DXX Samarqand viloyat boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda bir necha firibgarlik holatlariga chek qo‘yilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti o‘qituvchisi fuqarolardan biriga o‘zini “Registon” texnika universiteti qabul komissiyasining a’zosi deb tanishtirgan.
So‘ng uning qarindoshini ushbu universitetning iqtisodiyot tarmoqlari fakultetiga 4 ming AQSh dollari evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib mazkur pullarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir holatda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi prokuratura va IIB xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda yer sotish bilan bog‘liq jinoiy faoliyatga chek qo‘yilgan.
Tadbirda Bulung‘ur tumanida yashovchi Sh.B. sotish huquqiga ega bo‘lmay turib, o‘ziga tegishli 50 sotix yer maydonini fuqarolardan biriga 34 ming dollariga sotishga kelishib, undan 10 ming dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Davlat kadastrlar palatasi Bulung‘ur tumani filialining yuqori lavozimida ishlovchi xodimi ushbu yer maydonini tegishli kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga B.Sh.dan 3 ming dollar talab qilgan.
Olingan ko‘rsatmalar asosida tadbir davom ettirilib, Davlat kadastrlar palatasi Bulung‘ur tumani filiali xodimi 3 ming dollarni o‘z xizmat mashinasida olgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.