Buxoro viloyatida haydovchilik guvohnomasi olib berish uchun tamagirlik qilgan shaxs qo‘lga olindi.
Buxoro viloyati IIB xabariga ko‘ra, 34 yoshli R.R. o‘zga bir fuqaroni aldab, unga vakolatli tanishlari orqali 650 ming so‘m evaziga haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilgan. U huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda kimyoviy ishlov berilgan pullarni olayotganda ushlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Oldinroq Jizzaxda fuqaroga o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan «V» toifadagi guvohnoma olib berishi evaziga 1,2 million so‘m so‘ragan shaxs va uning avtomaktabdagi sherigi, ayni shu «xizmat» uchun 400 ming so‘m pora talab qilgan avtomaktab xodimi, G‘ijduvon tumanida fuqaroni tanishlari orqali imtihondan o‘tkazib qo‘yib, haydovchilik guvohnomasini «hal qilib berish» maqsadida 2,45 million so‘m olgan shaxs ushlangandi.
Bu turdagi jinoyatlarning sodir etilayotgani sohada inson omili ko‘pligi bilan bog‘liq. Shu sababli kelgusida haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihonlar respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich xususiy markazlarda amalga oshirilishi, bunda imtihonlar to‘liq inson faktoridan xoli tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.
Savol tug‘iladi: sohada amalga oshirilishi kutilayotgan islohotlar tizimni korrupsiya changalidan qutqara oladimi? Albatta, imtihon olish jarayoni shaffof va inson omilidan xoli bo‘lmasa, tizim korrupsiya botqog‘ida qolaveradi. Vaziyat o‘nglanmas ekan, ko‘chalarda o‘qimagan malakasiz haydovchilar ko‘payaveradi, ular tomonidan sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida har yili minglab insonlar halok bo‘laveradi.