«O‘zbekneftgaz» «zapravka»larining 80 foizida AI-80 sotilmayapti. Bu benzin nega taqchil bo‘lib qoldi?

O‘zbekiston 20:32 / 25.11.2021 20176

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ayrim ishlab chiqaruvchilarning ichki bozordagi monopol mavqeyi saqlanib qolayotgani sabab birja savdolarida mayda yoki o‘rta xaridorlar imkoniyati cheklangani haqida ma'lumot bergandi. Buning oldini olish maqsadida birjadagi 16-24 noyabr kunlari bo‘lgan savdolarda benzin sotib oluvchi kunlik xaridorlar soni bir necha barobarga oshirildi.

Shuningdek, qo‘mita ma'lumotlariga tayanilsa, 15 noyabrga nisbatan AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha sotilish narxlari 1 tonnasi 10 mln 129 ming so‘mdan 8 mln 98 ming so‘mgacha pasaygan yoki 20 foizga arzonlashgan. Bu albatta iste'molchilar uchun yaxshi yangilik.

Bir necha oylik sukunatdan keyin uyg‘ongan va yeng shimarib ishlashni boshlagan Antimonopoliya qo‘mitasi so‘nggi 10 kunlik davr mobaynida rasmiy kanalida har kunlik birjadagi benzin narxlari borasida ma'lumotlarni berib boryapti. Ammo bu holat aksariyat yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlarga ta'sir qilayotgani yo‘q va yangi muammolarni yuzaga keltirmoqda. Bu – AI-80 markali benzin taqchilligi.

Kun.uz muxbiri «O‘zbekneftgaz»ga qarashli AYoQShlarga borib, shu markadagi benzin bor yoki yo‘qligini o‘rgandi. Lekin 25 noyabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan va holat o‘rganilgan o‘nga yaqin yonilg‘i quyish shoxobchalarining birortasida bu turdagi mahsulot mavjud emasligi ma'lum bo‘ldi. AYoQShdagi ishchi-xodimlar bu holatni benzin kamligi va berilmayotgani bilan izohlashmoqda.

«O‘zbekneftgaz»ga qarashli AYoQShlarda AI-80 markali benzin boshqa yonilg‘i quyish shoxobchalariga nisbatan sezilarli farq bilan arzonroq sotilayotgani bois talab yuqori edi.

Kun.uz manbalariga ko‘ra, taqchillik yuzaga kelishiga Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Shohrux Shorahmetovning 16 noyabr kungi alohida ko‘rsatmasi sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin (xat nusxasi tahririyatda mavjud).

Ko‘rsatmada bir savdo sessiyasida bir xaridor tomonidan xarid qilinadigan benzin hajmlarining maksimal miqdori quyidagi shaklda belgilangan.

  • 60 tonnalik lotlar uchun 120 tonna;
  • 1 tonnalik lotlar uchun 10 tonna miqdorida.

Ya'ni 50ga yaqin AYoQShlari mavjud bo‘lgan «O‘zbekneftgaz» yoki boshqa yirik tadbirkorlar ham, 2 yoki 3ta AYoQShlari bo‘lgan kichikroq xaridorlar ham bir xil: birja savdolarida kuniga maksimum 130 tonnagacha AI-80 markali benzin xarid qilishi mumkin.

Birgina Toshkent shahrida joylashgan «O‘zbekneftgaz» AYoQShlarining kunlik talabi taxminan 550-600 tonna benzinni tashkil etadi. Buning oqibatida esa nisbatan arzonroq mahsulot taklif etayotgan kompaniyaning yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzin taqchilligi yuzaga kelmoqda.

Endi vaziyatga boshqa tomondan qarab ko‘ramiz. Birjada narxlar 20 foizga arzonlashganiga qaramay, xususiy AYoQShlarda eng ko‘p talab bo‘ladigan AI-80 markali benzin 8200-8800 so‘m atrofida sotilmoqda. O‘tgan 10 kunlik muddat davomida narxlar qimmatlashsa qimmatlashdiki, arzonlashgani sezilmadi. Bu holatni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yonilg‘i quyish shoxobchalari ilgari sotib olgan qimmat narxdagi benzin zaxiralari hisobiga yuqori chakana narxlarni saqlab qolayotgani va birja savdolarida sotilgandan keyin zavoddan chakana savdogacha yetib borish muddatlari vaqt talab qilishi bilan izohlagandi. Ammo oradan shuncha kun o‘tsa-da, AYoQShlardagi narxlar ham pasaymadi.

Kun.uz ma'lumotlariga ko‘ra, AYoQShga ega bo‘lmagan ba'zi ulgurji savdo vakillari ham negadir AI-80 benzin ola boshlagan. Bundaylar benzinni qishda qimmatroqqa sotish uchun g‘amlayotgan yoki ustiga qo‘shimcha narx qo‘yib sotayotgan bo‘lishi mumkin. Aslida hozirgi birjada shakllangan narxlardan kelib chiqiladigan bo‘lsa, AI-80 markali benzin narxlari maksimum 7000-7200 so‘mdan sotilishi kerak bo‘lgan holatda negadir 8 ming so‘mdan qimmatlab ketayotgani shubhali.

Birjada narxlar salgina ko‘tarilsa, ertasigayoq bu yonilg‘i quyish shoxobchalarida o‘z aksini topadi. Ammo, qariyb 10 kundan beri birjada narxlar to‘xtovsiz arzonlashayotgani negadir AYoQShlarga ta'sir qilmay qolmoqda. Taajjub...

Kun.uz mavzu yuzasidan surishtiruvlarini davom ettirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: