SSV: tizza va chanoq-son bo‘g‘imlari xastaliklari tobora yosharib bormoqda

Jamiyat 14:50 / 17.12.2021 10841

SSV matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida chanoq-son bo‘g‘imlarini sun’iy bo‘g‘im bilan almashtirish, ya’ni endoprotezlash amaliyotlarini o‘tkazish jarayonlari bilan tanishdi.

«Avgust oyida oyoq bo‘g‘imlarimda og‘riq paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, yurishga qiynalib qoldim. Dastlabki tekshiruv natijalari yaxshi chiqmadi. Ikki oy turli muolajalar oldim. Navbatdagi tibbiy ko‘rik ahvolim yanada yomonlashganini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng operatsiyaga rozi bo‘ldim. Ikki soatga yaqin davom etgan amaliyotda ikkala oyoq bo‘g‘imimga birdan endoprotez qo‘yishdi. Bir kun qiynaldim, xolos. Hozir o‘zimni yaxshi his qilyapman», deydi 65 yoshli bemor Farhod Giyazov.

Oltmish bir yoshli yana bir bemor uch yildan beri bo‘g‘im og‘rig‘idan aziyat chekib kelgani, bir oyog‘ining chanoq-son qismiga endopratez qo‘yilgach, darddan ancha forig‘ bo‘lgani, endi esa ikkinchi oyog‘iga ham endoprotez qo‘ydirmoqchi ekanini aytdi. Yangiyo‘llik bu bemor tibbiyot markaziga imtiyozli yo‘llanma bilan kelgan.

«Endoprotezlar ko‘p hollarda tizza va chanoq-son bo‘g‘imlariga qo‘yiladi. Bu operatsiyaga artroz kasalligi 2-3-darajaga o‘tganda, og‘riq nihoyatda kuchayganda ehtiyoj seziladi.

Ushbu amaliyot asosan o‘rta va katta yoshli bemorlarda, qolaversa, chanoq-son bo‘g‘imi tug‘ma yaxshi rivojlanmagan yoshlarda o‘tkazilishi mumkin. Bundan tashqari, turli travmalardan keyin, infeksion va noinfeksion kasalliklar asorati sifatida ham artrit, artroz kasalliklari yurtdoshlarimiz orasida ko‘p uchramoqda.

Muvaffaqiyatli endoprotezlash amaliyotidan 3 kun o‘tib bemor yura boshlaydi. Bir hafta-o‘n kun shifokorlar kuzatuvida bo‘lgach, uyiga javob beriladi. Bir yarim-ikki oygacha oyoqning protezlangan qismlarini keskin bukish, qaltis harakatlar qilish man etiladi. Keyingi oylardan faol, ammo og‘ir bo‘lmagan jismoniy mashqlarni bajarish mumkin. Hozir bunday amaliyotlar joylarda ham o‘tkazilyapti», deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 373ta endoprotezlash amaliyoti bajarildi. 

Ko‘proq yangiliklar: