Pskem GESining 1-to‘siq darvozasi yopildi

O‘zbekiston 20:00 / 25.11.2021 8266

Milliy iqtisodiyotimizning asosiy quvvat manbai hisoblangan energetika sohasi, xususan, gidroenergetika tarmog‘i ham yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar kesimida tobora taraqqiy etib bormoqda.

Ta'kidlash joizki, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan qayta tiklanuvchi elektr energiyasini ishlab chiqarish, ushbu jarayonga istiqbolli va samarali loyihalar asosida xorijiy investitsiya mablag‘larini jalb qilish hamda rejali tartibda o‘zlashtirish, yangi gidroenergetik obektlarni ekspluatatsiyaga topshirish, uzoq yillar mobaynida ishlab kelayotgan GESlarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishdagi mahalliylashtirish jarayonlarini kengaytirish borasidagi ishlar qizg‘in ravishda amalga oshirilmoqda.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Bugun, 25 noyabr kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan qurilayotgan “Pskem GES”ining 1-to‘siq darvozasini yopilishi munosabati bilan xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari, Jamiyat boshqaruvi, ijro apparati rahbariyati, soha mutaxassislari, qurilish va pudrat tashkilotlari mas'ullari, shuningdek, bir guruh bosma va elektron OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida tadbir tashkil etildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar Pskem GESda olib borilayotgan qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar, gidroenergetika sohasining tajribali mutaxassislaridan GESning texnik va iqtisodiy xususiyatlari, elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlari borasida intervyular olindi, qizg‘in muloqot uyushtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2947-son Qaroriga asosan uzunligi 73 km bo‘lgan Pskem daryosida umumiy quvvati 1 320 MVt va yillik o‘rtacha ishlab chiqarishi 3 140 mln kVt soat bo‘lgan 5 ta yirik GES qurish ko‘zda tutilgan.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Shulardan biri Pskem GES hisoblanadi. Pskem GES yirik obektlardan biri bo‘lib, Toshkentdan shimoli-sharqda 120 km masofada, Chorvoq suv omboridan 45 km tepada joylashgan. Pskem GESning elektr energiya imkoniyati 400 MVtni tashkil etadi. Kattaligi bo‘yicha Pskem GES Chorvoq GESdan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Pskem GES yiliga 950 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va elektr energiya yetkazib beruvchi eng kerakli manba hisoblanadi. Pskem daryosi gidro salohiyatidan foydalanish maqsadida texnik iqtisodiy asosnoma dastlab 1987 yilda ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 oktyabrdagi 147-son va 2018 yil 22 noyabrdagi 46-son yig‘ilish bayonnomalariga asosan loyiha qidiruv-tadqiqot va dastlabki qurilish-montaj ishlari boshlandi. Mazkur loyiha qidiruv-tadqiqot ishlari “Gidroproyekt” AJ tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan mahalliy va xorijiy tashkilotlar tomonidan olib borilgan.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Loyihaning geologik asosnomasi va geologik qidiruv materiallari Rossiyaning “Lengidroproyekt” AJ tashkiloti tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan. Shu bilan birga, “B.Ye. Vedeneyeva nomidagi VNIIG” AJ Gruntlarni statik tadqiqot laboratoriyasi tomonidan loyiha doirasida olingan grunt namunalari uch o‘qli siqish qurilmalarida (na priborax tryoxosnogo sjatiya) sinovdan o‘tkazildi. Mazkur sinov ishlari natijalariga ko‘ra, “Lengidroproyekt” AJ tashkiloti Pskem GESning asosiy inshootlari joylashgan hududlarning geologik sharoiti bo‘yicha 2018 yil dekabr oyida xulosa taqdim etdi.

Shu bilan birga, Moskvaning “Institut Gidroproyekt” AJ mutaxassislari qo‘shimcha geologik-tadqiqotlarni uslubiy boshqarish va yangi olingan materiallarni qayta ishlash uchun jalb qilindi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining “Ingeoproyekt” MChJ tashkiloti tomonidan Pskem daryosi tubida burg‘ilash ishlari olib borildi.

Shuni aytib o‘tish lozimki, “Pskem daryosida Pskem GESni qurish” investitsiya loyihasi doirasida qabul qilingan texnik yechimlar bo‘yicha “Tractebel Engineering GmbH.” (Germaniya) xalqaro injiniring kompaniyasining xulosasi olindi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Pskem suv ombori to‘la hajmda 511,2 mln m3 suvni tashkil qilib, undan olinadigan samarali suv kubi esa 468,9 mln m3ni tashkil qiladi. Pskem daryosida ushbu GES qurilishi mamlakatimizda yonilg‘i energetik resurslarining samarali saqlab qolinishini ta'minlaydi. GES quvvati yiliga 300 ming tonna shartli yonilg‘i o‘rnini bosadi. Bu bilan 250 mln m3 tabiiy gazni tejab qolish mumkin.

Shu bois, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni izchil amalga oshirish va yangi quvvatlarni foydalanishga topshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil

4 oktyabrdagi “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskem daryosida Pskem GESni qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ 5253-son Qarori loyihasi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, “Pskem GES” qurilishi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida ko‘zda tutilgan. “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskem daryosida Pskem GESni qurish” investitsiya loyihasi doirasida, umumiy qiymati 799,6 mln dollarga teng investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada belgilangan ishlar hajmi va texnologik murakkabligidan kelib chiqib, loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Xususan, birinchi bosqich, 2018-2021 yillar mobaynida 412 mln dollarga teng bo‘lgan obektlarni qurish ishlari, jumladan, gidrotexnika inshootlari, yerosti suv o‘tkazuvchi tunnellar, GES binosi va 260 km uzunlikka teng elektr energiyasini uzatish tarmoqlari hamda infratuzilma obektlarini qurish ishlari bajarildi.

Investitsiya loyihasi bo‘yicha 2018-2021 yillar tayyorgarlik ishlari doirasida 1-yarus suv qabul qilish inshooti, uzunligi

1 288 metr bo‘lgan qurilish-ekspluatatsiya davrida suv o‘tkazuvchi

yerosti tunneli, mazkur tunnelga qo‘shilgan uzunligi 285 metr bo‘lgan

1-2-agregatlarga suv olib keluvchi yerosti tunneli va 2 ta suv o‘tkazuvchi zatvorlarni boshqarish inshooti hamda yakuniy suv tashlash inshooti qurib bitkazildi. Mazkur inshootlar uchun metall mahsulotlari “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi “Suvsanoatmash” AJ tomonidan tayyorlandi. Shuningdek, gidromexanik uskunalar Rossiya Federatsiyasining “Energosila” MChJ tomonidan yetkazib berildi hamda bevosita metall mahsulotlari va uskunalarni o‘rnatish ishlari tashkilotning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Shuningdek, 2022-2026 yillar davomida suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida loyihani amalga oshirish davrida qiymati 1,06 mln dollarga teng 2 dona kichik bosimda ishlaydigan vaqtinchalik ishchi g‘ildiraklarni o‘rnatish hisobiga jami 401,5 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mo‘ljallangan.

Ikkinchi bosqich, ya'ni 2022–2026 yillar mobaynida 387,6 mln dollarga teng bo‘lgan to‘g‘on qurish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur to‘g‘onni barpo etish yuzasidan Pskem GESning 1-to‘siq darvozasini yopish ishlari olib borilmoqda. Endilikda Pskem daryosi suvi Pskem GESning 1-to‘siq darvozasi orqali oqib o‘tadi.

Loyiha to‘liq 2026 yilda foydalanishga topshiriladi hamda yiliga o‘rtacha 946,1 mln kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlar yaratiladi.

Aytish joizki, investitsiyaviy loyihalar asosida quriladigan, ekspluatatsiyaga topshiriladigan GESlar elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarining ortishiga, bu orqali jonajon xalqimiz xonadonlarining yanada nurafshon bo‘lishi, hududlar infrastrukturasi rivojlanishiga mustahkam zamin yaratadi.

«O‘zbekgidroenergo» AJ Axborot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: