“Profilaktika inspektorlari o‘qituvchidan bir yarim barobar ko‘p oylik oladi” - Baxtiyor Berdialiyev

O‘zbekiston 22:37 / 29.11.2021 25510

“Bitta narsani nisbat qilib olish mumkin. Jamiyatdagi eng og‘ir va mas'uliyatli kasb egalari bu – o‘qituvchilar. Profilaktika inspektorlari o‘qituvchidan bir yarim barobar ko‘p oylik oladi. Ikkinchidan, vazirimizning buyruqlariga asosan, inspektorlar qo‘l telefonlaridan bepul foydalanishadi, ya'ni mobil aloqa xarajatlari qoplab beriladi. Ularga mahalla bilan bevosita muloqotda bo‘lib turish uchun bepul internet paketlar ajratiladi.

Bundan tashqari, profilaktika inspektorlariga kam foizli avtokreditlar olib berilmoqda. Hozirgi kunda xodimlarimizning 70 foizi shaxsiy avtomobiliga ega. Shtatga yangi xodimlar qabul qilinishidan oldin bu ko‘rsatkich 100 foiz edi. Asta-sekin yana barcha xodimlarni avtotransport bilan ta'minlashga harakat qilyapmiz. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 martdagi 207-sonli qarori bilan inspektorlarning transport xarajatlarini qoplash uchun vazirlik tomonidan har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida qo‘shimcha ustama haq to‘lab beriladi.

Shuningdek, ular davlat tomonidan ajratilgan xizmat uylarida davlat bayrog‘i ostida yashashmoqda. Davlat bayrog‘i ostida yashash elchilarimizga xos, prezidentimiz profilaktika inspektorlariga ham ana shunday huquqni berib, ularning maqomini elchilarnikiga tenglashtirdilar.

Bu bilan profilaktika inspektorlariga berilayotgan imtiyozlarni minnat qilmoqchi emasman. Lekin jamiyatga eng kerakli bo‘lgan o‘qituvchilarga qiyoslaganda ularning moddiy ta'minoti yaxshiroq ekanini ta'kidlamoqchiman”, dedi Baxtiyor Berdialiyev.

IIV mulozimining ta'kidlashicha, ilgari bir nechta mahalla uchun bitta profilaktika inspektori ajratilgan bo‘lsa, bugungi kunda respublika bo‘yicha 9259 nafar, ya'ni har bir mahallada bittadan profilaktika inspektori faoliyat yuritmoqda.

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev

“Ilgari bitta profilaktika inspektori 7 ta mahallaga mas'ul bo‘lgan. Qayerga borishini bilmagan. Mashinasi ham bo‘lmagan. Hech kim uning xizmat turar joyi bilan qiziqmagan. Har kuni 20, hatto 50 kilometr yo‘l yurib xizmatga qatnagan. Bugungi kunda esa 9259 ta mahallaning har biriga bittadan profilaktika inspektori qo‘yilgan. Oldingi sharoit bilan solishtirganda, hozirgisining o‘rtasida katta farq bor. Har bir mahallada bitta inspektor ishlashi uchun budjetdan katta mablag‘lar sarflanmoqda.

Davlat o‘zining shuncha xarajatlaridan orttirib, profilaktika inspektorlarimizga beryapti. Buni hamma to‘g‘ri tushunishi kerak. Nimaga? Profilaktika inspektori o‘sha mahallaga egalik qilsin, odamlarga yaxshi bo‘lsin deb. Maqsad shu. Odamlar tinch, xotirjam yashashi, kechaning xohlagan vaqtida bemalol yurishi uchun. Bemalol farzandlari bilan u yerdan bu yerga bora olishi uchun.

Ish hajmimiz katta bo‘lishi mumkin, lekin aqlli odamga unchalik qiyin emas: ya'ni bittagina mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishning hech ham qiyin joyi yo‘q. Faqat fidoyilik, xohish va tajriba bo‘lsa bas”, deydi boshqarma boshlig‘i.

Uning aytishicha, 2021 yilning 10 oyida profilaktika inspektorlari tomonidan respublika bo‘yicha 4300 dan oshiq jinoyat fosh etilgan. 3922 ta jinoyatning oldi olingan. Qidiruvda bo‘lgan 290 nafar shaxs ushlangan. Bedarak yo‘qolgan 81 nafar shaxs topib olib kelingan.

Profilaktika inspektorlari sa'y-harakatlari natijasida 547 ta noqonuniy o‘qotar qurol fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda topshirilgan. Ilgari sudlangani uchun profilaktik hisobda turgan 202 ming nafardan ko‘proq shaxs qayta jinoyatga qo‘l urmagan.

Ko‘proq yangiliklar: