Farg‘ona viloyatining Xonqiz qishlog‘ida yashovchi Azizaxon o‘zi o‘qiydigan 52-maktabdan darsdan qaytayotganida yuk mashina bosib ketishi oqibatida yura olmaydigan bo‘lib qolgan. Shu maktabning 1-sinf o‘quvchisi Komilaxon O‘ktamova ham darsdan qaytayotganda Lacetti avtomashinasi urib yuborgan.
Afsuski, mana shu kabi maktablar atrofidagi yo‘llarda harakat xavfsizligi ta’minlanmagani uchun bolalar nobud va majruh bo‘lib qolmoqda.
Xonqizdagi chorraha ham ana shunday eng xavfli yo‘l kesishmasidan biri. Farzandini maktabga jo‘natgan ota-onalar allaqachon svetofor o‘rnatilishi ShART bo‘lgan maktab chorrahasidan «bolalarim yo‘ldan o‘tib oldimikan? », deya yurak hovuchlab o‘tiradi. Aksariyat ota-onalar farzandini o‘zlari kelib yo‘ldan o‘tkazib qo‘yishadi.
Chorrahada mashinalarning harakatlanishi, maktab o‘quvchilarining yo‘lakdan o‘tishini kuzatdik. Holat chindan ham xavfli. Ayrim haydovchilargina yo‘lni kesib o‘tayotgan o‘quvchiga yo‘l beradi. Aksari yuqori tezlikda o‘tib ketadi...
«30 yildan beri shu maktabda ishlayman. Maktabimizda 1 403 o‘quvchi tahsil oladi. O‘quvchilar soni bo‘yicha tumandagi eng katta maktablardan. 2 smenada to‘liq quvvat bilan ishlaymiz. Eng og‘riqli nuqtalarimizdan biri bu Oltiariq-Chimyon yo‘lidan 650 nafardan ziyod o‘quvchi kesib o‘tadi. Qish kunlari kun qisqaligini hisobga olib qorong‘ida ham yo‘lga navbatchilarni qo‘yganmiz», deydi 52-maktab direktori o‘rinbosari Abduvohid Teshaboyev.
Maktab mutasaddisi ayrim haydovchilar yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodaga umuman yo‘l bermasligini, shu sababli, ko‘p YTHlar ro‘y berayotganini ta’kidladi. Yaqinda ham 1-sinf o‘quvchisini mashina urib yuborgan.
«Svetofor o‘rnatib berishlarini so‘rab, ko‘p joyga murojaat qildik. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga, tuman rahbarlariga chiqdik. Mutasaddilar «qilamiz, bo‘ladi, bo‘ladi»dan nari o‘tmayapti», deydi direktor o‘rinbosari.
«Xalq pul to‘plab, hatto svetofor uchun temir ustunlargacha o‘rnatdik. Svetofor o‘rnatishga esa xalqdan yetarlicha pul yig‘ilmayapti. Mas’ullar kelib holatni o‘rganib, haqiqatan ham svetofor o‘rnatish kerakligini aytib ketishgan. Lekin natija yo‘q.
Yaqinda 10-sinf o‘quvchimizni «Isuzu» yuk mashinasi ezib o‘tib ketdi. Oyoq suyaklarini majaqlab, talqon qilib ketgan. O‘zi nochor oila farzandi edi. Uyida o‘qituvchilar dars berib kelishyapti endi», deydi direktor o‘rinbosari.
1-sinfda o‘qiydigan qizini o‘qishdan qaytayotganida mashina urib yuborgan Bahrom Hamroqulov ham mutasaddilardan chorrahaga svetofor o‘rnatib berishni so‘radi.
«Bundan 20 kun avval qizimni «Lasetti» urib ketdi. Chorrahada svetofor bo‘lganida shu hodisa yuz bermasdi. Ota-onalar farzandi yo‘ldan o‘tayotganida yuragini hovuchlab o‘tiradi. Biz ota-onalar chorrahaga svetofor o‘rnatib berishlarini mutasaddilardan so‘raymiz», deydi jabrdiydaning otasi.
Mahalla faollaridan biri Nazira Mirhodiyeva ikki qizini har kuni yo‘ldan olib o‘tib qo‘yishi, yillar davomida hal qilinmayotgan muammo haqida kuyunib gapirdi.
«Qizlarim boshlang‘ich sinfga qatnaganidan buyon har kuni chorrahaga kelib, o‘zim ularni katta yo‘ldan o‘tkazib qo‘yaman. Hozir qizlarimning kichigi 13, kattasi 14 yoshda. Ko‘cha boshida qassob aka bor. U ko‘p hollarda bolalarni yo‘lning narigi tomoniga o‘tkazib qo‘yadi.
Chorrahaga svetofor juda zarur. Svetofor o‘rnatilsa ota-onalar ish joyida ham xavotir olmay ishlaydi. Bolalar ham yo‘ldan bemalol o‘tishadi. Iltimos qilardikki, svetoforni tezroq o‘rnatib berishsin. Asfaltga piyodalar o‘tish joyi chizilishi uchun 10 yil ketdi», deydi Nazira Mirhodiyeva.
Chorraha qarshisida joylashgan qassobxona egasi Ilhomjon Tojiddinov aksariyat mashinalar o‘quvchilarga yo‘l bermay, yuqori tezlikda o‘tib ketishini ta’kidladi.
«O‘quvchilarni bo‘sh vaqtimda yo‘ldan o‘tkazib qo‘yaman. Ba’zi haydovchilar katta tezlikda keladi. Svetofor o‘rnatilsa hammamizga yaxshi bo‘lardi. Yo‘ldan o‘tish ham tartibga tushib qolardi. Ba’zi haydovchilar bayroqqa ham qaramay, yuqori tezlikda o‘tib ketyapti», deydi u.
Mahalla oqsoqoli Murodjon Tolipov svetofor o‘rnatishni so‘rab tuman hokimligi, Ichki ishlar bo‘limi hamda Xalq qabulxonasigacha bir necha bor murojaat qilganlari haqida so‘zlab berdi.
«Mingdan ortiq o‘quvchilarimiz birinchi va ikkinchi smenada shu yo‘ldan qatnashadi. Yo‘lda belgi bo‘lishiga qaramay, haydovchilar yuqori tezlikda harakatlangani sababli bu yerda yo‘l-transport hodisalari ko‘p bo‘ladi. Svetofor o‘rnatish maqsadida biz tuman hokimiga, tuman IIBga, Xalq qabulxonasiga murojaatlar qilganmiz. Lekin murojaat haligacha hal etilmadi», deydi oqsoqol.
To‘shakka mixlanib qolgan maktab o‘quvchisi Azizaxon Mirzaolimova yashovchi xonadonda bo‘ldik. O‘quvchining holati haqiqatan ham ayanchli edi. U mudhish voqea haqida gapirib berdi.
«29 sentabr kuni darsdan qaytayotgandim. Katta yo‘ldan o‘tib mahallamizga kirayotgan paytimda yuk mashinasi urib ketdi. Hech narsani bilmay qolganman. Orqaga o‘girilib qaragunimcha allaqachon yuk mashinasi tagida qolganman.
«Isuzu» degan yozuvni aniq ko‘rganman. Mashina tagidan tortib olishganini eslayman. Kasalxonaga olib borishgach, bir sutkadan keyin o‘zimga kelganman. 5 soat davomida jarrohlik amaliyotini o‘tadim», deydi jabrlanuvchi.
Azizaxon Mirzaolimovaning onasi Feruzaxon Badriddinova ham bundan bir yil muqaddam Bog‘dod tumanida yo‘l-transport hodisasiga uchrab, yura olmaydigan bo‘lib qolgan ekan. Bir oilada ona va farzand YTHdan aziyat chekmoqda.
Maktab yaqinidagi xavfli chorrahada hamon svetofor yo‘qligi bolalar hayotiga xavf solmoqda. Bu chorrahaga nainki svetofor, o‘zgalar hayotiga bepisand haydovchilarning shashtini pasaytirish uchun yo‘lda sun’iy do‘nglik ham o‘rnatilishi kerakligi kundek ravshan.
Yoki mutasaddilar bolalardan kimdir qurbon bo‘lishini poylab o‘tirishibdimi? Qachongacha ota-onalar bu chorrahada farzandini mashina tagidan chiqarib oladi? Mana shunday vaziyatda dahshatli avariyalar ro‘y bermasligiga kafolat bormi? Qassob aka qachongacha bolalarni yo‘ldan olib o‘tib qo‘yadi?
Savollarga mutasaddilardan javob va muammoni hal qilishda amaliy harakat kutib qolamiz.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Faxriddin Xotamov.