«O‘lim guruhi»dan «Milan» omon chiqmadi, Messi Peledan o‘tib ketdi. YeChLda so‘nggi tur o‘yinlari

Sport 12:20 / 08.12.2021 14174

Mbappe Messining rekordini yangiladi

A guruhi
PSJ — Bryugge — 4:1 (Mbappe, 2, 7. Messi, 38, 76, penaltidan — Rits, 68).
PSJ – Donnarumma, Hakimi, Markinos, Diallo, Mendesh (Kerer, 50), Veynaldum, Guyye (Paredes, 71), Verratti (Ebimbe, 84), Di Mariya (Errera, 71), Messi, Mbappe (Ikardi, 83). 
Bryugge – Minole, Mata, Hendri, Nsoki, Rikka, Rits (Vormer, 69), Vanaken, Balanta (Mbamba, 69), Sandra (van der Brempt, 57), de Ketelare, Lang.

Leypsig — Manchester Siti — 2:1 (Sobosloi, 24, Andre Silva, 71 — Mahrez, 76).
Leypsig – Gulachi, Mukiyele (Xenrixs, 80), Klostermann (Simakan, 46), Gvardiol, Anxelino, Kampl, Forsberg (Brobbi, 79), Laymer (Adams, 63), Nkunku, Soboslai, Andre Silva (Moriba, 86). 
Manchester Siti – Steffen, Uoker, Stounz, Ake (Diash, 87), Zinchenko, Fernandino, Gundo‘g‘an, de Bryuyne (Palmer, 87), Grilish, Foden (Sterling, 46), Mahrez.
Chetlatish: Uoker («Manchester Siti), 83.

Yagona intriga Yevropa Ligasi pley-offiga yo‘llanma oluvchi jamoani aniqlash bo‘lgan guruhda (bu yo‘llanmaga «Leypsig» ega chiqdi) turnirning yangi rekordi qayd etildi. Mbappe 22 yoshu 352 kunligida asosiy yevrokubokdagi gollari sonini 30taga yetkazgan eng yosh futbolchiga aylandi. Taqdir hazili shundaki, fransuz o‘z jamoadoshi Messiga tegishli bo‘lib kelgan natijani yangiladi. Shu bilan birga, Mbappe hujumda Leoning navbatdagi muvaffaqiyatini ta'minlovchi ishlarni bajardi. Argentinalik futbolchi Mbappe ishlagan penaltini aniq ijro etib, faoliyatidagi gollari sonini 758taga yetkazib, futbol qiroli Peleni ortda qoldirdi. Endi Messi va 801 golga ega bo‘lgan Krishtianu Ronaldu — futbol tarixidagi eng sermahsul ikki futbolchi bo‘lib turibdi.

Rossonerilarning oqshomi bo‘lmadi

Foto AFP

V guruhi
Milan — Liverpul — 1:2
(Tomori, 29 — Saloh, 36. Origi, 55)
Milan – Menyan, Kalulu (Florensi, 65), Romanoli, Tomori, Ernandes, Krunich (Bakayoko, 83), Kessie, Tonali (Salemakers, 59), Ibrahimovich, Dias (Binnosir, 59), Messias. 
Liverpul – Alisson, Uilyams, Konate, Fillips, Tsimikas, Oksleyd-Chemberlen, Morton, Saloh (Keyta, 64), Minamino, Mane (Gomes, 65), Origi (Fabino, 80).

Portu — Atletiko — 1:3 (Serjiu Oliyeyra, 90+5, penaltidan — Grizmann, 56. Korrea, 90. De Paul, 90+3). 
Portu – Koshta, Pepe, Mbemba, Sanusi (Vendell, 63), Otavio (Viyeyra, 82), Gruyich (Korona, 81), Vitinya, Mariu (Oliveyra, 81), Torimiy (Toni, 82), Evanilson, Dias. 
Atletiko – Oblak, Vrsalko, Kondogbia, Ermoso, Lorente, Karrasko, Koke, de Paul, Lemar (Korrea, 66), Suares (Kunya, 13; Lodi, 83), Grizmann.
Chetlatishlar: Ferreyra-Karrasko («Atletiko»), 67. Vendel («Portu»), 70. Marshesin («Portu», zaxira o‘rindig‘ida), 75.

Qur'adan keyin bu kvartetni «o‘lim guruhi» deb atashmagan bo‘lsa, so‘nggi tur arafasida bu guruhda yuzaga kelgan vaziyat bu maqomga to‘la javob berardi. Barchasiga dastlabki to‘rt turda Chempionlar ligasiga yetti yildan keyingi qaytishida dovdirab qolgandek ko‘ringan «Milan» aybdor. Ammo italiyaliklar so‘nggi tur arafasida taslim bo‘lishdan bosh tortdi va Madridda g‘alabaga erishib, «Atalanta»ning jasoratini takrorlashga chog‘landi. O‘tgan mavsumda bergamoliklar ham dastlabki to‘rt turda atigi bir ochko olgan, lekin yakunda pley-offga chiqqandi.

«Bu «Milan»ning oqshomi bo‘lishi kerak. Bizda faqat bir imkoniyat bo‘ladi va ertaga biz tavakkal qilishimizga to‘g‘ri keladi. Ishonamanki, biz guruhdan chiqa olamiz», — degandi «San-Siro»dagi uchrashuv arafasida mezbonlar ustozi Stefano Pioli. Jamoaning asosiy futbolchilari Ker, Ernandes va Rafael Leau safdan chiqqaniga qaramay, u barchasi yaxshi bo‘lishiga ishondi, shu bilan birga rossonerining taqdiri parallel uchrashuvdagi natijaga ham bog‘liq edi.

Milanliklar o‘z o‘yinida g‘alaba qozonish bilan birga, «Portu» va «Atletiko» uchrashuvida durang yoki madridliklarning kichik hisobdagi g‘alabasi qayd etilishi kerak edi. Milanliklar burchak zarbasidan keyin ikki himoyachisining sa'y-harakatlari bilan hisobni ochdi. Romanoli Alissonga muammo tug‘dirdi, «Chelsi» tarbiyalanuvchisi Tomori esa darvozabondan qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib ulgurdi.

Lekin milanliklarning bu goli uyqudagi sherni uyg‘otib yubordi, liverpulliklar aralash tarkib bilan ham o‘z kuchini yo‘qotmagandi. Salohni to‘xtatish uchun raqib futbolchilari eng yaxshi futbolini namoyish etishi va xatoga yo‘l qo‘ymasligi talab etilardi, lekin mezbonlar darvozaboni Menyan qaytargan to‘p misrlik futbolchining oyoqlariga kelib tushdi. Mo esa turnir guruh bosqichida eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatida klub rekordini o‘rnatdi (7 gol) va jamoalar tanaffusga durang hisob bilan chiqib ketishdi.

Portugaliyadagi parallel uchrashuvda bu vaqtda Dioga Koshta va Oblakning seyvlari evaziga tabloda nollar yonib turardi. Sloveniyalik darvozabonga qiyinroq bo‘ldi, madridliklar hujum chizig‘i esa Suaresning jarohati tufayli kuchsizlandi, urugvaylik forvard maydonni tark etishda ko‘z yoshlarini tiyib turolmadi. Ammo «ajdarlar» hujumchisi Torimiy seshanba oqshomida bir so‘z bilan aytganda omadsizlik orolidan kelib qolgandek edi. U nafaqat o‘zi bir necha qulay vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi, balki o‘z darvozasi oldida burchak to‘pi ijro etilganda to‘pga boshini muvaffaqiyatsiz qo‘ydi va to‘p bo‘sh darvoza oldida turgan Grizmannga borib tushdi.

Milanda esa xuddi shu vaqtda rossoneriga umid bergan Tomori o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va Menyan yana o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur bo‘ldi. Bu vaziyat uchun darvozabonni ayblab bo‘lmasdi, u dastlabki zarbani qaytardi, Origi esa to‘pga bosh bilan shunday zarba berdiki, gol bo‘lmasligining iloji yo‘q edi. Yevropa futbolidagi eng samarali joker Yurgen Klopp uni bejiz «Liverpul» afsonasi deb atamaganini isbotladi, germaniyalik mutaxassis o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida agar u haqda kimdir kitob yozmasa, o‘zi yozishini aytib o‘tgandi.

«San-Siro»da futbol o‘ynashda davom etishdi, Portuda esa maydon janggohga aylanib ketdi. Ikki jamoada futbolchilarning artistlik bilan yiqilishlari oqibatida yuzaga kelgan janjallar raqiblar safida bittadan futbolchining maydondan chetlatilishi bilan yakunlandi. Birinchi holat bo‘yicha raqibning ayyorligiga chiday olmagan Ferreyru-Karrasko kiyim almashtirish xonasiga ertaroq jo‘nadi, ko‘p o‘tmay maydonga chiqqaniga bir necha daqiqa bo‘lgan Vendell qarshisida qizil kartochka ko‘rsatildi. Qo‘shimchasiga «Atletiko» murabbiylaridan biri hamda «ajdarlar»ning zaxira darvozaboni Marchesin ham chetlatildi. «10ga 10» formatida «Atletiko» «Portu»ga yana ikki gol urdi. Milandagi uchrashuvda Kesse yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olganida, portugallar Yevropa ligasidan ham quruq qolardi, ammo golli vaziyat yo‘qqa chiqarilishi rossonerini to‘rtinchi o‘rinda qoldirdi.

D guruhi

Shaxtyor — Sherif — 1:1 (Fernandu, 42 — Nikolov, 90+3).
Shaxtyor – Pyatov (Shevchenko, 86), Dodo, Krivsov, Bondar, Korniyenko (Ismaili, 67), Marlos, Solomon, Antonio, Sudakov (Tete, 46), Bondarenko (Maykon, 67), Fernando (Mudrik, 46). 
Sherif – Atanasiadis, Fernando, Arboleda, Dulanto, Kristiano, Kolovos (Nikolov, 46), Till, Bruno, Addo, Traore, Yansane.

Real — Inter — 2:0 (Kroos, 17. Asensio, 79).
Real – Kurtua, Karvaxal, Alaba, Militao, Mendi, Modrich, Kroos (Valverde, 78), Kazemiro (Kamavinga, 71), Yovich (Mariano, 78), Vinisius (Azar, 81), Rodrigo (Asensio, 78). 
Inter – Handanovich, Dumfris (Dimarko, 46), D`Ambrozio, Shkrinyar, Bastoni, Perishich, Brozovich (Vidal, 60), Chalxono‘g‘li (Vesino, 60), Barella, Jyeko (Sanches, 60), Martines (Galyardini, 66).
Chetlatish: Barella («Inter»), 64.

Guruhda birinchi o‘rin uchun kechgan bahs «Real» foydasiga yakunlandi, Kroosning o‘ziga xos tarzda uzoqda yo‘llagan zarbasi madridliklar Chempionlar kubogi/Chempionlar ligasida 1000 gol urgan ilk jamoa bo‘lish imkonini berdi. Barella chetlatilgach, kamchilik bo‘lib qolgan «Inter» kurashni to‘xtatdi, Asensionning «to‘qqizlik»ka yo‘llagan zarbasi masalaga nuqta qo‘ydi.

Parallel kechgan uchrashuvdagi natija «Shaxtyor»ning bu mavsumdagi holatini yana bir bor namoyon etdi. «Konchilar» transferlarga va Italiyadagi eng iste'dodli murabbiylardan biri Roberto De Dzerbiga katta pul sarflashdi, ammo avvalgi mavsumlarda guruhdan chiqib kelgan jamoa bu mavsumda guruh bosqichini birorta g‘alabasiz yakunladi. «Sherif» o‘yin so‘ngida iroda ko‘rsatib, hisobni tenglashtirdi va yana bir bor olqishlarga sazovor bo‘ldi.

S guruhi
Ayaks — Sporting L — 4:2
(Aller, 8, penaltidan. Antoni, 42. Neres, 58. Bergheys, 62 — Nunu Santush, 22. Tabata, 78).
Ayaks – Pasveyer, Mazraui (Timber, 77), Sxyurs (Rens, 60), Martines, Blind (Talyafiko, 46), Alvares (Teylor, 72), Gravenberx, Bergeys, Aller, Neres (Klassen, 60), Antoni. 
Sporting – Virjiniya, Eshtevesh (Nazino, 73), Netu, Reys, Inasiu, Eshgayyu, Nunu Santush (Paulino, 60), Bragansa (Essugu, 81), Ugarte (Sarabiya, 73), Tabata, Tomash (Gonsalvesh, 60).

Borussiya D — Beshiktosh — 5:0 (Malen, 29. Roys, 45+2, penaltidan, 53. Holand, 68, 81).
Borussiya D – Kobel, Mene (Reyner, 46), Hummels, Zagadu (Pongrachich, 77), Shuls, Vitsel, Dahud, Bellingem (Gerreyru, 73), Volf (Passlak, 62), Roys (Holand, 63), Malen. 
Beshiktash – Destano‘g‘li, Velinton, Montero, Merash, Topal, Souza (Hatchinson, 82), Bo‘zdo‘g‘an (Uchan, 76), Uysal, Batshuayi, Karaman (Roze, 46), Larin (G‘azzol, 69).
Chetlatish: Velinton («Beshiktosh»), 43.

27 yoshli Aller bu mavsumgacha biror marta YeChLda ishtirok etmagandi va turnir atmosferasi ushbu fransuzni ilhomlantirib yubordi. Birinchidan, «Ayaks» hujumchisi turnirning guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarda gol urib, bu borada Krishtianu Ronaldudan keyingi ikkinchi futbolchi bo‘ldi. Ikkinchidan, Aller 6 o‘yinda 10 marta raqiblar darvozalarini ishg‘ol etdi, bunday natija shu vaqtgacha faqat buyuk trio vakillari Messi — Ronaldu — Levandovski tomonidan qayd etilgandi. Hatto bu kechada zaxiradan maydonga tushib, ikki gol urgan Holand ham o‘z ishtirokini bunday yorqin boshlamagandi.

Ko‘proq yangiliklar: