Tanqiddan so‘ng: Urgutdagi qishloqda transformator tarmoqqa ulab berilmoqda

Jamiyat 18:11 / 03.12.2021 1971

2021 yil 1 dekabr kuni Kun.uz’da Urgut tuman Qoldivoyjar MFY ga qarashli Qorabog‘lon qishlog‘ida hal bo‘lmay kelayotgan muammo haqida tanqidiy maqola berilgandi. Maqolada Qorabog‘londa yashovchi odamlar pul yig‘ib sotib olgan transformatorni tuman elektr tarmoqlari korxonasi tarmoqqa ulab bermayotgani tanqid ostiga olingandi.

Murojaatchilarning ma'lum qilishicha, bugun 2021 yil 2 dekabr kuni «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ xodimlari tomonidan qishloqqa kerakli jihoz va uskunalar olib borilgan. So‘ng, beton ustunlarga sim tortish ishlari boshlab yuborilgan.

Qorabog‘londa aholi soni uch barobar ko‘payib qishloqda o‘rnatilgan kichik quvvatli transformatorning quvvati yetmay qolgan. Oqibatda, u bir necha marta yonib ketgan, gohida portlagan. Eski transformatorni hadeb ta'mirlataverish xarajati esa xalqning gardaniga tushavergan. Nihoyat qorabog‘lonliklar pul yig‘ib yangi transformator sotib olishdi va chigal masalani shu tariqa yechishdi.

Muammoning hal bo‘lishi ortidan bugun 2 dekabr kuni qorabog‘lonlik bir guruh otaxonlar tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib minnatdorchilik bildirishdi. Ular Kun.uz’da e'lon qilingan tanqidiy maqolani e'tiborsiz qoldirmagan «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ xodimlarini ham uzundan-uzun duolar qilishdi.

Ko‘proq yangiliklar: