Kun.uz’ga navbatdagi murojaat Dehqonobod tumanida joylashgan maktab direktorlaridan bo‘ldi. Ular Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Dehqonobod tuman nazorat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan chiqindi quti o‘rnatilmagani uchun bir qancha maktab direktorlari MJtKning 91(2)-moddasi bilan jarimaga tortilganini ma’lum qilishgan.
Qizig‘i, Dehqonobod tumanidan murojaat bo‘lgan chog‘da viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi telegram kanalida shu haqda post qo‘yildi.
«Chiqindi qutilarini o‘rnatishni unutmang, aks holda, jarimaga tortilasiz.
Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Dehqonobod tuman nazorat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi 787-sonli qarorining 5-, 8-bandlari ijrosi yuzasidan tumandagi korxona va tashkilotlar, Xalq ta’limi bo‘limi va maktablar, Maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘limi va MTTlar, Tibbiyot birlashmasi bo‘limi va QVPlarda monitoring kuzatuvi o‘tkazildi.
Monitoring davomida tumandagi 22 ta davlat tashkilotlarining kirish-chiqish joylarida qattiq maishiy chiqindilarni joylashtiradigan maxsus chiqindi qutilari o‘rnatilmaganligi aniqlandi. Chiqindi qutilari o‘rnatilmagan barcha tashkilotlarning mas’ul xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 912-moddasiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jarimalar qo‘llanildi», deyiladi postda.
Kun.uz holat yuzasidan Dehqonobod tumani XTB mudiri Baxtiyor Yusupovdan izoh oldi. Uning aytishicha, ekologiya inspektorlarining maktab direktorlarini jarima qilishi birinchi holat emas. 2020 yilda ham bir qancha maktablarning direktorlari jarimaga tortilgan.
«Maktablarda chiqindi quti o‘rnatish uchun xalq ta’limi bo‘limi smetasida mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmagan. Chiqindi quti arzon narsamas va uni ekologiya, obodonlashtirish yoki hokimiyatdan biri o‘rnatishi kerak», deydi Baxtiyor Yusupov.
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ham maktablarga o‘rnatiladigan chiqindi qutilari hududiy ekologiya bo‘limlari tomonidan o‘rnatilishi lozimligini bildirdi.
Dehqonobod tumani ekologiya bo‘limi O‘ktam Jo‘lliyev esa boshqacha fikrda.
«Dehqonobod tuman XTBga joriy yil bahorda maktablar hududida chiqindi qutilarini o‘rnatish va tuman «Toza hudud» DUK bilan shartnoma tuzib maktablardan chiqarilayotgan turli chiqindilarni o‘z vaqtida chiqarish choralarini ko‘rish uchun xat chiqarganmiz. Tuman XTB xatimizni e’tiborsiz qoldirdi. Maktablarga qimmat chiqindi konteyner o‘rnatish shartmas. Kichik chiqindi qutilari o‘rnatilsa ham bo‘ladi. Uni tuman XTBga ajratilgan pullarga sotib olsa ham bo‘ladi», dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha tuman ekologiya bo‘limiga adliya bo‘limi tomonidan chiqindi qutilari o‘rnatilmagan maktablar mutasaddilarini ma’muriy javobgarlikka tortish haqida taklif xati chiqarilgan va ular shu xat asosida tekshirish olib borishgan.
O‘ktam Jo‘lliyev chiqindi quti o‘rnatilmagan maktab direktorlariga hali jarima qo‘llanmagani, aniqlangan holatlar tuman Adliya bo‘limiga yuborilganini aytdi. Viloyat ekologiya boshqarmasi axborot xizmati u taqdim etgan ma’lumotlarni boshqarmaning telegram kanaliga noto‘g‘ri chiqarib yuborgan.
Tuman XTB mudiri Baxtiyor Yusupov maktablar jarimaga tortilganini va bu birinchi marta emasligini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, tuman ekologiya xodimlari tomonidan 2020 yilda ham bir qancha maktablarning direktorlari asossiz jarimaga tortilgan. Ularning ro‘yxati va to‘langan jarimalarning hisob-kitob qog‘ozlari tuman XTB buxgalteriyasida saqlanmoqda.
«Tuman ekologiya bo‘limidan bizga xat chiqarilgani to‘g‘ri. O‘sha xat bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan tumandagi 100 ga yaqin maktabdan 24 tasidan chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha «Toza hudud» DUK bilan shartnoma qilingan. Uzoq tog‘li hududlarda joylashgan maktablarga chiqindi olib chiqib ketadigan mashinalar bora olmaydi. Shu sababli «Toza hudud» DUK bilan qilingan shartnomaga ular kiritilmagan. Biz shartnoma qilingan maktablardan chiqindini olib ketishgani uchun pul to‘layapmiz. Ammo chiqindi quti o‘rnatish bizning ishimiz emas», deydi B.Yusupov.
Kun.uz mazkur masala yuzasidan tegishli tashkilotlardan asosli munosabat kutib qoladi.
Kun.uz muxbiri G‘ayrat Yo‘ldosh