YeChLda so‘nggi o‘yinlar. «Barsa» guruhda qolib ketdi

Sport 12:51 / 09.12.2021 10986

Katalonlar muhim o‘yinga ham alohida tayyorlana olmadi, endi jamoa bahorda Yevropa Ligasi o‘yinlarida qatnashadi. Myuller esa — «Barselona»ning dahshatli tushi bo‘lib qolmoqda.

Ye guruhi
«Bavariya» — «Barselona» — 3:0
(Myuller, 34. Sane, 43. Musiala, 62).
Bavariya – Noyyer, Pavar, Zyule (Nyanzu, 78), Upamekano, Devis (Richards, 71), Tolisso (Roka, 60), Musiala, Myuller, Levandovski (Tillman, 77), Koman (Sarr, 71), Sane. 
Barselona – ter Stegen, Arauxo, Pike, Langle, Alba (Mingesa, 31), Buskets, de Yong (Puch, 73), Gavi (Demir, 86), Dest (Niko, 46), Depay, Dembele (Koutino, 73).

«Benfika» — «Dinamo» K — 2:0 (Yaremchuk, 16. Jilbertu, 22).
Benfika – Vlaxodimos, Jilberto (Lazaro, 73), Vertongen, Otamendi, Almeyda, Grimaldo, Mariu (Taarabt, 73), Vaygl, Pitssi (Everton, 59), R.Silva (Bernardu, 82), Yaremchuk (Nunes, 82). 
Dinamo Kiyev – Bushchan, Timchik, Sirota, Zabarniy, Mikolenko, Tsigankov (Karavayev, 79), Verbich (de Pena, 64), Sidorchuk (Andriyevskiy, 86), Shaparenko, Garmash (Ramires, 79), Buyalskiy.

Mo‘jiza sodir bo‘lmadi. Chempionlar ligasida qolish uchun «Barselona» safarda «Bavariya»ni mag‘lubiyatga uchratishi yoki «Benfika» o‘z uyida Kiyevning «Dinamo»siga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotishidan umid qilishi kerak edi. Lekin unisi ham, bunisi ham bo‘lmadi.

Ko‘k-anorranglilarning hozirgi tarkibi tajriba va mahorat bobida myunxenliklardan 2:8 hisobida mag‘lub bo‘lgan jamoadan ham ancha ortda. Kataloniyalik yoshlar haddan tashqari iste'dodli bo‘lishsa-da, «Lissabondagi dahshat»ni boshdan kechirgan Messi, Suares, Grizmann va Vidal darajasiga yetish uchun hali ko‘p yo‘l bosib o‘tishi kerak.

Bu safar barchasi u qadar dahshatli tugamadi, ammo «Bavariya» darajasi fonida ko‘k-anorranglilar yana ayanchli ahvolda ko‘rinishdi. Koronavirus cheklovlari tufayli tribunalar yopilgani fonida maydonda bir jamoa uchun hayot-mamot jangi emas, oddiy o‘rtoqlik uchrashuvi kechayotganga o‘xshardi. Mehmonlar birinchi bo‘limda oldinga tashlanishi kutilgandi, ammo bari aksincha kechdi. «Bavariya» katta kuch sarflab o‘ynamadi, kataloniyaliklarga to‘p berilmadi va tanaffusga qadar to‘pga egalik qilish bo‘yicha ikki barobar ustunlikka erishdi. Jordi Alba jarohat olgach, uning o‘rniga tushirilgan Mingesa esa Myullerni qo‘riqlay olmadi. Texnika arbitrga Arauxo to‘pni darvoza chizig‘idan o‘tganidan keyin qaytarganini ko‘rsatdi, nemis forvardi Chempionlar ligasida urgan gollari sonini 50taga yetkazdi, shundan sakkiztasini «Barselona»ga urgan.

Shu bilan birga, Myunxendagi birinchi gol urilishidan oldin «Barsa» faqat o‘z kuchiga tayanishi kerakligi ma'lum bo‘lib ulgurdi. Nazariy jihatdan «Dinamo»dan yordam kutish mumkin edi, ammo o‘yinning ilk qismida o‘z vaziyatlaridan foydalana olmagan kiyevliklar jazolanishdi - Tsigankov bo‘sh qolgan darvozaga to‘pni to‘g‘ri yo‘llay olmadi, Yaremchuk esa Joau Mariuning uzatmasidan unumli foydalandi, «Benfika»ning Jilbertu muallifligidagi ikkinchi golidan keyin barchasi ayon edi: portugallar o‘z oldidagi vazifani bajarib bo‘lgandi.

Lissabonliklar tanaffusdayoq pley-off yo‘llanmasini nishonlashga kirishishdi. «Barsa» bu vaqtga kelib yana bir gol o‘tkazib yuborgan va Sane o‘z golini nishonlashga ham ishtiyoq topmagandi. Aftidan, u Germaniya termasidagi sherigi ter Shtegenga ko‘proq achindi, darvozabon qor va yomg‘ir omili tufayli ro‘paradan kelgan to‘pni o‘tkazib yubordi.

Bu epizod yana bir bor tasdiqladi — hozirgi inqirozdagi «Barselona» Chempionlar ligasi pley-offida o‘ynashga haqli emas.

Ikkinchi bo‘lim boshida yana bir gol urgan mezbonlar, keyin raqibni ochiqchasiga ayashdi. E guruhidagi yakuniy vaziyat: «Bavariya» 18 imkoniyatdan 18 ochko jamg‘arib, 1/8 finalga Chempionlar ligasining asosiy favoritlaridan biri sifatida yo‘l oldi. «Benfika» 8 ochko to‘plagan holda ikkinchi o‘rin bilan pley-offga o‘tdi. Mirchi Luchesku boshqaruvidagi kiyevliklar atigi 1 ochkoga ega bo‘lishdi. «Barselona» (7) bu safar Chempionlar ligasida 6 o‘yinda atigi ikki gol urdi va to‘qqiz gol o‘tkazib yubordi.

Bu jamoa bahorda 2001 yildan buyon ilk bor maqomi bo‘yicha ikkinchi darajali bo‘lgan yevrokubokda qatnashadi. O‘shanda Messi hali asosiy jamoa tarkibiga o‘tmagan, jamoaning buyuk avlodi davomchilari sifatida qaralayotgan Pedri, Ansu Fati va Gavi esa hali tug‘ilmagandi. Endi ular barini oppoq qog‘ozdan boshlashi kerak bo‘ladi.

So‘nggi intriga

F guruhi
«Atalanta» — «Vilyarreal»
— o‘yin 9 dekabrga qoldirildi

«Manchester Yunayted» — «Yang Boyz» — 1:1 (Grinvud, 9 — Rider, 42).
Manchester Yunayted – Henderson (Hiton, 68), Uan-Bissaka, Matich, Bayi, Shou (Menji, 61), Mata (Sevij, 89), Lingard (Iqbol, 89), van de Bek, Diallo (Shortayr, 68), Grinvud, Elanga. 
Yang Boyz – Fevr, Maseras, Lustenberger, Kamara (Lauper, 77), Lefor, Ngamale, Rider (Hefti, 62), Martins Pereyra, Ebisher (Serro, 62), Sebatsho (Kanga, 62), Elia (Mayyer, 87).

Bergamoga qor bo‘roni yopirildi va «Atalanta» stadionida bayramona muhit yuzaga keldi. Bunday vaziyatda pley-off yo‘llanmasiga ega chiqish yanada bayramona tus olardi. Ammo yo‘llanma taqdiri bir kun keyin hal qilinadigan bo‘ldi: stadion xodimlarining gazonni yaxshi holatga keltirish uchun qilgan harakatlariga qaramay, o‘yinni qoldirish haqida qaror qilindi.

Bu global muammo emasdi, faqat Italiyaga kelgan «Vilyarreal» muxlislarining ranjiganini aytmasa. Ularning barchasi ham payshanba kungi o‘yinni jonli ko‘rmasligi tayin, shu tufayli ispan klubi futbolchilari mehmonlar sektoriga kelishdi va o‘z muxlislarini olqishlashdi.

«Old Trafford»dagi o‘yin esa intriga nuqtayi nazaridan Italiyadagi qoldirilgan o‘yindan butkul boshqacha edi. Bu yerda Ralf Rangnik «MYu»ning Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi qator yulduzlariga dam berdi (jamoa allaqachon guruhda birinchi o‘rinni naqd qilib bo‘lgan) va yosh futbolchilarga imkon berishga qaror qildi. Chalqancha uslubda gol urgan Grinvud o‘z imkoniyatidan foydalandi, van de Bek esa o‘z jarima maydoni yaqinida oddiy vaziyatda to‘p yo‘qotdi va hisob tenglashtirilishiga sababchi bo‘ldi.

Avstriyaliklarning qahramonligi

G guruhi
«Zalsburg» — «Sevilya» — 1:0
(Okafor, 50).
«Volfsburg» — «Lill» — 1:3 (Shteffen, 89 — Buroq Yilmaz, 11. Devid, 72. Gomesh, 77).

Jamoalar tarkiblari Yevropa Ligasiga mos bo‘lgan eng kuchsiz guruhda so‘nggi o‘yinlarga qadar intrigalar saqlanib qoldi. Bu yerda so‘nggi tur oldidan ham barcha to‘rt jamoada pley-offga o‘tish imkoniyati mavjud edi.

«Lill» birinchi o‘rinni hech kimga bermaslikka qaror qildi va «Volfsburg»ni qarshi hujumda jazoladi va qolgan vaqt davomida hisobni ushlash uchun o‘ynadi. O‘yin oxirlarida mehmonlar raqib himoyasidagi pala-partishlikdan foydalanib, Devidni qulay vaziyatga chiqarishgach, barchaning nigohi Zalsburgdagi o‘yinga qaratildi.

Bu yerda «Sevilya»da hisobni ochish uchun ko‘plab imkoniyatlar bo‘ldi, ammo Munir darvozabon hududida turib to‘pni to‘singa qarata tepdi, bir necha daqiqa o‘tib «ho‘kizlar» jamoasining Adeyyemi va Okafordan iborat hujum tandemi golli vaziyatdan qanday foydalanish kerakligini namoyish etishdi. Andalusiyaliklarda o‘yinni qutqarish uchun yetarli vaqt bo‘lgan bo‘lsa-da, Xoan Xordanning ikkinchi kartochkasi vaziyatni murakkablashtirib yubordi.

Yakunda Xulen Lopetegi jamoasi o‘zi uchun sevimli bo‘lgan turnirga yo‘l oldi, «Zalsburg»ni esa tarixiy natija ko‘rsatib pley-offga chiqqani bilan tabriklash mumkin. Bu jamoaning 33 yoshli Mattias Yayssle boshchiligidagi avlodi Holand, Minamino, Sobosloi, Hvang va Avstriya chempionati orbitasini tark etgan boshqa yulduzlar uddalay olmagan ishni qilishdi.

N guruhi

«Yuventus» — «Malmyo» — 1:0 (Moyze Kin, 18)
Yuventus – Perin, de Vinter (De Shilo, 71), Bonuchchi, Rugani, Sandro, Rabo, Bentankur (Miretti, 90), Artur, Dibala (Morata, 46), Bernardeski (Kuadrado, 82), Ken (da Grasa, 90).
Malmyo – Diavara, Moysander, Nilsen, Ahmedhojich, Olsson, Rakip (Penya, 30), Birmanchevich, Kristiansen, Innosent (Nalich, 89), Berget, Cholak (Abubakari, 78).

«Zenit» — «Chelsi» — 3:3.
Gollar: Klaudino (38), Ozmun (41), Ozdoyev (90+4) — Verner (2, 85), Lukaku (62).
Zenit – Kerjakov, Karavayev, Lovren, Rakitskiy (Krugovoy, 66), Santos, Kuzyayev (Ozdoyev, 79), Barrios, Vendel (Mostovoy, 51), Malkom (Yeroxin, 79), Ozmun (Dzyuba, 79), Klaudino. 
Chelsi – Arrisabalaga, Aspilikueta, Kristensen, Sarr, Jyeyms, Saul (Alonso, 75), Barkli (Ziyosh, 65), Maunt, Hadson-Odoi (Pulishich, 65), Lukaku (Haverts, 75), Verner.

«Zenit» so‘nggi turda «Chelsi» bilan durang o‘ynadi — 3:3. Ikkinchi bo‘lim oxirlarida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Magomed Ozdoyev qo‘shimcha daqiqalar yakunida gol urdi va piterliklarni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Ozdoyev uchun bu tizzasidagi jiddiy jarohatdan tuzalganidan keyin o‘tkazgan ilk katta o‘yini bo‘ldi. Iyulda u «Ximki»ga qarshi o‘yinda tizza bo‘g‘imlari bog‘lami uzilishi tufayli to‘rt oy davolanib, mavsumning birinchi qismini o‘tkazib yuborgandi.

Sergey Semak ushbu havbekni asta-sekin tarkibga qaytarmoqda: avvaliga u «Nijniy Novgorod» bilan o‘yinda yarim soat o‘ynadi, o‘shanda piterliklar raqibni 5:1 hisobida mag‘lub etgandi, keyin — TsSKA bilan o‘yinda bir necha daqiqa berildi (2:0), endi esa Ozdoyev «Chelsi»ga qarshi o‘yinda 12 daqiqaga ega bo‘ldi.

Ozdoyev «Chelsi» himoyachisi Malang Sarr tomonidan uzoqlashtirilgan zarbani qayta darvozaga yo‘lladi, uning havodagi to‘pni to‘xtatmay yo‘llagan zarbasi «Chelsi» darvozasi «to‘qqizligi»ga bordi. Kepa Arrisabalaga to‘pga barmoqlari uchi bilan yetdi, ammo uni qaytara olmadi.

Bu Ozdoyevning 2021 yildagi ilk goli bo‘ldi, bunga qadar ushbu havbek «Zenit» uchun 2020 yil avgustida gol urgandi. Bu Magomedning Chempionlar ligasidagi ikkinchi goli hisoblanadi — 2019/20 yilgi mavsumda u «Lion» darvozasini ishg‘ol etgan, o‘tgan mavsumda esa guruh bosqichidagi olti o‘yinda ishtirok etib, birorta gol yoki pas muallifi bo‘lmagan. 

Ozdoyevning bu zarbasi «Chelsi»ni ikkinchi o‘ringa tushirib yubordi. Bu o‘yin «Zenit» uchun turnir nuqtayi nazaridan ahamiyatga ega emasdi, piterliklar g‘alaba qozongan taqdirda ham uchinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmasdi. «Chelsi» esa pley-offda osonroq raqib tushishi uchun «Yuventus» bilan birinchi o‘rin uchun sirtqi kurash olib borayotgandi. Parallel kechgan uchrashuvda «Yuve» guruh autsayderi «Malmyo»ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, ochkolari sonini 15taga yetkazdi va londonliklardan o‘tib ketdi. 

Ko‘proq yangiliklar: