Jahongir Ortiqxo‘jayev xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga murojaat bilan chiqdi

O‘zbekiston 23:21 / 25.11.2021 21095

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga murojaat bilan chiqdi.

Shahar hokimining ta'kidlashicha, “Yashil makon” umummilliy loyihasi va “Obod mahalla” dasturi amalga oshirilishida yo‘l qo‘yilgan qator xato va kamchiliklarni izohlashga so‘z yo‘q.

“Dasturlar, chora-tadbirlarni albatta qog‘ozda juda ham chiroyli, salmoqli. Lekin uni amalga oshirishda ayrim mas'ullarda fidoyilik, vatanparvarlik, shijoat, o‘z shahriga, yashayotgan mahallasiga mehr-muhabbat tuyg‘usi yetmayapti”, dedi u.

Ortiqxo‘jayev qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun bir nechta mas'ulga nisbatan keskin choralar ko‘rilgani, xususan, Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasidan ozod etilganini ma'lum qildi.

Shuningdek, Uchtepa tumani hokimining qurilish hamda kommunal masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ham lavozimidan ozod etilgan. Tuman hokimiga esa hayfsan berilgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Jahongir Ortiqxo‘jayev xususan, o‘z murojaatida quyidagilarga e'tibor qaratdi:

  • Toshkent shahrida “Obod mahalla” dasturi va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida xiyobonlar tashkil etish, daraxt ko‘chatlarini ekish, ularni parvarish qilish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish;
  • Maishiy chiqindilarni belgilangan joylarga olib borib tashlash, sanitariya qoidalariga rioya qilish, yoshlar ushbu masalada e'tiborli bo‘lishlarini fuqarolar ongiga singdirib borish;
  • Ko‘p qavatli uylar oldidagi betartib panjaralar va o‘zboshimcha o‘ramalar, panjaralarni bartaraf qilish, xazonlardan tozalash, to‘planib qolgan maishiy va boshqa turdagi chiqindilar olib chiqib ketilishida nazorat ishlarini kuchaytirish;
  • Mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha korxona, boshqarma, tashkilot va idoralarning o‘z ichki hududlarida va tutash hududda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar ekish, mavjud daraxtlarni parvarishlash, shakl berish ishlariga har kuni bir soatdan vaqt ajratish.

“Shahrimizda yana bir dolzarb muammo borki, u ham bo‘lsa noqonuniy, o‘zboshimcha qurilishlarni amalga oshirish, yer maydonlarini noqonuniy egallab olish kabi masalalardir.

So‘nggi kunlarda shaharda bunday noqonuniy qurilishlar ko‘payib ketgani, bu esa aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas.

Bunday qurilishlarni bartaraf etish maqsadida sud idoralariga murojaat qildik. Sud tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini ta'minlash yuzasidan bugungi kunda barcha tumanlarda noqonuniy, o‘zboshimcha qurilgan bino-inshootlar bartaraf etilmoqda”, dedi Toshkent shahri hokimi.

Ko‘proq yangiliklar: