Viloyat hokimining ma’lum qilishicha, 2022 yildan har oyda kamida bir marotaba har bir kompleks rahbarlarining, ya’ni 1 nafar viloyat hokimi o‘rinbosarlari, 2 nafardan boshqarma, korxona rahbarlarining hisobotlari eshitib boriladi.
Shuningdek, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sessiyalarini televideniye hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatish yo‘lga qo‘yiladi.
Hokimning ta’kidlashicha, yakuniga yetayotgan yilda budjetga 2 trln 811,6 mlrd so‘mlik, mahalliy budjetga 1 trln 939,3 mlrd so‘m tushumlar tushirish hamda viloyat ixtiyoriga 140 mlrd so‘m erkin qoldiq mablag‘lari qoldirish rejalashtirilgan.
Murojaatnomada 2022-2026 yillarda viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan eng muhim vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
«Keyingi besh yillikda viloyat aholisiga munosib yashash sharoiti yaratilib, infratuzilma bilan bog‘liq masalalar hal etiladi. Jumladan, Navoiy shahrida yangi massiv barpo etilib, 4 ming xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, maktab, bog‘cha va boshqa ijtimoiy obektlar qurilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Zarafshon shahri hududi kengaytirilib, qo‘shimcha 30 ming aholi yashashi uchun, zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan «Sanoatchilar shaharchasi», boshqa tumanlarda 14 ming xonadonli 400ta ko‘p qavatli uy-joy bunyod etiladi. Viloyatda ming km.dan ortiq ichimlik suvi va 90 km kanalizatsiya tarmoqlari quriladi.
«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida kelgusi besh yilda 100ta qishloq va mahalla obod qilinadi. Bunga budjetdan har yili kamida 600 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, 5 ming km elektr tarmog‘i, mingdan ziyod transformator hamda 6 ming km avtomobil yo‘llari, 186ta ko‘prik quriladi va ta’mirlanadi. Bundan tashqari, 15 mlrd dollarlik 2,2 mingta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 75 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi», deya viloyat hokimining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Murojaatnomada 2022 yilda amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lum qilindi. Jumladan, viloyatda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 54,8 trln so‘mga (o‘sish sur’ati 105,6 foiz), sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 94,7 trln so‘mga (o‘sish sur’ati 107,3 foiz), qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 12,7 trln so‘mga (o‘sish sur’ati 102,8 foiz), qurilish ishlari 4,7 trln so‘mga (o‘sish sur’ati 104,3 foiz) yetkaziladi.
«2022 yilda viloyat bo‘yicha 9464 gektar yangi yer maydonlari o‘zlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 7 464 gektarida tokzorlar va bog‘lar, 700 gektarida pistazor, 20 gektarida issiqxona tashkil etiladi hamda 1 387 gektarida boshoqli va ozuqa ekinlari yetishtiriladi.
2022 yilda 4 890 gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga dehqon xo‘jaliklari shaklida 10 yil muddatga ajratiladi. Mahalliy sanoatni rivojlantirish uchun qiymati 5,3 trln so‘mlik 729 ta hududiy investitsiya loyihasi shakllantirilib, ular hisobiga 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish belgilab olindi.
Kelgusi yilda viloyatda 365,2 mlrd so‘m mablag‘ hisobiga 1 151 km avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bajariladi. 63 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 242,4 km ichimlik suv tarmoqlari hamda 15 ta suv inshootlari quriladi, 32,7 mlrd so‘m evaziga «Investitsiya» dasturi doirasida 106,3 km ichimlik va 46 km oqova suv tarmoqlari tortiladi.
Shuningdek, 974,7 km elektr tarmoqlarini yangilash, 253 dona transformatorni hamda 3 dona podstansiyani yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga 187,8 mlrd so‘m mablag‘ sarflanadi», deya ta’kidladi Tursunov.