Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida fuqaroning uyi yonib ketgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, bugun 2021 yil 16 dekabr kuni soat 08:27 larda Chiroqchi tumani «Obod» MFY Qoraburuq qishlog‘ida yashovchi 1968 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.L.ning uyida yong‘in sodir bo‘lgan.
Voqea joyiga soat 08:40 larda 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi yetib borgan. Yong‘in soat 09:22 larda o‘chirilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘indan xonadonning taxminan 90 metr kvadrat maydonda ichki va tom qismi zarar ko‘rgan. Qutqaruvchilar tomonidan uy jihozlari saqlab qolingan.
Qayd etilishicha, hodisada hech kim jabrlanmagan va halok bo‘lmagan. Hozirda yong‘in sabablari va zarari aniqlanmoqda.