Qarshi davlat universitetida yangilangan yotoqxonalar, zamonaviy stadionning topshirilishi va marosimga chempionlar tashrifi

O‘zbekiston 15:30 / 08.12.2021 9035

Bayram arafasida yangi, zarur sharoitlarga ega talabalar turar joylari, yumshoq qoplamali stadion, voleybol, basketbol va mini futbol maydonlari, sport majmuasi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘z olganlar bu imkoniyatlar mamlakatimiz ertasi bo‘lgan yoshlarning sifatli ta'lim-tarbiya olishlari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishini aytib o‘tdilar.

Foto: Qarshi davlat universiteti
Foto: Qarshi davlat universiteti

Kapital ta'mirlash ishlari olib borilgan 2-, 3-, 7- va 9-talabalar turar joylariga zamonaviy rusumdagi kir yuvish mashinalari, elektr plitalar, televizor va kompyuterlar keltirildi. Talabalar yashaydigan xonalarda ikki qavatli krovatlar o‘rnatilib, shkaf, stol-stullar yangilandi. Mebel jihozlari, kitob javoni va kerakli adabiyotlar bilan ta'minlangan o‘quv zallari tashkil etildi. Kir yuvish xonalari, dushxona, yuvinish xonasi, oshxona hamda hojatxonalar qayta ta'mirdan chiqarildi. Har bir yotoqxona yuqori tezlikda ishlaydigan Wi-Fi qurilmalari bilan ta'minlandi.

Foto: Qarshi davlat universiteti
Foto: Qarshi davlat universiteti

Moslashtirish jarayonlaridan so‘ng barcha yotoqxonalarda sig‘im sezilarli darajada kengaydi. Endilikda 3-talabalar turar joyi 260 nafar yoshlarni (avval 224 o‘rinli), 2-talabalar turar joyi 181 nafar yoshlarni (avval 150 o‘rinli), 7-talabalar turar joyi 360 nafar yoshlarni (avval 224 o‘rinli), 9-talabalar turar joyi 170 nafar yoshlarni (avval 90 o‘rinli) o‘z bag‘riga sig‘dirdi. Shuningdek, tez orada 800 o‘ringa mo‘ljallangan 8-talabalar turar joyi ham foydalanishga topshiriladi.

Foto: Qarshi davlat universiteti

Joriy yilning sentabr oyida 1671 nafar talaba turar joyga ega bo‘lgan bo‘lsa, qo‘shimcha yotoqxonalarning ta'mirlanib foydalanishga topshirilishi natijasida qamrov ko‘rsatkichi 2538 nafarga (55 foiz) yetadi. Shuningdek, 2022/2023 o‘quv yilida yana umumiy hajmi 600 o‘rinli bo‘lgan talabalar turar joyi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Foto: Qarshi davlat universiteti
Foto: Qarshi davlat universiteti
Foto: Qarshi davlat universiteti
Foto: Qarshi davlat universiteti

Bundan tashqari, talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda ularni sog‘lom turmush tarziga keng jalb qilish maqsadida barpo etilgan, zamonaviy ko‘rinishga ega 100x60 o‘lchamdagi sun'iy qoplamali universitet bosh stadioni, voleybol, basketbol va mini futbol maydonlari, 34x16 o‘lchamdagi sport zali ham foydalanishga topshirildi. Yangidan ta'mirdan chiqarilgan sportzalda voleybol, qo‘l to‘pi, basketbol va mini futbol kabi bir qator sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratildi. Ayniqsa, universitet bosh o‘yingohi nafaqat oliy ta'lim muassasasi talaba-yoshlari uchun, balki universitetga yondosh mahallalar yoshlari uchun ham bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Foto: Qarshi davlat universiteti

Stadion ochilish marosimiga “Nasaf” klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va jamoa tarkibida to‘p surayotgan Qarshi davlat universiteti talabalari kuni kecha qo‘lga kiritilgan O‘zbekiston kubogi bilan tashrif buyurdi. Bayramona tadbirda Qarshi davlat universiteti rektori Dilmurod Nabiyev ilmiy kengash qarori bilan Ro‘ziqul Berdiyevga Qarshi davlat universiteti faxriy professori unvonini topshirdi. Shu kuni ochilish marosimi munosabati bilan taniqli ustoz jurnalist, sharhlovchi Husan Temirov talabalar o‘rtasida tashkil etilgan musobaqani sharhlab bordi.

Foto: Qarshi davlat universiteti
Foto: Qarshi davlat universiteti
Foto: Qarshi davlat universiteti
Foto: Qarshi davlat universiteti

Stadionda, shuningdek, yengil atletika turlaridan musobaqalar o‘tkazilishi hamda bu musobaqalarni 500 nafarga yaqin tomoshabinlar bevosita tomosha qilishlari mumkin. Xulosa qilib aytganda, Qarshi davlat universitetidagi bu sharoitlar yoshlarimizning zamon talabiga javob beradigan kadrlar bo‘lib yetishishi, ham ilmiy salohiyati, ham jismoniy imkoniyatlari bilan namuna bo‘la olishlari uchun zamin yaratadi.

Qarshi davlat universiteti axborot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: