Putinning Germaniyadagi bosh tanqidchisi tashqi ishlar vaziri bo‘ldi. Bu nimanidir o‘zgartiradimi?

Jahon 21:36 / 29.11.2021 21910

Germaniyada Angela Merkel hukumatini almashtiradigan yangi koalitsiya tarkibidagi uch partiya Annalena Berbok nomzodini mamlakat tashqi ishlar vaziri lavozimiga tasdiqladi. Bu kutilgan tanlov bo‘ldi — Berbok tashqi siyosat bobida, ayniqsa Rossiya hukumati manziliga qaratilgan o‘tkir chiqishlari bilan ma'lum edi. Moskvadagilar Berbokdan shusiz ham sovuqlashgan munosabatlar yanada yomonlashtirilishini kutishmoqda va oldindan yangi vazirda «tajriba ham, bilim ham yo‘qligi» haqida ogohlantirishmoqda. Ammo u yangi lavozimida ham o‘zining qat'iy pozitsiyasini saqlab qolishi — aniq emas. Germaniya TIVning yangi rahbari oddiy siyosatchi sifatida shov-shuvli bayonotlar bergan bo‘lsa-da, haqiqiy siyosat butunlay boshqa masala. Shu bilan birga, bunday lavozimdagi muqarrar murosasozlik o‘zi ham kansler bo‘lish ambitsiyalariga ega bo‘lgan siyosatchining istiqboliga raxna solishi mumkin.

Qirq yoshli Annalena Berbok faqat shu yilga kelib nemis siyosati sahnasiga chiqdi, bahorda «Yashillar» partiyasi uni kanslerlik uchun nomzod sifatida ko‘rsatishgandi. O‘shanda «Yashillar» mamlakatdagi eng mashhur va faol partiya edi, shu tufayli uni Merkelning o‘rinbosari sifatida ko‘ra boshlashdi. Ammo Berbok saylovoldi kampaniyasini muvaffaqiyatli o‘tkaza olmadi: tabiat himoyachisi gavdalangan siyosatchining kitobida plagiat aniqlandi, rasmiy saytida uning biografiyasida yolg‘on ma'lumotlar qo‘shilgani ma'lum bo‘ldi. Natijada sentabr oyidagi saylovlarda «Yashillar» faqat 14,5 foiz ovoz olib, uchinchi bo‘lishdi va saylovda Merkel partiyasini kichik farq bilan ortda qoldirib, birinchi bo‘lgan sotsial-demokratlar bilan koalitsiyaga kirishga majbur bo‘lishdi, kanslerlikni sotsial-demokratlar vakili — Olaf Shols egalladi. Berbok TIV rahbarligini oladigan bo‘ldi.

Berbok chindan ham Kreml uchun eng yomon variantmi?
Mantiq nuqtayi nazaridan — ha. «Yashillar» — Germaniya parlamentidagi Rossiya hukumatiga nisbatan eng murosasiz kuch, Berbok — partiyaning eng yorqin spikeri. U anchadan buyon «Shimoliy oqim — 2» gaz quvuri qurilishiga qarshi chiqib keladi (quvur qurilgan, ammo murakkab sertifikatsiya protsedurasidan o‘tgan, hozirda esa bu jarayon to‘xtatilgan), bu vaqtda parlamentdagi boshqa partiyalar loyihani qo‘llab-quvvatlagandi. «Faqat Berbok aniq va qat'iy xulosaga ega», — deya xarakterlagandi Die Zeit nashri Berbokning Rossiya masalasidagi pozitsiyassini; qolgan siyosatchilar, nashr fikricha, «pushtirang ko‘zoynak» taqib olishgan va tahdid naqadar jiddiyligini tushunmaydilar.

Oktabr oyi oxirida nemis maxsus xizmatlari hatto Berbok saylovoldi kampaniyasi davrida xorijdan qilingan axboriy hujum obektiga aylangani haqida ma'lum qildi. Maxsus xizmatlar mamlakat nomini keltirishmagan, lekin buni «siyosatchining pozitsiyasi ma'qul kelmagan tomon» amalga oshirganini bildirgandi.

Ammo yangi lavozimda Berbokka oson bo‘lmaydi
Avvaliga aytish kerakki, Germaniyada Tashqi ishlar vaziri lavozimi avvalgidek, Berbok kabi yashillar vakili bo‘lgan Yoshka Fisher (1999-2005) davrida bo‘lgani kabi katta ta'sirga ega emas. «Yoshka Fisherdan keyingi har to‘rt yilda TIV ahamiyati pasayib keldi. Avvaliga kanslerning Yevropa bo‘yicha barcha masalalarni muvofiqlashtiruvchi stats-sekretari paydo bo‘ldi, ya'ni Yevropa sohasi TIV tasarrufidan butunlay chiqarildi. Shuningdek, Xitoy bo‘yicha strategiya ham ajratildi. Ya'ni TIV hozirda umuman hokimiyat markazi emas», deydi «Meduza» bilan suhbatda berlinlik politolog va Sotsial-demokratik partiya a'zosi Aleksey Yusupov.

Partiya ichidagi kuchlar nisbati ham o‘z rolini o‘ynaydi. Tashqi ishlar vaziri lavozimi ham, ko‘rinishidan muhim, ammo Berbok uchun bu siyosiy faoliyatining yakuniga aylanishi mumkin. Berbok kanslerlikka nomzodi ilgari surilishi uchun partiyaning xarizmatik hamraisi Robert Xabek bilan raqobatlashdi, uning ichki siyosatdagi reytingi yuqoriroq edi. Ko‘plarning fikricha, partiya nomzodlikka Berbokni tanlashi «yashillar» gender tenglik muammosini ham kun tartibida ushlab turishni maqsad qilgani bilan bog‘liq edi. Ammo Berbok umidlarni oqlamadi, saylovlarda yutqazdi va endi Xabek revansh olishi tayin. Berbok emas, aynan u vitse-kansler lavozimini egalladi, bu lavozim ham an'anaga ko‘ra koalitsiya bo‘yicha hamkorga beriladi.

Annalena Berbok va Robert Xabek
Clemens Bilan / EPA / Scanpix / LETA

«Berbok uchun bu — mag‘lubiyat. Xabek uni surib tashlaydi. Uni tashqi ishlar vazirligidan keyin qanday karera kutayotgani tushunarsiz, Xabekda esa barcha imkoniyatlar o‘z stolida. Vitse-kanslerda eng tor doiralarga — „katta sakkizlik“ka kirish, Amerika prezidenti bilan aloqa o‘rnatish, Davos, Xitoy, BMT Bosh assambleyasida bo‘lish imkoni bo‘ladi», deydi Yusupov.

Xabek, vitse-kanslikdan tashqari, Iqtisodiyot va iqlim muhofazasi vazirligini ham boshqaradi. Tashqi ishlar vaziri kabi jarangdor eshitilmasa-da, ammo aslida yangi koalitsiya mamlakatda eng yirik sanoat transformatsiyasini o‘tkazishni rejalashtirmoqda, — ya'ni mamlakatdagi barcha yirik sanoat sohalarini tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazishmoqchi.

Koalitsiyadagi uchinchi partiya rahbari, «erkin demokratlar» vakili Kristian Lindner bu dekarbonizatsiya dasturini «rivojlangan dunyodagi eng ambitsiyalisi» deb atagan. Ya'ni Xabek, Lindner va sotsial-demokratik kansler (uch erkak) yangi sanoat inqilobini tayyorlaydi, Berbok esa «feministik tashqi siyosat» yuritish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Koalitsion kelishuvda Feminist Foreign Policy va butun dunyoda «xotin-qizlar rolini kengaytirish» haqida gap ketgan. Bu katta yutuqdek tuyulishi mumkin. Ammo agar haqiqiy siyosatdagi barcha masalalar kansler idorasi tomonidan hal qilinsa, Berbok uchun faqat mafkura bilan shug‘ullanish qoladi — dunyoda ro‘y berayotgan voqealar yuzasidan ezgulikka chaqirilgan bayonotlar berib borish. Bu holatda Germaniya TIV tashqi siyosat bo‘yicha matbuot xizmatiga aylanib qoladi, Berbok va uning stats-sekretari barcha yomon voqealarni qoralash bilan shug‘ullanishadi. Bu esa nemis feministkasini qanoanlantirishi dargumon.

Agar Berbok baribir o‘z o‘yinini qilmoqchi bo‘lsa, uni nafaqat kansler idorasi, balki o‘z partiyasi ham cheklab qo‘yishi mumkin. «Berbok hisoblashishi kerak bo‘lgan odamlar ko‘p — Xabek, koalitsiyadagi boshqa ikki partiya yetakchilari, fraksiyaning hali saylanmagan rahbarlari. Faqat partiyaning o‘zida olti kishi bor. Keyin yana koalitsiya bo‘yicha hamkorlarning qosh-qovog‘iga qarash kerak bo‘ladi», deydi politolog Yusupov.

Koalitsion cheklovlarni hozirdan his qilish mumkin: koalitsion kelishuvda «Shimoliy oqim — 2» haqida gap yo‘q, u yerda «yashillar» uchun odatiy bo‘lgan Rossiya rahbariyatiga qarshi keskin fikrlar ham o‘rin olmagan. Aksincha, Germaniya 25 yoshdan kichik bo‘lgan rossiyaliklar uchun vizalarni bekor qilishni rejalashtirgan.

«Shimoliy oqim — 2» bilan bog‘liq vaziyat murakkab. «Yashillar»ning ko‘pchiligi Rossiya gazini — Germaniyaning ko‘mirdan voz kechish jarayonidagi (koalitsion kelishuvga ko‘ra, «ideal holatda» 2030 yilga borib ko‘mirdan butunlay voz kechilishi kerak) zarur element deb bilishadi. «Yashillar» uchun ko‘mir Putindan ko‘ra qo‘rqinchliroq va Berbok bu faktni hisobga olishiga to‘g‘ri keladi.

Shunday ekan, katta ehtimol bilan, Berbok tashqi ishlar vaziri bo‘lganida «Shimoliy oqim — 2» faoliyatiga ruxsat berilishi mumkin, bu esa uning pozitsiyasini yanada zaiflashtiradi. Ammo bu Germaniya tashqi ishlar vaziri uchun o‘z e'tiqodlaridan voz kechish bilan bog‘liq ilk holat bo‘lmaydi: patsifist Yoshka Fisherning roziligi bilan nemis askarlari Ikkinchi jahon urushidan keyin ilk marta xorijdagi — Yugoslaviyadagi harbiy amaliyotga jalb etilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: