiy tadqiqot aks natijani ko‘rsatgandi: «Sputnik V» vaksinasidan keyin antitanalar virusning avvalgi variantlarini juda samarali tarzda zararsizlantirgandi. Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi va vaksina ishlab chiqaruvchi – Gamaleya nomidagi markaz bir hafta davomida omikron variantini neytrallashtirish bo‘yicha o‘z tadqiqotlari natijalarini e’lon qilishga va’da bermoqda.

Tadqiqotda bundan ham aniq kamchiliklar mavjud: 

  • Unda tadqiqotda zardobi qo‘llangan odamlarda turli vaksinalar bilan emlanganidan keyin qancha vaqt o‘tgani ko‘rsatilmagan.
  • Zardob donorlari olgan vaksinalar dozasi ham ko‘rsatilmagan.

Biroq bu «Sputnik V» ishlab chiqaruvchilari uchun ayniqsa haqoratli. Umuman olganda, tadqiqot natijalari model emas, tirik virusdan foydalanilgan, turli vaqtda, vaksinaning turli dozalari bilan bilan emlangan, boshqa vaksinalar bilan emlangan (bir necha kishi emas), yuzlab kishilar namunalari qo‘llangan ana shunday tadqiqot natijalariga zid emas. Natijalar barcha vaksina va barcha ishlarda o‘xshash: antitanalarning omikron variantiga qarshi neytrallashtirish qobiliyati sezilarli darajada pasaygan.

Bu vaksinalar samarasiz ekanini anglatadimi?

Laboratoriyada virusni neytrallashtirish qobiliyati ilgari orttirilgan immunitet samaradorligini faqat bilvosita pasayishini ko‘rsatadi (ko‘plab tadqiqotlar antitanalar soni, ularning virus bilan bog‘lanish qobiliyati va yuqtirishga qarshi umumiy samarasi o‘rtasida aniq bog‘liqlik borligini ko‘rsatsa ham). Emlanganlar va kasallikni boshdan o‘tkazganlar to‘g‘risidagi bevosita ma’lumotlar hali kam: omikron tarqala boshlanganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. Biroq kasallanish bo‘yicha ilk tadqiqotlar kasallanishdan keyin vaksina va immunitet samarasi haqiqatan ham pasayganini ko‘rsatmoqda: JAR va Buyuk Britaniya ma’lumotlari shuni tasdiqlamoqda.

  • Buyuk Britaniya tadqiqotiga ko‘ra, Pfizer-BioNTech mRNK vaksinasining ikkita dozasidan keyin omikronga qarshi samaradorlik qariyb 40 foizni, AstraZeneca vektor vaksinasi samarasi esa deyarli nolgacha pasayadi (JARdagi yirik Discovery Health sug‘urta kompaniyasi tadqiqoti ma’lumotlariga ko‘ra, Pfizer-BioNTech’ning omikronga qarshi samarasi 33 foizni tashkil qiladi.)
  • Ammo yaxshi yangilik ham bor: Pfizer-BioNTech vaksinasining uchinchi dozasini buster sifatida qo‘llash – har ikki vaksina uchun ham samaradorlikni keskin oshiradi: AstraZeneca’da deyarli 70 foizgacha, Pfizer-BioNTech’da taxminan 80 foizgacha.
  • Buster oluvchilar zardobidagi antitanalarning neytrallashtiruvchi qobiliyati tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, vaksinaning uchinchi dozasi omikronga qarshi immunitet samaradorligini delta varianti bilan kurashishga qarshi emlashning ikkita dozasidan keyin olingan immunitet darajasiga olib keladi.

Biroq immunitet samaradorligining hali deyarli tadqiq etilmagan ko‘rsatkichi mavjud. Omikron natijasida kelib chiqqan kasallikning faqat kichik bir qismi tugagani sababli (emlash yoki oldingi infeksiya natijasida orttirilgan) immunitetning jiddiy kasallik yoki o‘limga qarshi samaradorligi qanday ekanini aytish mushkul. Omikron bilan kasallanganda immunitet pasayadimi (agar ha, bo‘lsa, qanchaga) yoki yo‘qmi, bu epidemiyaning kelajakda rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi.

Jiddiy kasallik yoki o‘limga qarshi samaradorlik to‘g‘risidagi fikrlarni laboratoriyada virus antitanalar bilan neytrallashtirilishi tajribasi natijasida olib bo‘lmaydi: asoratlarga qarshi samaradorlik yuqtirishga qarshi tezkor himoyani ta’minlaydigan antitanalargagina emas, hujayra immunitetiga ham yuqori darajada bog‘liq bo‘ladi. U virus bilan kontaktdan keyin darhol faollashmaydi, shuning uchun ham infeksiyaga qarshi turishga imkon bermaydi, biroq organizmga patogenga qarshi kurashda yordam berish uchun keyinroq «ishga tushadi».

Hozircha JARdan olingan dastlabki ma’lumotlar bor. Unga ko‘ra, Pfizer-BioNTech vaksinasining ikkita dozasidan keyin kasalxona yotqizish samaradorligi delta bilan kasallangandan keyingi 93 foizdan omikron bilan kasallanishda 70 foizgacha pasaydi.

Ammo kasallikning og‘ir kechishiga qarshi samaradorlik ancha yuqori darajada qolayotganining bilvosita belgilari ham bor, deydi AQSh Skripps ilmiy-tadqiqot instituti professori Erik Topol.

  • Omikron yuqtirilganidan keyin boshqa variantlar bilan kasallangandan ko‘ra oson kechishi to‘g‘risidagi ilk ishonchsiz ko‘rsatkichlarni omikron virulentlikni pasaytiruvchi xususiyatlarga ega ekani bilan emas, kasallik og‘ir kechishiga qarshi immunitet ishlashda davom etishi bilan izohlash mumkin.
  • Mazkur tushuntirish emlanganlar va kasallikni boshdan kechirganlar boshqa variantlar epidemiyasiga qaraganda omikronni nisbatan ko‘proq yuqtirganiga asoslanadi. Agar immuniteti bo‘lganlarda kasallik og‘ir kechishiga qarshi himoya yuqori darajada saqlansa, omikron bilan kasallanish kasallik yengil kechishiga olib keladigandek tuyuladi. Shu bilan birga, emlanmagan va kasallikni boshdan kechirmaganlar uchun omikron avvalgi variantlar kabi halokatli bo‘lishi mumkin.
Ko‘proq yangiliklar: