Farg‘onada to‘lg‘oq tutayotgan ayol tug‘ruqxonaga kiritilmagani aytildi. Vazirlik izoh berdi

Jamiyat 12:07 / 16.12.2021 26163

Lavhadagi izohda aytilganidek, shifokorlar propiska tufayli ayolni qabul qilishni rad etganlari ko‘rinmagan. Aksincha, ayolning yaqinlari uni olib ketishga urinishgan, shifokor esa olib qolishga harakat qilgan va shu yerda tug‘dirish zarurligini, ayol boshqa joyga yetib bora olmay qolishi mumkinligini bildirgan.

«Nega endi bunaqa qilyapsiz, nega avval qabul qilmayman dedingiz-da, endi videoga olayotganimizda o‘zgarib qoldingiz? Yo‘q, biz endi olib ketamiz. Siz propiska talab qilib, qabul qilmayman dedingiz, endi biz boshqa joyga olib boramiz. Tug‘maydi endi. Bir narsa bo‘lsa, javob berasiz. Hozir pul so‘rayotgandingiz-ku, qabul qilmayman degandiz-ku. Men prezidentgacha chiqaman», deydi videoga olayotgan erkak.

Ism-sharifi noma’lum shifokor ayol o‘zi ham telefoni orqali videoga olgan holda bemorning yaqinlari tasvirga olishlariga qarshilik qiladi.

«O‘chiringlar videoni. Qoldir buni, sen kimsan o‘zi, nega videoga olyapsan? Ichki ishlarni chaqiring. Borolmaydi bu boshqa joyga... bilasanmi seni nima qiladi, haromi, eshshak! Ketmaydi, shu yerda tug‘adi», deydi shifokor.

Voqeaning eng ta’sirli jihati – butun jarayon davomida homilador ayol to‘lg‘oqdan azoblanib turgani aks etgan.

Keyinchalik kelinning qaynonasining aytishicha, ayol tez yordam bilan markazga olib borilgan, lekin shifokorlar hali muddat borligini, bu yerda pul to‘lanishi, o‘zlari tegishli hudud – Vodil qishlog‘iga olib borish kerakligini aytishganini bildirgan.

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish uchun Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan bog‘landi.

– Elmira Erkinovna, ziddiyatning birlamchi sababiga kelsak, umuman, homilador ayolga propiska talabi qo‘yilishi to‘g‘rimi?

– Propiska faqat tug‘ruqqacha bo‘lgan jarayondagi ko‘riklarda, davolanishlarda talab qilinadi, xolos. Ya’ni har bir ayol o‘z hududida bepul tibbiy ko‘riklardan o‘tishi, davolanishi mumkin. Lekin shoshilinch holatlarda, to‘lg‘oq tutganda bunday talab qo‘yilishi asossiz.

– Farg‘onadagi holat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqdami? Shifokorlarga nisbatan qanday choralar ko‘rilyapti?

– Avvalo aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishimiz shart, ya’ni ayni paytda kimnidir aybdor deb e’lon qila olmaymiz. Videoda faqat shifokor ayolni olib qolishga uringani, yaqinlari esa olib ketishgani aks etgan.

Bu yerda men hozircha umumiy tibbiyot talabi va shaxsiy fikrimni ayta olaman – bemor bilan til topa olmasa, tez tibbiy yordam berish yo‘lini qilmasa, demak ayb shifokorda bo‘ladi. Bu holatda shifokor har qanday talablarni chetga surib, zudlik bilan ayolga yordam berish choralarini ko‘rishi zarur edi. Chunki to‘lg‘oq tutayotgan ayol bilan har qanday vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Yaxshiki ayol eson-omon ko‘zi yorigan, ona ham, bola ham sog‘-salomat.

Endi holatga kelsak – biz bu masalani muhokama qildik, kamida uch kishidan iborat komissiya tuziladi va holat batafsil o‘rganiladi. Shundan keyingina rasmiy xulosa berishimiz mumkin. Shifokor kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani tasdiqlansa, albatta qonun doirasidagi chora ko‘riladi. Buni o‘z nazoratimga olaman.

– Videoda tasdiqlashga hojat bo‘lmagan holat ko‘ringan – shifokor ayolning yaqinlarini haqorat qilmoqda. Bunga qanday baho berasiz?

– Bemorning yaqinlarining hayajonini to‘g‘ri tushunaman. Yuqorida aytganimdek, komissiya xulosasini kutamiz va shundan keyingina xulosamizni aytamiz. Haqorat holatini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi, biz o‘z vakolatimiz doirasida chora ko‘ramiz. Shuningdek, bemorning yaqinlari ayni holat bo‘yicha tegishli organlarga murojaat qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: