Bank transformatsiyasida moliyaviy menejment va g‘aznachilikning roli – Ravshan Kadirov

Jamiyat 15:30 / 17.12.2021 11613
Ravshan Kadirov, “Asakabank” AJ g‘aznachilik departamenti direktori
Foto: Asakabank

— Milliy valutada xorijiy hisob-kitoblar nima va uning afzalliklari nimada?

— “Asakabank” AJ O‘zbekiston Respublikasida birinchilardan bo‘lib StoneX xalqaro moliya kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi. Unga ko‘ra boshqa davlatlarning markaziy banklari, global tijorat banklari, transmilliy korporatsiyalari va xalqaro hukumat muassasalari “Asakabank” AJ orqali O‘zbekiston Respublikasi milliy valutasida transchegaraviy to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin. “Asakabank” AJ va StoneX o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, o‘zbek so‘mi 142 ta xalqaro valutalardan iborat global portfelga kiritildi. Endilikda StoneX mijozlari o‘zlarining to‘lov platformasi orqali undan foydalanishlari mumkin.

Foto: Asakabank

StoneX xalqaro moliya kompaniyasiga 1924 yilda asos solingan, bosh ofisi Nyu-York shahrida joylashgan. Hozirgi kunda dunyo bo‘ylab o‘z bo‘linmalariga ega va turli segmentlarda xalqaro “market-meyker” hisoblanadi. StoneX’ning shaxsiy vakillik bank tarmog‘i yirik bo‘lib, o‘zining institutsional mijozlik bazasi nomidan mahalliy valutada to‘lovlarni samarali amalga oshirish uchun dunyo bo‘ylab 350 dan ortiq bank hamkorlari bilan aloqa o‘rnatgan.

— Agar transformatsiya bo‘yicha bankning dastlabki rejasiga qaytadigan bo‘lsak, ushbu jarayon qanday kechmoqda va boshqa banklarning transformatsiya jarayonlaridan nimasi bilan farq qiladi?

— Agar bugungi kunda bank sektorida kechayotgan transformatsiya jarayoni haqida qisqacha aytadigan bo‘lsak, bu ko‘proq “riteyl-portfel”ni kengaytirish, “anderrayteng” jarayonlarini markazlashtirish, kredit konveyeri implementatsiyasi, mobil banking platformasini yangilash, korporativ ma’lumotlar bazasi hamda SAP, Oracle va boshqa vendorlar bazasida turli avtomatlashtirilgan BI tizimni joriy etish, bankomatlar sonini ko‘paytirish, turli xalqaro plastik kartalarga xizmatlar soni va sifatini oshirish, rebrending va xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish, shuningdek, mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha boshqa jarayonlar bilan bog‘liq.

Bank sektorining bugungi jadal rivojlanish davrida yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha banklarni takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlar mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi, ammo shuni unutmaslik kerakki, texnologik jihatdan yaxshi jihozlangan va zamonaviy bank yaratilishi juda katta miqdordagi investitsiyalar evaziga barpo etiladi va ertami-kechmi ushbu yirik loyihalarni moliyalashtirishga bankning o‘z mablag‘laridan yo‘naltirilgan investitsiyalar o‘zini oqlashi zarur. Aks holda bu kabi yirik xarajatlar bank daromadlarining pasayishiga va o‘z navbatida investitsiyaviy jozibadorligi hamda bozor qiymatining kamayishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababdan transformatsiya jarayonida pragmatik biznes reja, uslubiy moliyaviy reja, bank kapitalining samarali boshqarilishi, shuningdek, investitsiyalarning moliyaviy manbalarini oldindan rejalashtirish, kamida kelgusi 3 yillik uchun strategik rejani yo‘lga qo‘yishni inobatga olgan holda, tizimli va barqaror transformatsiyani hamda raqobatbardoshlikni ta’minlash uchun strategik nuqtayi nazaridan hushyorlik bilan rejalashtirgan banklar oqibatda transformatsiya jarayonidan maksimal unumli foydalangan holda, bank salohiyatini oshirishga erishish mumkin.

Bunday rejalashtirilgan yondashuv oqibatida bankning boshqaruv va kuzatuv kengashi darajasida samarali, moslashuvchan va barqaror korporativ boshqaruv shakllanishi ham o‘z navbatida juda muhim ahamiyatga ega.

Shulardan kelib chiqqan holda “Asakabank” AJ korporativ menejment, risk-menejment, g‘aznachilik, moliyaviy menejment va komplayens kabi asosiy yo‘nalishlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Texnologik jihatdan ilg‘or bank texnologiyalarini amalga tatbiq qilishdan tashqari, “Asakabank” AJ boshqaruvi asosiy yo‘nalishlarda kuchli va samarali “midl” hamda “top-menejment” kadrlarining salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

— Sizning fikringizcha, nima uchun aynan ushbu yo‘nalishlar asosiy hisoblanadi?

— O‘z-o‘zidan ma’lumki, bankir mutaxassisligi tarixan kredit berish bilan bog‘liq bo‘lgan. Shu boisdan agar kimdir sizning bankda ishlashingizni eshitsa, darhol kredit haqida so‘raydi. Aynan shu jihatdan banklarning ayniqsa, davlat banklaridagi kredit bo‘linmalari keng faoliyatga va eng ko‘p xodimga ega bo‘lgan. Ya’ni kredit bo‘linmalari katta ahamiyat kasb etib, kredit riski bankning faoliyatidagi baholangan asosiy risk bo‘lgan.

Kreditlash jarayoni passiv bank operatsiyalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan aktiv bank operatsiyalaridan biri va to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalash manbalariga daxldor. Shu boisdan passiv bank operatsiyalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan risklarni boshqaradigan asosiy bo‘linmalarga ega bo‘lmay turib, daromadni ko‘paytirishga erishish, hamda aktiv bank operatsiyalarini samarali boshqarib bo‘lmaydi. Aks holda bank tomonidan daromad nuqtayi nazaridan kutilgan natijani bermaydigan samarasiz aktivlarning ortib borishi riskiga duchor bo‘ladi va bank o‘zining kelgusi o‘sishi va rivojlanishini ta’minlay olmasligiga olib keladi va bu o‘z navbatida davlat tomonidan banklarni doimiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj tug‘diradi.

Ravshan Kadirov, “Asakabank” AJ g‘aznachilik departamenti direktori
Foto: Asakabank

— Bu borada risk-menejmentning o‘rni qanday?

— Risk menejmentni bank ishida asosiy yo‘nalishlardan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki u keng qamrovli bo‘lib, risklar turlicha: masalan, kredit, valuta, foiz, bank operatsiyasi va reputatsiyasi bilan bog‘liq risklar xam mavjud. Hatto iqlim o‘zgarishi va ijtimoiy farovonlik (ESG – Environmental, Social and Governance) bilan bog‘liq risklar xalqaro amaliyotda yangi yo‘nalishdagi risklar bo‘lib, biznesni barqaror rivojlantirish maqsadida samarali boshqaruv uchun zarur hisoblanadi.

Bugungi kunda pro-aktiv risk-menejmentning yuqori tamoyillaridan kelib chiqib, “Asakabank” AJ boshqaruvi va kengashi darajasida biz 3 ta darajadan iborat quyidagi asosiy parametrlarni belgilab olganmiz:

- Strategik – bankning yuqori rahbariyati risklarni boshqarish tizimining asosiy tamoyillarini o‘rnatadi (Risklar xaritasi/Risk appetit);

- Texnik – top-menejment va midl-menejment bilan yaqin hamkorlikda “Asosiy tamoyillar” doirasida risklarni identifikatsiya, analiz va risklarni pro-aktiv boshqarishning tegishli metodologiyasini ishlab chiqadi va implementatsiya qiladi;

- Operatsion – bu ijrochilar o‘zlarining operatsion faoliyatini amalga oshirish davrida vakolatiga nisbatan o‘rnatilgan limit(cheklov)larga rioya etgan holda risk-menejment jarayoni samaradorligining asl holatini baholash uchun ma’lumot beradigan va monitoring natijalarini tahlil qilish va takomillashtirish jarayonlari.

- Bundan tashqari, xalqaro amaliyotga muvofiq, “Asakabank” AJ COSO xalqaro qo‘mitasi (risk-menejment va ichki nazorat metodlarini o‘rganish va takomillashtirishga ixtisoslashgan AQShdagi xalqaro qo‘mita) tomonidan tavsiya etilgan ERM (Enterprise Risk Management) tizimini bosqichma-bosqich joriy etmoqda. Biz bundan bankning risklarni boshqarish komleks tizimiga o‘tish jarayonida asos sifatida foydalanishni rejalashtirganmiz.

— “Asakabank” AJda moliyaviy menejmentning roli hamda mohiyati nimada va ushbu yo‘nalishning o‘rni qanday bo‘ladi?

— Moliyaviy menejmentning roli birinchi navbatda strategik ahamiyatga ega bo‘lib, eng yaxshi amaliyot hamda zamonaviy bank industriyasining jadal sur’atlarda o‘zgarib borayotgan talablariga muvofiq, CFO (Moliyaviy direktor) moliyaviy, strategik, biznes va risk yo‘nalishlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik orqali bank faoliyatini muvofiqlashtirishda asosiy rol o‘ynaydi.

Moliyaviy nazorat, strategik va biznes rejalashtirish, umumiy hisobot, tashqi iqtisodiy faoliyat, g‘aznachilik va ma’lumotlarning korporativ bazasi kabi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan tuzilmaviy blok bo‘lganligi tufayli CFO (Moliyaviy direktor) tabiiyki bankning pro-aktiv moliyaviy strategiyasini yo‘lga qo‘yish uchun ma’lumotlarni tahlil qilish va qayta ishlash bo‘yicha “Aql markazi” sifatida shakllanadi va muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Moliyaviy menejment o‘z vazifasiga ko‘ra, biznes muhit va bank foydasi ko‘rsatkichlarining o‘zgarib turishidan kelib chiqqan holda kapitalni tezkor va samarali qayta taqsimlaydi. Maqsad – uning rentabelligini oshirishdan iborat. Shu o‘rinda bankning riskka tortilgan aktivlarini samarali boshqargan holda kapitalning yetarlilik darajasini ta’minlash va natijada kredit portfelining barqaror, daromadli va uzluksiz o‘sishini ta’minlaydi.

— Yangi g‘aznachilik instrumentlarini (vositalarini) joriy etish rejalari bormi va transformatsiya jarayonida g‘aznachilikda qanday katta o‘zgarishlar yuz berdi?

— Bugungi kunda biz «Asakabank» AJning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib yaratilgan g‘aznachilik platformasini (Treasury Management System) ishga tushirish bosqichida turibmiz.

Ushbu platforma orkali bankning likvidligini real rejimda monitoring qilish, bankning asosiy ko‘rsatkichlaridan tashqari real rejimda korrespondentlik hisoblari, valuta pozitsiyasi, prudensial standartlarga muvofiqligi holati, kapitalning yetarliligi, markazlashtirilgan resurs bazasi, moliyalashtirish tuzilmasining dollarizatsiya darajasi, banklararo bitimlar, shuningdek, bankning kunlik aktiv operatsiyalarini kuzatish imkoniyatlari mavjud.

Shuningdek, biz o‘z sa’y-harakatlarimizni platformaning turli valutalarda likvidlikni prognozlashtirish, bank kapitali va riskka tortilgan aktivlarni hisobga olgan holda prognozlash va oqilona taqsimlash ssenariysini o‘rganish, likvidlik darajasini, bankning asosiy raqobatchilarining kapitallashuvi darajasini va moliyaviy ko‘rsatkichlarini, bankning turli segmentlardagi marjinalligini, bankning foizsiz daromadliligini, filiallar kesimida daromadliligini tahlil qilish, transfert stavkalar tizimini joriy etish, shuningdek, WACC, EBITDA, IRRBB, R/R, CAGR, RAROC va ROCE kabi ko‘rsatkichlarni xalqaro standartlar bo‘yicha joriy etish, tahlil qilish va boshqarishga qaratilgan imkoniyatlarini takomillashtirishga qaratganmiz.

Yangi g‘aznachilik instrumentlariga kelsak, StoneX bilan hamkorlikda milliy valutadagi xalqaro hisob-kitoblar tuzilmasini implementatsiya qilishdan tashqari, biz JP Morgan va CITI Bank kabi yirik Amerika banklari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi bank sektori uchun mutlaqo yangi yo‘nalish bo‘lgan institutsional mijozlar guruhini moliyalashtirish, xedjirlash, tranzaksion va settlment operatsiyalari bo‘yicha yangi xalqaro g‘aznachilik operatsiyalarini ishlab chiqish bosqichida turibmiz.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: