Eng qimmat smartfonlarning puliga O‘zbekistonda nimalar sotib olish mumkin?

O‘zbekiston 18:27 / 25.11.2021 18953

Kundalik hayotimizda biz uchun asosiy yordamchilardan biri hisoblangan gadjetlar – mobil telefonlarning o‘rni beqiyos. Ushbu qurilmalar dastlab faqat qo‘ng‘iroq qilish funksiyasini bajargan bo‘lsa, vaqtlar o‘tib o‘z davridagi yuzlab texnologiyalarning vazifalarini bajara olish darajasiga yetdi.

Masalan, zamonaviy smartfonlar suratga olishda fotoapparat bilan bellasha boshladi, hattoki ba'zilarida film olish funksiyalari ham bor. Radio-magnitofon, kompas, kalendar, soat, barometr, elektron pochta, o‘yinlar va ijtimoiy tarmoqlar, elektron pullar, internet va internet orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarni gapirmasa ham bo‘ladi.

O‘z navbatida, bunday qulayliklar hammasi ham tekinga kelmaydi. Biz bugun mobil telefonlar olamida yetakchilik qilayotgan, muxlislari qarama-qarshiligi El-klassikodan (“Real Madrid” va “Barselona” futbol klublari raqobati) qolishmaydigan Apple va Samsung smartfonlarining eng qimmat va mashhur brendlari haqida so‘z yuritamiz. Aniqrog‘i, ushbu flagmanlarning narxi evaziga O‘zbekistondagi iste'mol bozorida qanday mahsulotlar va xizmatlar sotib olish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

Joriy yilning sentabr oyida taqdimoti o‘tkazilgan iPhone 13 liniyasidagi smartfonlarning eng qimmati 1 TB doimiy xotiraga ega va ikkita SIM karta “o‘qiy oladigan” iPhone 13 Pro Max smartfoni bo‘lib turibdi. O‘zbekiston bozorlarida ushbu qurilmani 2021 yil 24 noyabr holatiga 2300 AQSh dollari yoki 24,7 million so‘m naqd to‘lov evaziga olish mumkin. Agar bo‘lib to‘lash evaziga xarid qilinsa, uning narxi 3 ming dollargacha oshib ketadi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda 24,7 million so‘m evaziga nimalar xarid qilish mumkin? 2021 yil 24 noyabr sanasiga, eng yaxshi sifatdagi 301 kg lahm go‘sht yoki 4900 kg kartoshka (deyarli 5 tonna!) sotib olish mumkin.

Bu pulga uy uchun kerakli jihozlardan kichikroq 6 ta muzlatgich yoki 4 ta kir yuvish mashinasi yoki 12 ta 32 diagonal hajmdagi smart-televizor olish mumkin.

Kattaroq buyumlarga o‘tsak, kupertinoliklarning eng qimmat smartfoni narxida hattoki, holati yaxshi bo‘lgan “Tiko” avtomobili xarid qilish yoki hozirgi kunda dolzarb bo‘lib turgan A-92 benzinidan 2572 litr (2,5 tonna!) xarid qilish mumkin. Agar avtomobilingiz yo‘q bo‘lsa, kuniga 40 ming so‘mdan taksiga pul sarflab ishga borib kelish hisoblansa, sizda 617 kun ishga borib kelish imkoni bo‘ladi.

Xizmat ko‘rsatish sohasida esa bu pullarga O‘zbekistondagi ko‘plab davlat oliy ta'lim muassasalarida bir yarim yillik to‘lov-kontraktni to‘lash mumkin. Bunda tashqari, tur-firmalar taqdim qilayotgan takliflarga ko‘ra, bu pulga ikki kishi kamida 14 kun Istanbulda dam olib keladi.

Samsung kompaniyasining eng jozibali va qudratli qurilmalari taqdimoti 2021 yil yanvar oyida o‘tkazildi. Galaxy S21 seriyasidagi qurilmalar orasida 512 GB doimiy xotiraga ega, 2 ta SIM kartani “o‘qiy oladigan” Samsung Galaxy S21 Ultra smartfoni yetakchilik qilmoqda. O‘zbekiston bozorlarida ushbu qurilmani 2021 yil 24 noyabr holatiga 1400 dollar yoki 15,1 million so‘m naqd to‘lov evaziga olish mumkin.

Xo‘sh, O‘zbekistonda 15,1 million so‘m evaziga yuqoridagi mahsulotlari va xizmatlardan biroz kamroq sotib olish mumkin.

Masalan, 2021 yil 24 noyabr sanasiga, eng yaxshi sifatdagi 184 kg lahm go‘sht yoki 3020 kg kartoshka (3 tonnadan ortiq!) sotib olish mumkin. Ushbu mablag‘ga uy uchun kerakli jihozlardan kichikroq 4 ta muzlatgich yoki 3 ta kir yuvish mashinasi yoki 7 ta 32 diagonal hajmdagi smart-televizor olish mumkin.

Koreyalik gigant kompaniyaning ushbu smartfoni narxida O‘zbekistonda holati yaxshi bo‘lgan “Jiguli” yoki “Moskvich” avtomobillarini olish mumkin. A-92 turidagi benzindan esa 1572 litr (1,5 tonna!) xarid qilish mumkin. Agar avtomobilingiz yo‘q bo‘lsa, kuniga 40 ming so‘mdan taksiga pul sarflab ishga borib kelish hisoblansa, sizda 377 kun ishga borib kelish imkoni bo‘ladi.

Samsung flagmani evaziga O‘zbekistondagi ko‘plab davlat OTMlarida bir yillik to‘lov-kontraktni to‘lash mumkin. Bunda tashqari, tur-firmalar taqdim qilayotgan takliflarga ko‘ra, bu pulga ikki kishi 10 kun davomida Istanbulda dam olib kela oladi.

Mobil qurilmalar, mahsulotlar va xizmatlar narxlari 2021 yil 24 noyabr holatig ko‘rsatilgan. Tahririyat yuqoridagi barcha mahsulot va xizmatlar ushbu narxda sotilishiga kafolat bermaydi.

Farrux Absattarov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: