Ijtimoiy tarmoqlar bloklanishiga oid qonun tezroq ishlashini talab qilgan deputat prezidentning AKTga doir tashabbuslarini maqtadi

O‘zbekiston 20:25 / 26.11.2021 9482

Parlament quyi palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘z maqolasida Shavkat Mirziyoyevning axborot-texnologiyalari va axborot xavfsizligini ta'minlash sohasidagi tashabbuslari milliy, mintaqaviy va global IT taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanganini aytadi.

“Mazkur tashabbuslarning dolzarbligi va istiqbolli ekani nufuzli xalqaro tashkilotlar faoliyati kun tartibining ajralmas qismi sifatida o‘rin olishi, xalqaro hamjamiyat tomonidan o‘zaro muvofiq va kelishilgan qarorlarni ishlab chiqish hamda qabul qilish uchun asos yaratishga xizmat qilmoqda”, – deya yozadi Ilhom Abdullayev.

Deputat, o‘z maqolasida Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga doir, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida innovatsiyalar transferi uchun ekspertlar va IT mutaxassislariga doimiy axborot maydonini yaratish bo‘yicha tashabbuslarini keltirib o‘tgan.

Ilhom Abdullayev Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida axborot olish erkinligiga doir bildirgan fikrlaridan ham iqtibos keltirgan:

“Mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish uchun so‘z va matbuot erkinligini, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta'minlash borasida muhim chora-tadbirlar hayotga joriy etilmoqda. Biz bu yo‘lni davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz va uni izchil davom ettiramiz”, – degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Ilhom Abdullayev, ShHTning axborot xavfsizligi sohasidagi ekspertlar forumini ta'sis etish tashabbusi hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida imzolangan Xalqaro axborot xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonot haqida ham fikr bildirgan.

“Davlatimiz rahbarining Rossiyaga tashrifi chog‘ida imzolangan mazkur hujjat standart kelishuvlar doirasidan ancha keng bo‘lib, O‘zbekiston va Rossiya rahbarlarining axborot taraqqiyoti istiqbollariga nisbatan keng ko‘lamli dasturiy qarashlarini qamrab olgan.

Hujjatda ikki davlat rahbarlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan xalqaro maydonda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga zid bo‘lgan maqsadlarda foydalanish imkoniyati kengayib borayotganidan tashvishda ekani bayon etilgan. O‘z navbatida, O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan buzg‘unchilik maqsadlarida va g‘ayriqonuniy foydalanilishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan davlatlararo to‘qnashuvlarning oldini olish va ularni tinch yo‘l bilan hal etish zarurligini bildirdilar”, – deydi Ilhom Abdullayev.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda bir qancha internet platformalari cheklanib turishiga sabab bo‘layotgan “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha 27-1-modda Davlat personallashtirish markazi loyihasi asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ilhom Abdullayev boshchiligidagi deputatlar tomonidan tayyorlangan va qabul qilingan.

Foto: 2020 yil, may / Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Shuningdek, joriy yilning 12 may kuni quyi palataning Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi o‘tkazgan yig‘ilishda Ilhom Abdullayev boshchiligidagi deputatlar mazkur bahsli qonun tezroq amalda ishlashini hukumat vakillaridan talab qilishgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: