Bola parvarishlash davrini mehnat stajiga qo‘shish taklif etilmoqda

Jamiyat 19:43 / 13.12.2021 12401

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan bola parvarishi bilan band bo‘lgan ayollarning farzandiga qaragan davrini mehnat staji sifatida e’tirof etish masalasi ilgari surilmoqda.

13 dekabr kuni o‘tkazilgan partiya fraksiyasi yig‘ilishida mazkur masala ko‘rib chiqildi, deya xabar qilmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.

Qayd etilishicha, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Hujjat asosida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga bir qancha o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Jumladan:

  • bolani parvarishlash vaqtining hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 6 yillik davrni ish stajiga qo‘shib hisoblash;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi to‘lovlarini marhumning qaramog‘idagi farzandlariga, ular 18 yoshgacha, agar umumiy o‘rta ta’lim muassasasi, akademik litsey va oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan bo‘lsa 23 yoshga to‘lgunga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini to‘lash;
  • nogironligi bolalikdan bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaragan davrini ish stajiga qo‘shib hisoblash kabi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, respublikada xavfli yuqumli kasalliklar tarqalish davri yuz berganda pensiya olish huquqi vujudga kelgan fuqarolar, cheklovlar paytida yoki tugagandan so‘ng 1 oy ichida pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilsa, ularga pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan sanadan pensiya tayinlash taklif etilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: