Usmon Yusupovni olib yurgan Mercedes-Benz 770K – Hitlerning avtomobili O‘zbekistonga qanday kelib qolgan edi?

O‘zbekiston 13:10 / 27.11.2021 50933

Moskva viloyatida joylashgan Arxangelsk shaharchasi o‘zining Texnika muzeyi bilan ancha mashhur. Bu muzeyda turli texnikalardan iborat 1000 dan ortiq qimmatbaho eksponatlar saqlanadi. Ular orasida tarixiy shaxslar foydalangan, shu jumladan, avvaliga Hitler, urush tugagandan so‘ng Usmon Yusupovni olib yurgan Mercedes-Benz 770K avtomobili ham bor.

Dunyodagi turli kimoshdi savdolarida taniqli shaxslar foydalangan avtomobillar juda qimmat narxlarda sotiladi. Agar ular tarixiy bo‘lsa narx yanada baland bo‘ladi. Garchi dunyo fashizmining «otasi» bo‘lsa ham, Adolf Hitler mingan hashamatli mashinalar ham bundan mustasno emas. Uning avtomobillardan biri bo‘lgan Mercedes-Benz 770K bugun Moskva viloyatida xususiy kolleksioner Vadim Zadorjniyning texnika muzeyida saqlanadi.

Foto: 24tv.ua

Ana shu avtomobil bir paytlar O‘zbekiston rahbari bo‘lib ishlagan Usmon Yusupovni ham olib yurgan. Usmon Yusupov avtomobilni o‘z haydovchisiga sovg‘a qilgach, Mercedes-Benz 770K oddiy o‘zbek oilasiga yana bir necha yil xizmat qilgan. So‘ng rossiyalik kolleksioner tarixiy avtomobil haqida xabar topib uni olib ketguncha Mercedes-Benz 770K uzoq yillar nosoz holda bostirmada saqlangan. Xo‘sh, Hitlerga tegishli avtomobil O‘zbekistonga qanday kelib qolgan edi?

Germaniya avtosanoatining durdonasi

Mercedes-Benz 770K o‘z vaqtida Germaniya avtosanoati liderlaridan biri bo‘lgan Mercedes-Benz avtokonsernining eng hashamatli avtomobillaridan biri bo‘lgan. Bu turdagi zirhlangan avtomobillar nafaqat Adolf Hitler va uning yaqin safdoshlari bo‘lgan Herman Gering, Paul fon Gindenburg kabilarga balki, Yaponiya imperatori Xiroxito, Rim Papasi, Norvegiya qiroli va Ispaniya diktatori Fransisko Franko kabilarga ham xizmat qilgan.

Foto: alamy.com

Kabriolet va limuzin modifikatsiyalarda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz 770K Hitlerning eng sevimli avtomobillaridan biri bo‘lgan. Uning garajida bu turdagi avtomobillarning bir nechta modeli saqlangan.

Mercedes-Benz 770 modellari orasida eng qimmat va hashamatlisi Mercedes-Benz Typ 770 modeli edi. Bu modelning uzunligi 6 metr bo‘lgan va shu tufayli u «Großer Mercedes», «Katta Mersedes» deb atalgan.

Ushbu avtomobil avvaliga 170 ot kuchiga ega dvigatel bilan ishlab chiqariladi. So‘ng kompressor yordamida uni 250 ot kuchiga ega dvigatelga aylantirishadi va avtomobil Mercedes-Benz 770K deb nomlanadi.

Hitler bu turdagi ishlab chiqarilgan ilk avtomobilni ko‘rib yoqtirib qoladi va uning limuzin va kabriolet variantidan bir nechta buyurtma beradi.

Foto: blitz.bg

Hitlerga Mercedes-Benz 770K ning o‘q o‘tmaydigan variantini yanada hashamatli qilib tayyorlab berishadi. O‘shanda avtomobilga ichki tarafdan 5 millimetrli po‘lat qoplama qoplanadi.

O‘sha paytda Mercedes-Benz 770K ning har bir donasi 44 500 markaga baholangan. Solishtirish uchun, o‘sha yillarda Volkswagen Käfer («Qo‘ng‘izcha») 990 marka, Opel Kadett 2100 marka sotilgan.

Hitler ushbu avtomobildan asosan boshqa shaharlarga va bosib olingan hududlarga borganda foydalangan.

Mercedes-Benz 770K Bolqonda

Bosib olingan hududlarga qilingan ana shunday safarlardan birida 1943 yilda Hitler Mercedes-Benz 770K avtomobilini o‘zi bilan ittifoqdosh bo‘lgan Xorvatiya rahbari Ante Palevichga sovg‘a qiladi. Shu tariqa Hitlerning Mercedes-Benz 770K turdagi avtomobillaridan biri Bolqon yarimoroliga borib qoladi. 1945 yilda Xorvatiya fashistlardan ozod qilingach, avtomobil Yugoslaviya Ozodlik Armiyasi qo‘mondoni Iosif Broz Tito ixtiyoriga o‘tadi.

Stalinga sovg‘a

Xorvatiya va unga qo‘shni bo‘lgan respublikalar urushdan so‘ng yagona ittifoq – Yugoslaviya sotsialistik federativ respublikasiga birlashadi. Yangi tashkil etilgan davlatga Iosif Tito rahbar bo‘ladi. Tarixdan ma'lum, Iosif Tito SSSR rahbari Iosif Stalin bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan. Shu tufayli u hashamatli Mercedes-Benz 770K ni Stalinga sovg‘a qiladi.

Tabiiyki, Stalin «fashizm dohiysi» foydalangan Mercedes-Benz 770K dan foydalanishni xohlamaydi. Qolaversa, unda zirhlangan ZIS-115 limuzini bor edi. Shu sababli Hitlerning hashamatli avtomobili Kreml garajida uzoq saqlanmaydi.

Mercedes-Benz 770K O‘zbekistonda

Oradan biroz o‘tib, Stalin Mercedes-Benz 770K avtomobilini O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi Usmon Yusupovga sovg‘a qiladi. Shu tariqa Adolf Hitler foydalangan avtomobil O‘zbekistonga kelib qoladi.

Usmon Yusupov ham bu avtomobildan uzoq vaqt foydalanmaydi. O‘sha paytda bu avtomobilning ehtiyot qismlarini umuman topib bo‘lmas, uning biron joyi buzilganda tuzatish uchun ancha sarson bo‘lishardi. Shu sababli Usmon Yusupov Mercedes-Benz 770K ni o‘ziga xizmat qilgan shaxsiy haydovchisiga berib yuboradi. Hitlerga xizmat qilgan zirhlangan Mercedes-Benz 770K oddiy haydovchining mulkiga aylanadi.

Mercedes-Benz 770K ning yangi egasi undan qishloq xo‘jaligi ishlarida foydalana boshlaydi. Ammo ehtiyot qismlarning topilmasligi uni ham qiynab qo‘yadi. Shunda u Mercedes-Benz 770K ning nosoz bo‘lgan qismiga SSSRda chiqqan avtomobillarning ehtiyot qismlaridan mos tushadiganini qo‘yib boraveradi.

Odatdagi kunlardan birida avtomobil yana buziladi. Egasi ancha urinib ham uni tuzata olmaydi va hovlisining bir chetiga kiritib qo‘yadi. Shu tariqa o‘z vaqtida Hitler foydalangan hashamatli avtomobil 2000-yillargacha qarovsiz holda qolib ketadi.

«Zar qadrini zargar bilar» – avtomobil Rossiyada

Stalinga sovg‘a qilingan, so‘ng Usmon Yusupovga berib yuborilgan Mercedes-Benz 770K avtomobilining tarixidan ayrim rus kolleksionerlari xabardor bo‘lgan.

Foto: yaplakal.com

Ulardan biri retro texnikalar ishqibozi, xususiy kolleksioner Vadim Zadorjniy edi. 2002 yilda u o‘z yordamchilari bilan Hitlerning qimmatbaho avtomobilini izlab O‘zbekistonga keladi. Ular so‘rab-surishtirib axiyri Mercedes-Benz 770K ni topadi.

Foto: pikabu.ru
Foto: pikabu.ru

Avtomobilning tashqi va ichki ko‘rinishi ko‘p o‘zgarishlarga uchragan bo‘lsa ham uning shassi va dvigatel raqamlariga zarar yetmagan edi. Vadim Zadorjniy Hitlerning avtomobilini ana shu raqamlar orqali topib oladi.

Foto: pikabu.ru
Foto: pikabu.ru

Zadorjniy avtomobilni egasidan «suvtekin»ga sotib oladi va darhol Rossiyaga jo‘natadi. Tabiiyki, Zadorjniyga avtomobilni sotgan odam uning Hitlerga tegishli bo‘lganini va qimmat narxga baholanishini umuman bilmagan.

Avtomobilni asl holatiga keltirish

Mercedes-Benz 770K Rossiyaga yetib borgandan keyin uni Zadorjniyning ustaxonasida batafsil ko‘rikdan o‘tkazishadi. O‘shanda unga ko‘plab ehtiyot qismlar kerakligi ma'lum bo‘ladi.

Foto: pikabu.ru

O‘sha yili Zadorjniy va uning yordamchilari butun dunyo bo‘ylab Mercedes-Benz 770K ning original ehtiyot qismlarini qidirishni boshlashadi. Ularga kerakli bo‘lgan avtomobilning dvigateli, uzatma qutisi va yana boshqa ko‘plab ehtiyot qismlarning aksariyati Germaniyadan topiladi.

Zadorjniy boshchiligidagi guruh, Mercedes-Benz 770K ning ehtiyot qismlarini topishda juda ko‘p muammolarga duch keladi. Ma'lum bo‘lishicha, eski qimmatbaho avtomobillarning original ehtiyot qismlariga xaridor ko‘p ekan. Shu uchun ham ehtiyot qismlarni qo‘lga kiritish uchun ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga Mercedes-Benz 770K avtomobilidan o‘z davrida 100 dona atrofida chiqarilgani uning ehtiyot qismlarini topishni yanada qiyinlashtiradi.

Foto: pikabu.ru
Foto: mymsk.online

Zadorjniy Mercedes-Benz 770K ning dvigatelini Germaniyadan topadi va darhol uni sotib oladi. Shunda dvigatelga nemis kolleksioneri ham xaridor bo‘lgani oydinlashadi. Dvigatelni Rossiyaga olib kelganidan so‘ng, o‘sha nemis uning ortidan Vadimning ustaxonasigacha keladi. U qo‘ldan chiqargan dvigatelini obdan tomosha qilgach, «burni ostidagi dvigatelni ilib ketgan» Zadorjniy bilan janjallashadi. Kolleksioner uni amallab yupatadi va yurtiga jo‘natib yuboradi.

14 yillik mehnatdan keyin Zadorjniy va uning yordamchilari Mercedes-Benz 770K avtomobilining 90 foizini tiklashadi.

Bugun Mercedes-Benz 770K avtomobilidan dunyoda besh dona saqlanib qolgan. Ularni har birining narxi bir necha million dollarni tashkil etadi. Shu jumladan, O‘zbekistondan olib ketilgan Mercedes-Benz 770K avtomobilining narxi ham million dollardan oshiqqa baholanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: