«Yilning eng yaxshi yosh olimi» unvoni pulga sotib olinishi aytildi. XTV munosabat bildirdi

Jamiyat 14:30 / 30.11.2021 10654

Xalq ta'limi vazirligi rasmiy kanaliga tayangan holda qator yetakchi OAVlar, jumladan Kun.uz saytida ham ohangaronlik 11-sinf o‘quvchisi Kamoliddin Akbaraliyev Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021» xalqaro tanlovida ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgandi.

«Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021» xalqaro tanlovida MDH davlatlaridan 1000 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashgan bo‘lib, ulardan 100 nafarga yaqin ishtirokchilarning ilmiy ishlari tanlov uchun saralab olingan. 

Ishtirokchilarning 50 nafari fan, ta'lim, siyosat, biologiya, kimyo, tilshunoslik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib deb topilgan. Ushbu tanlovda O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilari uchun aniq va gumanitar fanlar bo‘yicha IT asosida ta'lim berish bo‘yicha tayyorlagan ilmiy ishim bilan ishtirok etishdi. Kamoliddin Akbaraliyev xalqaro tanlovda yuqori natijani qo‘lga kiritib, ko‘krak nishoni va diplom bilan taqdirlandi», – deyilgandi xabarda.

Bu borada surishtiruv o‘tkazgan Rost24.uz sayti mazkur diplomlar aslida soxta ekani haqida yozdi. 

«O‘tgan ikki yildan beri ko‘plab talabalar «Bobek» nomli umummilliy harakat (Qozog‘iston) tomonidan berilayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining «Eng yaxshi yosh olimi» maqomi, ko‘krak nishoni va birinchi darajali diplomlarini ko‘z-ko‘z qilishayotganining guvohi bo‘lyapmiz. MDHning «Eng yaxshi yosh olim»lari yomg‘irdan keyin chiqqan qo‘ziqorindek ko‘paydiki, ularning qaysi biri aslida eng yaxshisi?» degan tabiiy savol tug‘iladi. Ma'lumotlarni tahlil qilsangiz, bir yo‘nalishda qatnashgan bir necha talabaning hammasi «Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021» diplomini olishganiga guvoh bo‘lasiz.

Bu tanlovda qatnashib, «g‘olib» bo‘lganlar bilan suhbatlashilganda, ular 50-70 AQSh dollari atrofida pul berishgani aniqlandi. Bu haqda Andijon davlat universiteti tadqiqotchisi, tarixchi Sharofiddin Hoshimjonov o‘z tajribasida bo‘lgan voqeadan misol keltirdi:

- Avval Andijon davlat universiteti axborot xizmatida ishlar edim. Iyun oyida bir talabamiz MDHda «Yilning eng yaxshi yosh olimi» deb topilgani haqida xabar qilishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qildik. Hammasi shundan keyin boshlandi. Ketma-ket shu tanlovda g‘olib bo‘lgan talabalar haqida xabarlar kela boshladi, hammasining ilinji bir, universitet rasmiy sahifalarida e'lon qilish kerak. Shundan so‘ng o‘ylanib qoldik va tekshirishga qaror qildik. Bildikki, o‘zimizning talabalarimizdan biri ularning ko‘piga o‘rtada turib ushbu «medal»ni pulga olib beryapti. U har bir nomzoddan 65 AQSh dollaridan olib, 50 AQSh dollarini to‘lov uchun, o‘ziga 15 AQSh dollarini xizmat haqi uchun olib qolgan», deyilgan materialda.

Chindan ham xalqaro nufuzga ega bo‘lmagan, faoliyati ham juda tor doirada kechayotgan xorijiy tashkilotning «Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021» xalqaro tanlovi deya jarangdor nom bilan tanlov uyushtirishi va o‘rinlar ulashishi shubhali.

Xalq ta'lim vazirligi matbuot xizmati vaziyat yuzasidan izoh berdi.

«Qozog‘istondagi «Bobek» nomli tashkilot tomonidan o‘quvchimizning g‘oliblikka erishgani haqida o‘zi vazirlikka kelib xursandchilik bilan bo‘lishgan. Uning qo‘lida haqiqiy g‘oliblik nishoni va diplom bor edi. Surishtirganimizda haqiqatan ham u o‘z maqolasi bilan qatnashgan va uning maqoladagi takliflari hay'at tomonidan yuqori baholangan.

Rost.24.uz saytida maqola chiqqanidan so‘ng biz yana o‘quvchimiz Kamoliddin bilan bog‘lanib, to‘lovga aniqlik kiritganimizda, mazkur to‘lov hozir talqin qilinayotganidek o‘rinni sotib olish uchun emas, o‘sha tanlovda ishtirok etish uchun a'zolik badali sifatida to‘langanini aytdi. Va bu maqoladan o‘zi ham xavotirga tushib, tashkilotchilar bilan bog‘lanish niyatida ekanligini ma'lum qildi.

Bugungi kunda bitiruvchimiz Lomonosov universtiyetida tahsil olyapti va biz uning bu pulni tanlovda g‘oliblikni sotib olish uchun to‘laganiga ishonmaymiz. Shu bois, maqolada keltirilgani kabi bu yutuq soxta bo‘lsa, tanlov g‘oliblarini firib yo‘li bilan mukofot olgan emas, balki soxta tanlovga aldangan deb baholansa to‘g‘riroq bo‘ladi, nazarimda.

Bunday talqin hamyurtlarimizning nohaq ayblovi bo‘lib, ularning sha'niga putur yetkazish sifatida ham baholanishi mumkin. Shu sababli bu masala bilan qiziqqanlar Qozog‘istonning «Bobek» tashkiloti bilan bog‘langan holda ish ko‘rishlari kerak edi», – dedi vazirlik matbuot kotibi Laylo Rustamova.

Ma'lum haq to‘lash evaziga hali hech kim bilmaydigan tanlovlarda g‘oliblikka ega bo‘lish ancha keng amaliyot hisoblanadi. Bundan 1 yilcha avval maktab o‘quvchilariga Rossiyaning turli tashkilotlari tomonidan har xil yo‘nalishda faxriy yorliqlar jo‘natilgandi. O‘quvchining bilimdonligini «tasdiqlaydigan» bu jimjimador suratlar internet orqali yo‘llangan va buning uchun qandaydir xarajatlar uchun «arzimas» haq undirilgan, ota-onalar ham bu xarajatga ko‘z yumgan holda faxriy yorliqlardan maqtanib yurishgandi.

Bunday «nufuzli unvonlar ulashuvi» nafaqat bolalar va yoshlar, balki kattalar o‘rtasida ham kuzatiladi. Xorijiy davlatlarning nomi chiqmagan yoki umuman amalda bo‘lmagan «tashkilotlari»ning «faxriy professori», «fan akademik» kabi unvonlarini sotib olib omma orasida faxrlanib yurganlar haqida ham ma'lumotlar talaygina.

Bog‘dod tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi Abdullayev Ravshanjon Inomjon o‘g‘li ham Nur-Sulton shahrida o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi yosh olimi - 2021» xalqaro tanlovida mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgandi. R.Abdullayev ham o‘zining mukofotini olishi tarixini Kun.uz’ga gapirib berishini ma'lum qilgan. Bu haqda keyingi maqolada batafsil ma'lumot beriladi. 

Ko‘proq yangiliklar: