Sinov qarshisida sinmagan ona, pinhona yaxshilik va sarpo dardidagi ayollar - hayotiy hikoya

Jamiyat 13:05 / 16.12.2021 14193

Qibraylik Zulfiya opa uch qiz farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda. Ulardan ikki nafari xasta, kamiga turmush o‘rtog‘ining ham dardga chalinishi u uchun kutilmagan zarba bo‘lgan.

E’tiborimizni tortgani, ayolning umidsizlikka tushmagani bo‘ldi. Shu bois ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lishga arziydigan zamondoshimiz bilan suhbatimizda tinglaganlarimizni “Hayotiy hikoyalar” ruknida keltirib o‘tamiz.

— Yaxshi orzu-havaslar bilan turmushga chiqdim. Uch nafar qiz farzand ko‘rdim. Hayotimiz tinch, bolalarim salomat ulg‘ayishini ko‘rib chinakam baxtni his qilardim. Farzandlarimning uchalasi ham sog‘lom tug‘ilgan, ammo 2-qizim 2,5 yoshga yetganda negadir bir oyog‘ini qiyshiq bosayotganini sezdim, bu ikkinchi oyog‘iga ham o‘tib bora-bora ikkala oyog‘i tizzasidan orqa tarafga qayrila boshladi. Bu uning yurishiga ta’sir qilar, yurishga qiynalar edi. Keyinchalik umuman yura olmay qoldi. Shifokorlar unga BsF (bolalar tserebral falaji) tashxisini qo‘yishdi.

“Qizimning majruhga aylanishini kutib turolmasdim

— Ko‘z oldimda uning o‘rnidan qimirlay olmaydigan majruh insonga aylanib borishini kutib turolmasdim. Jon-jahdim bilan uni tuzatishga kirishdim, sog‘ayishi uchun qo‘limdan kelgan hamma imkoniyatlarimni ishga soldim, buning uchun yillar davomida u bilan shug‘ullanishga, sog‘ligini nazorat qilishga to‘g‘ri keldi. Xasta bolamdagi har bitta o‘zgarishni sinchkovlik bilan kuzatdim, hamma joydan, turli mutaxassislardan yangi ma’lumotlar topib o‘zim ham qo‘llab ko‘ra boshladim. Qizimda 3 marotaba jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi va sekin-asta to‘g‘ri qadam tashlay boshladi. Hozir u mustaqil yura oladi. Avvalgi holatini ko‘rganlarning uning shu darajada sog‘ayganiga ishongisi kelmaydi.

“Bir bolam sog‘ayganda yana biri xastalandi”

— Taqdirni qarangki, ikkinchi qizim oyoqqa turishiga keyingi – kenjatoy farzandimda boshqa kasallik alomatlari ko‘rina boshladi. Butun fikr-u zikrim opasi bilan ovora bo‘lib, kenjasiga e’tiborni kamaytirib qo‘ydim shekilli, deb o‘zimni muntazam ayblayman. Bir bolamning tuzalishidan xursandchiligim ko‘pga bormadi. Keyingisiga dard yopishdi. Soppa-sog‘ qizimda aqliy zaiflik belgilari sezilardi.

4 yildan beri shu bolam tuzalishi uchun shifoxonama-shifoxona yuraman. Bemorning sog‘ayishi uchun faqat dori-darmon kifoya emas ekan. Qizim bilan soatlab gaplashaman, tabiatni, hayvonlarni, buyumlarni tanishtiraman. Natijada nimanidir ko‘rsa dodlab yig‘laydigan bolam hozirda mushuk bilan do‘stlashib, o‘ynay boshladi. Rasmlarga, narsalarga biroz bo‘lsa ham qiziqish bilan nazar soladigan bo‘ldi. Buni ko‘rib menda umid uyg‘onadi: demak, harakat qilsam, qizim tuzalishi mumkin deyman.

“Ustma-ust kelgan g‘am turmush o‘rtog‘imni to‘shakka yiqitdi”

— Bir emas, ikki qizimizning bunday dardga chalinishi bizni gangitib qo‘ydi. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘im buni o‘ylayverib kasalga chalindi. Endi oilamizdagi bemorlar soni uch nafarga yetgan edi. Ustiga-ustak shifokorlar erimning yuragini bir hafta ichida zudlik bilan operatsiya qilish kerakligini aytishdi. Yillar davomida bolalarim sog‘ayishi uchun hammadan yordam olib bo‘lganmiz, boshqa biror yordam keladigan joyni ko‘rmasdim.

Qo‘limda esa bor-yo‘g‘i oxirgi 200 ming so‘m pulim qolgan edi. Kimga aytishni, qayerga borishni bilmayman. Qarindoshlar ham o‘zlaridan ortgulik emas. Xasta qizlarim bilan yolg‘iz qolish, ularni otasiz katta qilishni o‘ylasam, ko‘zimga dunyo qorong‘i bo‘ladi.

“Yaxshilar ko‘p ekan...”

— Dunyoda yaxshilar ko‘p ekan, g‘oyibdan shunday insonga yo‘liqtirdi bizni. Ahvolimiz haqida yaqin qarindoshimiz orqali xabar topgan bir yaxshi inson operatsiya uchun kerakli hamma pulni to‘lab berdi. Qarindoshimga esa shaxsini oshkor qilmaslikni iltimos qilibdi. Hatto o‘zini ko‘rsatishni ham istamagan najotkor kimligini bilmayman, hech kimga bu haqda aytmasligimni iltimos qilgan bo‘lsa-da, shunday odamlar borligini bildirgim keladi. Operatsiya yaxshi o‘tdi, xo‘jayinimning hayotini saqlab qolishdi.

Eng katta umidim va orzum – qizlarim sog‘ayib ketsa bas. Mo‘jizalarga ishonib yashayapman. Ular tuzalishiga ishonaman va shuni o‘ylasam g‘oyibdan kuch keladi.

“Ayrim ayollarning “muammo”lariga hayron qolaman”

— Yoshligimdan tikuvchilikka qiziqqanim uchun shu hunarni ancha-muncha o‘zlashtirganman. Hozir pardalar tikaman, mijozlarim ko‘p. Shuning uchun juda ko‘p ayollar bilan gaplashaman. Ayrim ayollarning muammolarini eshitib hayratda qolaman: uyni yangi jihoz bilan bezatish, to‘yda qilinadigan sarpolar bahsi. Shunaqa vaqtda o‘z hayotimdagi yuz bergan voqealar bir-bir ko‘z oldimdan o‘tadi.

Ba’zida yonida turmush o‘rtog‘i bor, bolalari sog‘-salomat bo‘laturib hayotidan noliydigan tanishlarimga o‘zim duch kelgan sinovlarni misol keltiraman. Lekin shaxsan o‘zimning hayotim, bu savdolar o‘z boshimdan o‘tayotganini aytmayman.

Uyimda uch nafar nogiron borligini faqat o‘z yaqinlarim biladi, xolos. Boshqa hech kimga o‘z tashvishim haqida gapirishni, bildirishni istamaganman. Doim hayotga to‘g‘ri ko‘z bilan qarab, bergan sinovlariga sabrni ado etishda kuch topib yashashga harakat qilaman. Yaratganning suygan bandasi ekanmizki, shuncha dard berdi. Bularni kimgadir aytganim bilan hech narsa o‘zgarmasligi ma’lum.

Gulmira Toshniyozova yozib oldi.

Zulfiya opaga yordam qo‘lini cho‘zishni istaganlar uchun uning karta raqamlarini keltirishni lozim topdik:

Uzcard: 8600 0304 7515 8824 (Zulfiya Maxsutova nomida)

Ko‘proq yangiliklar: