Endilikda Telegram’dagi guruh va kanallarda boshqalar kontentni saqlashining oldini olish, muayyan vaqt muddatlaridagi xabarlarni o‘chirib tashlash, ulangan qurilmalarni yangicha usullarda boshqarish, ommaviy guruhlarda kanal nomidan anonim post qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. 7 dekabr kuni Telegram jamoasi tomonidan bir qancha o‘zgarishlar bilan messenjerning yangilangan versiyasi taqdim qilindi.
Guruh va kanallarda himoyalangan kontent
Endi kontent yaratuvchilar materiallarini faqat ular tanlagan auditoriya ko‘rishi uchun guruh va kanallaridan ko‘chirishni taqiqlashi mumkin. Buning uchun guruh va kanallar egalari xabarlarni uzatish imkoniyatini cheklashi mumkin. Agar uzatish cheklansa, foydalanuvchilar bevosita mediani saqlay olmaydi va skrinshot qila olmaydi.
Xabarlarni sana asosida o‘chirish
Telegram foydalanuvchilari o‘z yozishmalari tarixini to‘liq nazorat qila oladi va xabarlarni suhbatning boshqa ishtirokchilaridan izsiz o‘chirib tashlashi mumkin. Bugungi yangilanish biror shaxsiy chatda muayyan kun yoki vaqt oralig‘idagi xabarlar tarixini tozalab tashlash imkonini ham beradi. Taqvimni ochish uchun chat bo‘ylab aylantirayotganingizda qalqib chiqadigan sana paneli bosiladi va qaysi kunlarni tozalab tashlash tanlanadi.
Muayyan sanalar uchun chat tarixini tozalash hozircha faqat yakkama-yakka chatlarda ishlaydi, lekin istalgan chatda xabarlar yuborilganidan bir kun, bir hafta yoki bir oy keyin avtomatik o‘chirib tashlanadigan qilib sozlash mumkin.
Ulangan qurilmalarni boshqarish
Telegram’dan barcha qurilmalarda bir vaqtda foydalanish mumkin. Qurilmalar menyusi foydalanuvchining hisobiga qayerdan kirilganini boshqarish imkonini beradi. Yangilangan versiyada desktop (kompyuter orqali) qurilmasini tez ulash uchun yangi tugma hamda muayyan vaqtdan keyin nofaol ilovalarda hisobdan avtomatik chiqish uchun sozlama kiritilgan.
Ro‘yxatdagi istalgan qurilmani bosib, u haqdagi axborotni ko‘rish va u chaqiruvlar yoki yangi maxfiy chatlarni qabul qila olishini boshqarish mumkin.
Ommaviy guruhlarda anonim post qilish imkoniyati
Ommaviy guruhlar va kanallar chatlarida xabar yuborganda kanal sifatida ko‘rinish imkoniyati qo‘shildi. Buning uchun xabar paneli yonidagi profil rasmi bosiladi va kanallardan birini tanlash kerak bo‘ladi. Shundan keyin foydalanuvchi yuboradigan xabarlar uning shaxsiy hisobi o‘rniga kanal nomi va rasmi bilan ko‘rinadi.
Telegram jamoasining ma'lum qilishicha, endilikda ayrim mobil qurilmalarda Telegram’dan SMS orqali kodlarni olish o‘rniga login chaqiruvini qabul qilish va chaqiruv qilgan telefon raqamining bir nechta raqamini kiritish imkoniyati taklif qilinadi.
Shuningdek, biror guruh yoki kanalga qo‘shilish so‘rovi yuborilganda uning admini xabar bilan javob bersa, chatning yuqori qismida uning guruhi yoki kanali nomi ko‘rinadi.
«Bu yangilanishdan boshlab bot adminlari admin bo‘lgan chatlarida qo‘shilishni so‘rayotgan foydalanuvchilar bilan hatto foydalanuvchi oldin bot bilan muloqot qilmagan bo‘lsa ham bog‘lanishi mumkin. Bu cheksiz imkoniyatlarni ochadi: qo‘shilishdan oldin shunchaki guruh chati qoidalarini qabul qilishdan tortib, sinov testidan o‘tish, kanal yaratuvchilariga kichik xayriya qilishgacha», – deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, dasturning Android qurilmalarida foydalanuvchilar uchun yangi chat mavzulari paydo bo‘lgan. iOS foydalanuvchilari uchun esa avvalroq Android’larga berilgan bir qancha imkoniyatlar qo‘shilgan.