Bog‘chalarda korrupsiyaga qarshi “halollik immuniteti”ni shakllantiruvchi o‘quv dasturi joriy qilinadi

O‘zbekiston 22:21 / 29.11.2021 3280

O‘zbekistonda mavjud 35 mln.dan ortiq aholining 2,8 mln qismini bog‘cha yoshidagi – 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi.

Aholining o‘sish ko‘rsatkichi yiliga 800 ming nafarga oshmoqda. Taqqoslash uchun bu birgina Sirdaryo viloyati aholisi soniga teng keladi. Bolalarni MTMga jalb qilish ayni paytda eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

26 noyabr kuni Maktabgacha ta'lim vazirligi o‘tkazgan ochiq muloqotda shu haqda so‘z bordi.

Qayd etilishicha, Maktabgacha ta'lim vazirligi kelgusi 5 yillikda bog‘cha yoshidagi bolalarning 80 foizini qamrab olishni rejalashtirgan. Ammo tizimda muammolar yetarli, jumladan, bog‘chalarda xodimlarni ishga olishda, bolalarni navbatsiz qabul qilishda, ularga beriladigan oziq-ovqatlarni to‘g‘ri yetkazib berishda, qurilish masalalarida bunday muammolarni ko‘plab uchratish mumkin. Shunday holatlarni nazorat qilish uchun vazirlik huzurida komplayens nazorat bo‘limi tashkil etilgan.

Korrupsiya qarshi kurashish agentligi mas'ul xodimi Sardor Mamanov bu borada qilingan va qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

“Maktabgacha ta'lim vazirligi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida memorandum imzolangan edi.

Ushbu tizim yo‘lga qo‘yilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Bo‘lim xodimlari tomonidan olib borilgan tadbirlarda 7 ta holatda korrupsion qonunbuzilishlar aniqlandi. Bulardan bittasi davlat xaridlari masalasida, 10 dan ortiq holatda korrupsion moyilligi bo‘lgan xodimlar bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi. Vazirlik tizimida ishga qabul qilishda, budjet mablag‘lari sarflanishida, davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunda belgilangan tartibga rioya etilmasligi holatlari kuzatilmoqda.

Agentlikning o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadlaridan biri – vazirlik bilan birgalikda xalqaro standartlarga javob beradigan ISO 37001 sertifikatini olish jarayonlari boshlangan. Hozirda moliyaviy tomonlari hal qilinyapti.

Sertifikatning mazmuni shundan iboratki, bu sertifikatni joriy qilish orqali sohani xalqaro doirada korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish mumkin bo‘ladi”, – deya ta'kidladi Korrupsiya qarshi kurashish agentligi mas'ul xodimi.

Sardor Mamanov maktabgacha ta'lim tizimini korrupsiyasiz sohaga aylantirish ishlari boshlanganini ta'kidlab o‘tdi. Shu maqsadda BMT va xalqaro ekspertlar ko‘magida 2022 yilning sentyabridan boshlab bog‘cha bolalarida korrupsiyaga qarshi “halollik immuniteti”ni oshirish dasturi ishlab chiqildi. Bu o‘quv dasturi respublikadagi barcha maktabgacha ta'lim muassasalarida joriy qilinadi.

“Bolalarga bog‘chadayoq korrupsiyaga qarshi kurashishni singdirish maqsadida 2022 yilning 1 sentyabridan boshlab barcha maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalar uchun mos bo‘lgan, ya'ni korrupsiya so‘zi ishlatilmagan, “halollik immuniteti”ni shakllantiruvchi o‘qitish dasturi ishlab chiqildi. Bu nafaqat maktabgacha ta'limda, xalq ta'limi va oliy ta'lim tizimida ham yo‘lga qo‘yiladi”, – ta'kidladi Mamanov.

Ko‘proq yangiliklar: