Kuzbassdagi shaxtada 50dan ortiq odam halok bo‘ldi. Asosiy ma'lumotlar

Jahon 17:41 / 26.11.2021 17997

25 noyabr tongida Rossiyaning Kemerovo oblasti Belovo shahridagi «Listvyajnaya» ko‘mir konida yong‘in ro‘y berdi. Rostexnadzorda ma'lum qilishlaricha, mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9da (Moskva bo‘yicha soat 5) shaxtada portlash va ishchilar zaharlanishi ro‘y bergani bo‘yicha signal kelib tushgan. TASS agentligining shoshilinch xizmatlardagi manbasi ma'lum qilishicha, ventilyatsiya shtrekida (yer yuziga bevosita chiqmaydigan qilib gorizontal kovlangan joy) ko‘mir changi alangalanishi yuz bergan. Uning oqibatida hosil bo‘lgan tutun ventilyatsiya tizimi orqali butun kon bo‘ylab tarqalgan. «Portlash kuzatilmagan, shaxtada o‘pirilish holati yo‘q», degan manba. FVVda esa faqat 250 metr chuqurlikda bo‘g‘ilish hodisasi ro‘y berganini aytishgan.

Shaxtada jami 285 kishi bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi darhol yuqoriga ko‘tarilgan. Tashqariga chiqishga ulgurganlarning 60 nafarida zaharlanish qayd etilgan, shundan 38 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Kon faoliyati to‘xtatilgan.

Juma tongida «Listvyajnaya»da bir kishi omon qolgani ma'lum bo‘ldi. «Ular [qutqaruvchilar] uning oldiga yetib borishdi, uning hushi o‘zida edi, shaxta bo‘ylab mustaqil harakatlandi. Unga yuqoriga ko‘tarilishda yordam ko‘rsatildi. Bu chindan ham, hayratlanarli voqea», - dedi Kemerovo oblasti gubernatori Sergey Tsivilev.

Ichkaridan omon chiqqan qutqaruvchi guruh a'zosi Aleksandr Zakovryashin bo‘lib chiqdi, u bir kun oldingi qutqaruv amaliyoti vaqtida yo‘qolib qolgandi. Zakovryashin - tibbiyot xodimi bo‘lib, shaxtada u jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatgan. Shifoxonadagilarning aytishicha, unda sovqotish, yong‘in oqibatlaridan zaharlanish va suvsizlanish qayd etilgan.

Qurbonlar va jabrlanuvchilar
Kemerovo oblasti gubernatori Sergey Tsivilevning telegram kanalida xabar qilinishicha, qurbonlarning jami soni 52 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 46 nafari hodisa ro‘y bergan vaqtda yuqoriga chiqishga ulgurmagan shaxtyorlar, qolgani esa ularni qidirib tushgan qutqaruvchilar guruhi vakillaridir. Bu ma'lumotni FVV bosh boshqarmasi va kemerovolik qutqaruvchilar otryadi komandiri tasdiqladi.

25 noyabr kuni berilgan ma'lumotlarda, qutqaruv amaliyoti jarayonida ikki guruh yo‘qolib qolgani aytilgandi. Rasmiylar avvaliga uch qutqaruvchining, keyinroq yana uch nafarining o‘limini tasdiqladi.

Payshanba oqshomida OAV favqulodda xizmatlardagi manbalariga tayangan holda avariya oqibatida 52 kishi, jumladan qutqaruvchilar halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqatishni boshlagandi. Bu haqda Belovo shahar okrugi ma'muriyati vakili ham ma'lum qildi. «Ichkaridagilar is gazidan bo‘g‘ilib jon bergan», degan u «Interfaks» muxbiriga.

Kemerovo oblasti sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Vitaliy Xeraskovning ma'lumotiga ko‘ra, «Listvyajnaya»dagi avariya vaqtida jabrlanganlar soni 63 nafarni tashkil etmoqda. Tsivilev esa ayni vaqtda shifoxonalarda 38 nafar konchi va 11 nafar qutqaruvchi qolayotgani haqida xabar qilgan (qutqaruvchilarning birining bosh suyagi singan, qolgan o‘n nafari is gazidan zaharlangan).

Xeraskov shifoxonalarga yotqizilganlarning aksari konchilar ekani, ularning holati yengil yoki o‘rtacha og‘irlikda ekanini bildirgan.

Foto: EPA/Vostock-photo

Metan portlashi
Kuzbass gubernatorining ma'lum qilishicha, shaxtadagi avariyaning ehtimoliy sababi - metan-havo aralashmasi portlashi bo‘lgan. «Aniq sabablar komissiya tomonidan ma'lum qilinadi», deya aniqlik kiritgan u.

Kon ichida metan portlagani haqida avvalroq Rossiya bosh prokurori o‘rinbosari Dmitriy Demeshin ham aytib o‘tgandi. «Katta ehtimol bilan, bu metan portlashi bo‘lgan, masalan, qandaydir uchqun portlash va dinamik ta'sir keltirib chiqargan. Natijada chiqishga ulgurmagan odamlar zaharlangan», deya uning so‘zlarini keltirgan TASS.

Shifokorlar ham bu haqda gapirishgan, qurbonlar va shifoxonaga olib kelinganlarda jismoniy jarohatlar aniqlanmagani, ular gazdan bo‘g‘ilib qolishgani aytilgan.

Konchilar bo‘g‘ilib qolgani haqida Rossiya Tergov qo‘mitasining Kuzbassdagi boshqarmasi matbuot xizmati press-relizida ham keltirilgan. Unda portlash «gaz-dinamik hodisasi» deya ta'riflangan.

«Dastlabki tergov-surishtiruv harakatlari davomida qo‘lga olingan shaxslar xavfli ishlab chiqarish obektlari uchun o‘rnatilgan sanoat xavfsizligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yishgani aniqlandi. Natijada gaz-dinamik hodisasi ro‘y bergan. Dastlab № 4 uchastkasining ventilyatsiya shtreki gaz bilan to‘la boshlagan, keyin shaxta ichidagi ishchilar bo‘g‘ilib qolgan», deyiladi qo‘mita ma'lumotida.

Portlash versiyasi haqidagi ma'lumotlar OAV xabarlarida ham yangragandi, rasmiy ma'lumotlarda esa faqat konchilar bo‘g‘ilib qolgani haqida gap ketgan. FVV ma'lumotlariga ko‘ra, gazdan zaharlanish 250 metr chuqurlikda ro‘y bergan.

Ilk hibslar
Tergov qo‘mitasi xabarida qo‘lga olinganlar haqidagi ilk ma'lumotlar keltirilgan - bular shaxtaning 47 yoshli direktori, uning 59  yoshli birinchi o‘rinbosari va uchastkaning 36 yoshli boshlig‘i. Ularni RF JK 3-qismi, 217-moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish doirasida hibs qilishgan (xavfli ishlab chiqarish obektlarining sanoat xavfsizligi talablarini buzish, ehtiyotsizlik natijasida ikki yoki undan ortiq kishi o‘limiga olib kelish).

Yaqin vaqtlar ichida ularga nisbatan ayblov e'lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanishi kutilmoqda.

«Listvyajnaya» shaxtasining qo‘lga olingan direktori Sergey Maxrakov korxonani 2013 yildan buyon boshqarib kelgan. 2021 yilda u regionda o‘tkazilgan konkursda eng yaxshi kon rahbari sifatida tan olingandi.

1996 yildan 2013 yilga qadar Maxrakov Kuzbassdagi boshqa bir shaxtada - «Kolmagorovskaya»da ishlagan,  u bu yerda ishni yer osti qurilmalari mashinisti sifatida boshlagan, uning mehnat tajribasi 25 yilni tashkil etadi.

Juma kuni tongda Tergov qo‘mitasi yana bir holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi - RF JK 3-qismi, 293-modda bo‘yicha (sovuqqonlik, ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga olib kelgan ehtiyotsizlik). Bu ish bo‘yicha Rostexnadzorning Sibir boshqarmasi Belovo hududiy boshqarmasining ikki inspektori qo‘lga olingan.

TASS nashri texnik nazorat organlaridagi manbasiga asoslanib yozishicha, «Listvyajnaya» shaxtasidagi hodisadan avval voqea joyida metanning ruxsat etilgan maksimal me'yoridan oshishi kuzatilmagan. Hozircha avariya episentri aniqlanmagan.

Aksariyat qurbonlarning jasadlari shaxtada qolmoqda — gaz portlashi xavfi tufayli qidiruv ishlari to‘xtatilgan. Rossiya FVVning ma'lum qilishicha, yer yuzasiga chiqmagan konchilar va qutqaruvchilarning kislorod yetishmasligi, zararli gazlarning yuqori konsentratsiyasi sharoitida shaxtada omon qolmagani taxmin qilinmoqda. «Teri teshiklariga so‘rilgan uglerod oksidi kondagi ishchilar uchun juda xavfli. Hatto tayyorgarlikdan o‘tgan qutqaruvchilar ham (bunday sharoitlarda) o‘zini yomon his qiladi», degan Kemerovo harbiylashtirilgan kon qutqaruv otryadi komandiri Yuriy She.

Uch kunlik motam
Kuzbassda halok bo‘lgan konchilar xotirasiga uch kunlik motam e'lon qilindi - 26-28 noyabr kunlari uchun. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin «halok bo‘lgan konchilarning oilalariga chuqur hamdardlik bildirishi»ni ma'lum qilgan.

«Biz yer ostida qolib ketganlar qutqarilishiga ham umid qilamiz», degan Peskov. Putin yong‘in oqibatida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq bergan. Kon egalari qurbonlarning oilalari qonunan to‘lanadigan tovon pulidan tashqari yana ikki million rubldan olishini ma'lum qilgan.

Shaxtalardagi avariyalar

«Listvyajnaya» shaxtasi (arxiv foto) KIRILL KUKHMAR/TASS

«Listvyajnaya» shaxtasidagi avariya - zamonaviy Rossiya tarixidagi eng jiddiy hodisalardan biri bo‘ldi.

2007 yilda Kemerovo oblastining  Novokuznetsk shahri yaqinidagi «Ulyanovskaya» shaxtasida so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik avariya ro‘y berib, 110 kishi halok bo‘lgandi.

2010 yilda Rossiyaning eng yirik ko‘mir shaxtasi bo‘lmish «Raspadskaya»da ro‘y bergan portlash (bu ham Kuzbassdagi Mejdurechenskada) 90dan ortiq konchini hayotdan olib ketgandi.

Ko‘proq yangiliklar: