Besh tashabbus bahonami? Maktab uchun mo‘ljallangan yer tadbirkorga berib yuborildi

Jamiyat 20:49 / 14.12.2021 12095

Toshkentning biqinida maktab, bog‘cha, suv havzasi va boshqa ijtimoiy obektlar uchun ajratilgan hududda kottejlar qurilmoqda. Noqonuniy ekani shundoqqina ko‘rinib turgan qurilishni hatto hukumat komissiyasi ham to‘xtata olgani yo‘q.

Zangiota tumani Farobiy mahallasi fuqarolaridan Kun.uz'ga shikoyat tushdi. Unda ushbu mahalla tashkil etilgan vaqtlarda maktab va bog‘cha qurish uchun qoldirib ketilgan yer maydoni tuman hokimi qarori bilan turar joylar (kottej) qurish uchun tadbirkorga berib yuborilgani aytiladi.

Kun.uz O‘zbekistonda maktab yetishmovchiligi eng katta muammolardan ekanidan kelib chiqib, bu murojaatni joyiga chiqib, batafsil o‘rganishga qaror qildi.

Mahalla faollaridan Alisher Sodiqov muammo atrofidagi manzarani tasvirlab berdi.

“Bu yerdagi 4 ta mahallada 17 ming kishi istiqomat qiladi. Uzoq nuqtasidan turgan joyimizgacha 2,5 km. Na maktab, na bog‘cha, na biror choyxona, na sport majmuasi bor. Hech narsa yo‘q. 1 km narida bitta maktab bor, 1970-yillarda qurilgan. Bir sinfda 40-45 bola o‘qiydi. 1600-1700 o‘quvchi tahsil oladi. 3-smenaliklari bor hatto.

Bu yer maktab uchun qoldirilgan joy edi. Nima uchun maktab qurilishi kerak bo‘lgan joyga tadbirkor uy qurmoqda. (Hokim) qaror chiqarganda prezidentning besh tashabbusi ijrosini ta’minlash maqsadida deyilgan, besh tashabbus nima ekanini bilarmikan hokimning o‘zi? Besh tashabbusda uy qursin demagan, qolaversa, xalq rozi bo‘lmagan. Ular xalq rozi deyishmoqda.

Shu kecha-kunduzda yerni nol qiymatda berishga hokimning vakolati yo‘q-ku. O‘g‘rilik qilsa, qamashadi, bu yerda shuncha yer olib qo‘yilyapti. Nega nol qiymatda beradi? Shu yerga maktab va bog‘cha quraman deb kelgan tadbirkorga bu yer sug‘oriladigan maydon, mumkin emas, deyishdi. Oradan 1 oy o‘tmasdan, tashlandiq bo‘lib qoldi o‘zidan o‘zi. Boyagi tadbirkorga mumkin bo‘lishi uchun nimadir qilishi kerakmidi?” – deydi Alisher Sodiqov.

40 yil loyihachi konstruktor-muhandis bo‘lib ishlagan Ma’mura Nosirova muammo xususida bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘zlab berarkan, “haqiqatni aytgani uchun yomonotliq bo‘lib qolgani”ni ta’kidladi.

“Sakkiz hudud rahbari Bosit Yo‘ldoshevning o‘zi mahalla komissiyasini olib kelib, 4 ming inson taqdiriga befarq bo‘lib, xuddi o‘zining hovlisining etagini sotgandek, auksionsiz, mahallaning muhri bilan, imzo qo‘yib bergan. Menimcha, bular pulsiz berib yubormagan yerni. Chunki bu qurilish million-million dollar turishiga ahmoqning ham aqli yetadi. Ham bular birinchi majlisdagilarni aldagan. Shvetsiyaning podstansiyasini quraman, gaz olib kelaman, u-bu deb va hozir tayyor yerni “zaxvat” qilib o‘rab olishdi. Hokimning Jasur ismli o‘rinbosari kelib, chollarni aldamoqda, 600 o‘rinli maktab quramiz, bog‘cha quramiz deb, natijada chollar duo beryapti.

“Sizlar investormisizlar, investor 1 so‘m kiritsa, 1000 so‘m qilib olmasa, investitsiya kiritmaydi-ku. Sizlar tekin maktab qurib beryapsizlarmi?” desam, pulli deyishdi. Shunda chollarning biri hassasi bilan bir urib: “Sen bizni aldayapsanmi?” dedi. Bu yerda 80 foiz aholi kambag‘al turadi, o‘zbekning farzandi ko‘p bo‘lsa, qay birini pulli maktabda o‘qitadi?

Loyihada na maktab, na besh tashabbusda belgilangan bino-inshootlarning hech biri yo‘q edi. “Arzon qurib, qimmat sotamiz”, qilmoqchisizlar, kimni aldayapsizlar”, dedim.

Shundan janjal-to‘polon bo‘ldi, men qaroqchiga chiqib qoldim. Haqiqatni aytganimga yomon bo‘ldim. Shundan so‘ng biz faol fuqarolar bu boshboshdoqlikka qarshi shtab tuzdik va tegishli idoralarga murojaat qilishni boshladik”, – deya so‘zlab berdi Ma’mura Nosirova.

Xullas, Farobiy mahallasi faollari 9 sotixli xususiy maktab qurilishiga rozi emasliklarini, ularning arz-dodini hech kim eshitmayotganini bildirishdi.

Hokimlik nima deydi?

Shikoyat yuzasidan izoh olish va ayrim savollarimizga javob topish maqsadida tuman hokimligiga bordik va hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jasur Usmonaliyev bilan suhbatlashdik.

“2020 yil 2 aprelda Zangiota tuman hokimining 217-son qaroriga asosan Nazarbek hududi, Farobiy mahallasidagi 204-konturda joylashgan bo‘sh yer maydoni Skytech Line MChJga tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun ajratib berilgan.

Davlat rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda yangi tizim asosida 5 tashabbus loyihasini amalga oshirishni ilgari surgan. Ushbu topshiriqlarni hayotga tatbiq etish maqsadida sobiq Nazarbek MMTP hududida Skytech Line MChJ tomonidan loyiha qiymati 43,5 mlrd so‘m bo‘lgan ishlarni amalga oshirish belgilangan.

Bu yerda yoshlar suzish havzasi, kutubxona, kinoteatr, Wi-Fi hududi, futbol maydonchasi kabi ko‘ngilochar obektlarni qurish belgilangan. Ushbu inshootlarni qurib berish sharti bilan tuman hokimining aynan 217-son qaroriga asosan 204-konturdagi yer ajratilgan. MMTP hududida amalga oshirilishi belgilangani birinchi loyiha, 204-konturdagi esa ikkinchi loyiha. Qarorning ham birinchi bandida birinchi loyiha qurib berilishi bilan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, deb ko‘rsatib ketilgan”, – deya izoh berdi Jasur Usmonaliyev.

Hokim o‘rinbosari aholi vakillari bilan ko‘plab uchrashuvlar bo‘lganini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman hokimi “aholi e’tirozlarini inobatga olgan holda” 600 o‘rinli xususiy maktab va 300 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish bilan loyihani o‘zgartirishga topshiriq bergach, loyiha o‘zgartirilgan. “Fuqarolar talabidan kelib chiqqan holda” hududda xususiy maktab va bog‘cha qurishga qaror qilingan.

O‘rinbosarning iddaosiga ko‘ra, bu hududda yashaydigan fuqarolar farzandlarini Toshkent shahridagi xususiy maktablarga beradi. Shundan kelib chiqib, bu yerda xususiy maktab tashkil etishga qaror qilingan.

“Biz o‘rganish olib borganimizda, mahallada yashaydigan fuqarolarning aksariyati farzandlarini Toshkentdagi xususiy maktablarga berishi aniqlandi. Shundan kelib chiqib, talab bo‘lgani bois bu yerda xususiy maktab tashkil etmoqchimiz. Qolaversa, shu hududdagi 8-o‘rta maktab sig‘imi qo‘shimcha bino barpo qilish orqali kengaytiriladi.

Shuningdek, Farobiy mahallasidagi farzandlarini pulli maktablarda o‘qita olmaydigan oilalarning 90 nafar farzandi barpo qilinayotgan xususiy maktabda bepul o‘qitiladi. 40 nafar bola maktabgacha ta’lim tashkilotida bepul tarbiyalanishi yo‘lga qo‘yiladi”, – Usmonaliyevning so‘zlari.

Shu o‘rinda aytish joizki, hokim o‘rinbosarining: “Fuqarolar talabi bilan xususiy maktab va bog‘cha quriladi” degan gapi va rasmiy xat-hujjatlardagi yozishmalar bir-biriga mos kelmaydi. Bizga murojaat qilgan aholi vakillari ham ularga xususiy maktab yoki bog‘cha kerakmasligini ta’kidlashdi.

2020 yil 3 oktyabr kuni Farobiy mahalla faollari yig‘ilishida qatnashganlarning aksariyati, bo‘sh turgan joyda maktab va bog‘cha qurish maqsadga muvofiq, degan fikrni bildirishgan.

Qolaversa, Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasining Xalq ta’limi vazirligiga 2020 yil 9 iyulda yo‘llagan xatida va Maktabgacha ta’lim vazirligining 2021 yil 23 iyuldagi Toshkent viloyati hokimligiga yuborgan xatlarida vaziyat umuman boshqacha tasvirlangan.

Xususan, Xalq ta’limi boshqarmasi xatida hududdagi 8-sonli umumta’lim maktabi 1972 yilda 1200 o‘ringa mo‘ljallab qurilgani, unda 1485 o‘quvchi 2 smenada ta’lim olayotgani ma’lum qilingan. Shu bilan birga, 2020 o‘quvchi Toshkent shahridagi maktablarga qatnab ta’lim olayotgani, mazkur hududda 1320 o‘rinli umumta’lim maktabi qurish ehtiyoji borligi ta’kidlangan.

Boshqarmaning 2021 yil 6 iyuldagi xatida qayd etilishicha, Nazarbek hududida 5 ta mahalla tutashgan joyda 2,2 ga yer maydoni 34 yil oldin umumta’lim maktabi va bolalar bog‘chasi uchun ajratib qoldirilgan, lekin shu kungacha bu yer maydonida noma’lum sabablarga ko‘ra maktab qurilmay qolgan.

Xaritaga qaralsa, 16 mingdan ortiq odam istiqomat qiladigan uchtagina mahallaning o‘zida (Nazarbek hududida 5 ta mahalla bor) 2876 o‘quvchi bo‘lsa-da, umumta’lim maktabi bittaligi tuman mutasaddilarini tashvishga solmayotgan ko‘rinadi.

Qolaversa, kottej qurish uchun tadbirkorga berilgan yer aynan umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim muassasasi qurishga eng munosib joyligi ko‘rinib turibdi. Chunki u katta yo‘ldan chetda, mahallalar tutashmasida joylashgan.

Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov imzosi bilan Toshkent viloyati hokimligiga yuborilgan xatda: “...Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Nazarbek hududi, Forobiy mahallasi hududida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishida amaliy yordam ko‘rsatish” so‘ralgan.

Qurilish vazirligi mutasaddilari, “Qishloqqurilish” bo‘yicha loyihalash ilmiy instituti xodimlari va mahalla faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilish bayonida, shuningdek, Qurilish vazirligining takliflari aks etgan va Vazirlar Mahkamasiga yo‘llagan xatida kottej qurish jarayoni ro‘yxatdan o‘tmagani, bunga ruxsat ham olinmagani bildirilgan.

Alohida qayd etishni istardikki, tuman hokimi Abduvahob Tamikayevning fuqaro murojaatiga hamda viloyat hokimligiga yo‘llagan javob xatlarida chalg‘ituvchi uslub, ya’ni “so‘z o‘yini” qo‘llangan deyish mumkin.

“...loyihalar ishga tushishi natijasida mazkur hududda 600 o‘rinli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 250 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti ... tashkil etiladi”, – deyiladi hokim xatida.

Ammo, e’tibor qilgan bo‘lsangiz, xatda xususiy maktab va xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti deyilmagan, aksincha “600 o‘rinli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 250 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilot”, deb yuqori turuvchi mutasaddilar chalg‘itilgan, nazarimizda.

Aholi dod deganicha bor

Biz hujjatlarni o‘rganar ekanmiz, tadbirkor nima uchundir qurilish ishlarini birinchi loyiha ijrosidan emas, balki ikkinchisidan boshlagani, jilla qursa, ikkisini barobar boshlamaganini aniqladik.

Bu kitobni oxiridan o‘qishga o‘xshamaydimi? Bizningcha, shunday. Chunki tadbirkor kottejlarni qurib, foydasini olib bo‘lgach, asosiy vazifasini bajarishiga kim kafolat bera oladi? Nimadir, bir bahona bilan vazifani zimmasidan soqit qilsa, yoxud “kasodga uchrasa” (sun’iy ravishda kasodga uchrashi ham mumkin-ku) qaysi vallomat unga “5 tashabbus bo‘yicha zimmangda 43,5 mlrd so‘mlik loyiha ham turibdi, o‘sha vazifalarni bajarib, so‘ng kasodga uchraysan”, deya oladi? Hech kim.

Lekin tuman mutasaddilarining bu borada “ancha ko‘ngli to‘q” ko‘rindi. Hokim o‘rinbosarining aytishicha, kottejlar qurib bitkazilgach, asosiy hududdagi bino-inshootlar qurib bitkazilmasa, kottejlar foydalanishga qabul qilinmas ekan. Tuman hokimining o‘rinbosari bu ehtimollarga bergan javobi shunday xulosa qilishga asos bo‘ladi.

Ayni masalaga Jasur Usmonaliyev quyidagicha izoh berdi.

“Bu yer maydoni (204-kontur) tadbirkorga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan. Besh tashabbus boshqa obektda qurilgan, qurmoqda, quradi. Bu ikkovi bir-biri bilan bog‘liq. Ko‘pchilik fuqarolar kottejlar qurilayotgan joyga e’tibor qaratmoqda, lekin ikkinchi manzil yoddan chiqyapti. Aslida, bu joy MMTP hududida ijtimoiy obektlarni bepul qurib berish sharti bilan berilgan”, – dedi Zangiota hokimi o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, MMTP hududi bo‘yicha loyiha viloyat hokimligida ko‘rib chiqilmoqda. Demak, tadbirkor, hokimlikning noqonuniy (noqonuniy deyishimizning sababini quyiroqda tushuntiramiz) bo‘lsa-da, mantig‘iga ko‘ra, MMTPda binolarni bepul qurib beradi, unga sarflagan mablag‘ini 204-konturda kottej qurib, sotish evaziga foydasi bilan qaytarib olishi kerak. To‘g‘ri tushundingiz, aslida ham hokim qarori qonuniy asosga ega bo‘lganida shunday bo‘lishi kerak edi. Ammo tadbirkor birinchi foyda olish tomonini boshlab yuborgani ajablanarli emasmi?

Shunday ekan, ikki hudud bitta ekanini aytish bilan hokimlik kimni chalg‘itishga urinmoqda, degan haqli savol ham tug‘iladi.

Endi hokimlik qaroridagi ayrim noqisliklarga ozgina izoh beramiz.

Dastlab tuman prokurorining protesti haqida.

Zangiota tuman prokuraturasining 2021 yil 13 avgustda fuqarolarga yo‘llagan javob xatida ma’lum qilinishicha, “tuman hokimining mazkur qarori Yer kodeksining 44-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi ... 370-sonli qarori talablariga zid ravishda qabul qilinganligi sababli uni bekor qilish to‘g‘risida protest keltirildi”.

Prokuror protestiga hokimlik pinagini buzmagan desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Shu bois masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yish uchun tuman prokuraturasi Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritishga majbur bo‘lgan.

Shu joyda 204-kontur, tuman hokimligi ta’kidlaganidek, qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydoni edimi, degan savolga ham hujjatlar asosida javob berib ketsak.

Tuman kadastrining 2021 yil 31 avgust kuni Xalq qabulxonasiga yo‘llagan javob xatiga ko‘ra, “murojaatda ko‘rsatilgan yer maydoni qishloq xo‘jaligi xaritasining Nazarbek hududi 204-konturida joylashgan bo‘lib, umumiy yer maydoni 2.396 gektar, ball boniteti 56 ko‘rsatkichda belgilangan”.

Soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2021 yil 12 oktyabrda qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrullo Boboyevga yo‘llagan xatida esa tuman hokimi qaroridagi bir qancha kamchiliklar va noqonuniy holatlar sanalgan. Jumladan, hokim qarorida ajratilayotgan yer maydonining aniq ko‘rsatkichlari keltirilmagan:

“...ajratilayotgan yer uchastkasining asosiy atributlari (yer turi, kontur raqami, ball boniteti, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi ko‘rgan zarar miqdori) ko‘rsatilmagan. Buning natijasida qarorda ko‘zda tutilgan yer maydoni aynan hozirda qurilish ishlari boshlanayotgan yer maydoni ekanligini identifikatsiya etish mushkullashadi”.

“3. Muammo kelib chiqqan yer maydoni “O‘zdaverloyiha” instituti tomonidan 2011 yilda o‘tkazilgan xatlov natijasiga ko‘ra, (tuman hokimining 23.12.2011 yildagi 930-sonli, viloyat hokimining 28.02.2012 yildagi 39-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan) sug‘oriladigan yer maydoni hisoblanib, Nazarbek massivi qishloq xo‘jalik xaritasining 204-konturiga to‘g‘ri keladi”.

Kadastr agentligi xatining davomida yanada qiziq ma’lumotlarga duch keldik. Unda tuman hokimi qarori qabul qilinishida Yer kodeksidan tashqari Prezident farmoni talablariga ham rioya qilinmagani yoziladi:

“Noqishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer maydoni ajratish haqidagi tuman hokimining 2020 yil 2 apreldagi 217-sonli qarorining qabul qilinishida O‘zR Yer kodeksi 44-moddasi hamda O‘zR Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi PF-5742-sonli farmoni 5-bandi talablariga rioya qilinmagan.

Tuman hokimining yuqorida qayd qilingan qarori preambulasida huquqiy asos sifatida keltirilgan normativ-huquqiy hujjatlar rejalashtirilayotgan bino-inshootlarni qurishga asos bo‘lsa-da, sug‘oriladigan yer maydonida bu ishlarni amalga oshirishga asos bo‘la olmaydi.

Bundan tashqari, mazkur talablarga zid ravishda tuman hokimining 2021 yil 10 martdagi 314-sonli qarori bilan 2020 yil 2 aprelda qabul qilingan 217-son qarorining 2-bandiga “...zamonaviy va qulay turar joylar...” so‘zlari qo‘shimcha sifatida kiritilib tasdiqlangan”.

Qolaversa, Kadastr agentligi xatida mas’ul tashkilotlarning xulosalari hokim qarori imzolanganidan so‘ng 1-2 kun ichida rasmiylashtirilganiga ham e’tibor qaratilgan:

“Loyihani amalga oshirish uchun mas’ul tashkilotlarning xulosalari tuman hokimining qarori 2020 yil 2 aprelda qabul qilinganidan so‘ng 1-2 kun o‘tib rasmiylashtirilgan.

Misol uchun, tuman ekologiya bo‘limining 03.04.2020 yildagi 107-sonli, tuman FVV bo‘limining 03.04.2020 yildagi 226-sonli, tuman yo‘llardan foydalanish korxonasining 04.04.2020 yildagi 1-1/188-sonli, tuman sog‘liqni saqlash bo‘limining 04.04.2020 yildagi 22-sonli xulosalari berilgan”.

Aslida muammo qayerdaligi aniq ko‘rinib turgan masala bo‘lsa-da, qonunchilikda noqonuniy qarorni bekor qilish bo‘yicha aniq bir tizim yo‘qligi bois shunchalik chigallashganki, hatto Vazirlar Mahkamasi huzurida 4 vazirlik, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kadastr agentligining yuqori lavozimli mulozimlari, viloyat hokimi o‘rinbosari, Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari ishtirokida ishchi guruh tuzilgan.

Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ramatov mazkur ishchi guruhga “...murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan barcha holatlarning yechimi yuzasidan qonuniy choralar ko‘rsin...”, – deya topshiriq bergan.

Qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrullo Boboyev raisligida 2021 yil 8 oktyabrda bo‘lib o‘tgan sayyor yig‘ilish bayonida kelishilgan masalalar qayd etiladi va shu asosda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi. Xatda qayd etilishicha: Farobiy (1259) Qirguzar (1400) Ahilobod (830) mahallalarida maktab o‘quvchilari soni 1964 nafarni tashkil etadi, 0-7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 1525 nafardan iborat bo‘lib, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud emas”.

Vazirlik takliflarining ayrimlariga ko‘z yugurtirsak, vaziyat yanada oydinlashib, ortiqcha savollar deyarli qolmaydi:

 “...ajratilgan yer maydonida Skytech-Line MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlarini muammoning mantiqiy yechimi hal qilingunga qadar to‘xtatish;

...Zangiota tumani hokimining 2020 yil 2 apreldagi 217-sonli, 2020 yil 10 martdagi 314-sonli qarorlarini belgilangan tartibda bekor qilishni ko‘rib chiqish;

...Maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish uchun 0,55 gektar, umumiy o‘rta ta’lim maktabi qurish uchun 0,6 gektar yer maydoni tanlash va ajratish;

240 o‘rinli MTT hamda 660 o‘rinli umumiy o‘rta ta’lim maktabi qurilishini markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshirish;

Qolgan yer maydonlarini aholiga xizmat ko‘rsatish ... obektlari qurilishi uchun qonunchilikda belgilangan tartib, ya’ni “E-IJRO auksion” savdo maydonlariga qo‘ygan holda realizatsiya qilish”.

Xullas, bir tomonda mutasaddilar hokim qarori va mahalla faollaridan tushgan murojaatlarni o‘rganish, qonuniy yechim topish, hokimning noqonuniy qarorini bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘rish, tomonlar bir-birini sudga berish bilan ovora bo‘lib turgan holatda bir tomon yutuqda. “Skytech-Line” MChJ o‘ziga ancha bahsli ravishda ajratilgan yer maydonida qurilish ishlarini bamaylixotir davom ettirmoqda. Chunki tadbirkor yaxshi biladiki, binolar qurilgach, ularni buzish uchun ham navbatdagi sud amaliyotlari boshlanadi.

Shunday ekan, ayni chog‘da birlamchi savol turibdi: noqonuniy qurilishni KIM to‘xtatadi? Afsuski, bu savolga javob bera oladigan mard hozircha topilgani yo‘q.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov

Ko‘proq yangiliklar: