Avstriya: aholining 65 foizi emlangan, biroq lokdaun joriy etildi. Endi lokdaunlar odamzod bilan doim birgami?

Jahon 11:49 / 25.11.2021 5813

Rasmiylar emlanmaganlar uchun ham, vaksina olganlar uchun ham ommaviy karantinni qayta joriy etdi. Bu esa ommaviy qarshiliklarga sabab bo‘ldi. Biroq hukumat to‘xtash istagini bildirmayati va barcha fuqarolar uchun majburiy emlanishni joriy etishga tayyor. “Meduza” aholining uchdan ikki qismi emlanganiga qaramay, bu epidemiya ustidan g‘olib bo‘lish uchun yetarli emasligiga oydinlik kiritdi.

Avstriyada haqiqatan ham epidemiya dahshatli darajada avj olyaptimi? 

Nima bilan taqqoslanishiga qarab vaziyat G‘arbiy Yevropaning ko‘plab mamlakatlari, hatto kasallik yuqtirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan Germaniyaga nisbatan ham salbiy tomonga farq qiladi. Avstriyaning ulardan farqi – o‘lim ko‘rsatkichi nisbatan yuqoriligi.

Biroq Yevropaning sharqi va janubi-sharqida joylashgan mamlakatlar bilan taqqoslansa, Avstriyadagi vaziyat ancha ijobiy bo‘lib ko‘rinadi (hech bo‘lmaganda o‘lim ko‘rsatkichi nuqtayi nazaridan).

Yevropa g‘arbiga qaraganda o‘lim holati nisbatan yuqori ekani sabablari oddiy: Avstriyada aholining “bor-yo‘g‘i” 65 foizi emlangan, “eski” Yevropaning boshqa mamlakatlarida esa 70 foiz va undan ortiq.

Avstriyada o‘lim ko‘rsatkichi ayniqsa yuqori bo‘lgan 60 yoshdan katta emlangan kishilar ulushi ham birmuncha (2-5 foiz bandga) pastroq. “Eski” Yevropaning navbatdagi epidemiya to‘lqini avjiga chiqqan boshqa mamlakatlariga qaraganda o‘lim ko‘rsatkichi yuqori ekanini ana shu omillar bilan tushuntirish mumkin.

Yevropa sharqi hamda Bolqonda, aksincha, aholining ancha kam ulushi emlangan. Bolgariyada aholining hatto to‘rtdan bir qismi ham emlanishning to‘liq kursini olmagan, o‘lim holati esa bu yerda kuz faslida rekord ko‘rsatkichga yetdi.

“Uzoq vaqt, juda uzoq vaqt men va boshqalar Avstriyada odamlarni vaksina olishga ixtiyoriy ko‘ndira olamiz deb o‘ylagandik. Endi esa majburiy emlanishni joriy etish – juda og‘ir qarorni qabul qildik”, — dedi o‘tgan haftada mamlakatning yangi kansleri Aleksandr Shallenberg.

1940 yilda chechakka qarshi majburiy emlanish joriy etilgan eski hujjat asosida ishlab chiqilgan qonun 1 fevralda kuchga kirishi rejalashtirilgan. Unga qadar vaksina olmaganlar uchun karantin, yaqin 20 kun ichida esa mamlakatning jami aholisi uchun to‘liq lokdaun amal qiladi.

Kanslerning ana shu bayonotiga javoban Avstriyaning ko‘plab aholisi ko‘chaga chiqdi; Vena markazida majburiy emlanishga qarshi o‘n minglab norozi kishilar to‘planishdi. Norozilik aksiyalariga emlanish va karantinga qarshi chiqayotgan milliy “Ozodlik partiyasi” rahbarlik qilmoqda. Partiya yetakchilari yashirincha emlanganlikda ayblanmoqda. Natsionalistlar Yevropadagi ko‘plab mamlakatlarda emlanish darajasi Avstriyaga qaraganda yuqori bo‘lsa ham farq u qadar katta emasligi; vaksina olish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lsa ham kasallanish darajasi deyarli barcha yerda o‘sayotganini ta'kidlayapti.

Umuman olganda, ilgari YeI mamlakatlari hukumatlari (shuningdek, tibbiyot tashkilotlari, masalan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti) emlanganlar ko‘rsatkichi 65 foiz bo‘lishi epidemiyani yengish uchun yetarli ekani haqida gapirgandi.

Haqiqatan ham, shuncha odam emlangan bo‘lsa, nima uchun virus yengilmadi?

Bu savolga oddiygina javob bor: aholi uchdan ikki qismining emlanishi g‘alaba uchun yetarli, degan fikr eskirdi. 2020 yilning yoz faslida, dunyoda 2019 yilning oxirida Xitoyda paydo bo‘lgan virusning “dastlabki” variantlari tarqalganida mana shu fikr to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinardi. Mazkur virus uchun virusning ko‘payish soni 2,5–3da R₀ edi. Qo‘pol qilib aytganda, R₀ virusning yuqumlilik darajasini ko‘rsatadi: har bir kasallangan odam o‘rtacha yuqtirishi mumkin bo‘lgan odamlar soni (immunitetga ega bo‘lmagan va cheklov choralari bo‘lmagan populyatsiyada).

R₀ soni yordamida qo‘pol qilib aytganda, jamoaviy immunitet ostonasini aniqlash mumkin: virusga qarshi immunitetga ega bo‘lgan odamlar nisbati, ana shundan keyin epidemiya o‘zi yo‘q bo‘ladi. Sodda modellarda ostona balandligini aniqlash uchun quyidagi formula taklif etiladi: immunitetga ega odamlar ulushi = 1 − 1 ÷ R₀. Shu tariqa, virusning “dastlabki” varianti uchun mazkur ulush aholining 60-67 foizi sifatida aniqlangan edi.

Biroq o‘sha vaqtdan beri virusning ancha yuqumli variantlari, jumladan, (hozirda Yevropada ko‘p uchrayotgan) delta varianti paydo bo‘ldi. Uning R₀ o‘lchami 6–7 deya baholanadi. Uning uchun jamoaviy immunitet ostonasi ancha yuqori – 83-85 foiz.

Avstriyada hozirda aholining 65 foizi vaksina olgan, biroq “tabiiy yo‘l”, ya'ni kasallikni yuqtirish orqali immunitetga ega bo‘lgan odamlar ko‘p. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bunday kishilar 12 foizga yaqin, boshqa hisob-kitoblar esa 15 foizlik natijani bermoqda. Shu tariqa, mamlakat jamoaviy immunitet ostonasiga yaqinlashishi kerak. Demak, epidemiya so‘nishi lozim. Biroq biz batamom o‘zgacha holatga guvoh bo‘lyapmiz: kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichi tez sur'atlarda o‘smoqda.

Buni qisman quyidagicha izohlash mumkin: ikki guruh – kasallanganlar va vaksina olganlar ko‘rsatkichi kesishmoqda. Demak, Avstriyada immunitetga ega kishilar umumiy soni hali ham 80 foizdan ancha kam.

Boshqacha tushuntirish ham mumkin: jamoaviy immunitet konsepsiyasining o‘zi aniq emas: har doim alohida guruhlar (ijtimoiy, milliy jamoalardan tortib alohida oilalargacha) mavjud bo‘lib, ularda vaksina olganlar va kasallanganlar o‘rtacha populyatsiyaga qaraganda kamroq. Aholi virusdan “o‘rtacha” yaxshi himoyalanganda ham ushbu guruhlarda epidemiya davom etishi mumkin.

Nihoyat, shuni yodda tutish kerakki, hamma immunitet ham kasallanish, og‘ir kasallik va o‘limdan himoya qila olmaydi. Jamoaviy immunitet ostonasini aniqlash formulasida vaksinalarning (kasallikni yuqtirishga qarshi) samaradorligi va kasallangandan keyin paydo bo‘lgan immunitet samaradorligini hisobga olish kerak. Agar har ikki holatda ham samaradorlik 80 foizdan oshmasa, u holda epidemiyani butunlay to‘xtatish uchun 100 foiz immunitetga ega kishilar ham yetarli bo‘lmaydi.

YeI va Buyuk Britaniyaga oid ma'lumotlar hozircha shuni ko‘rsatmoqdaki, vaksina olish yuqori ko‘rsatkichlari ham epidemiyani to‘liq yengish imkonini bermayapti. Biroq Yevropa mamlakatlari ma'lumotlari (jami aholi darajasida) shuni ko‘rsatyaptiki, emlanish o‘lim ko‘rsatkichini pasaytirish imkonini beradi.

Ushbu vaziyatda shunday xulosa qilish mumkinki, u yoki bu mamlakat hukumati sog‘liqni saqlash tizimi kasallanishlar ko‘pligi tufayli og‘ir yuk ostida qoladi deb hisoblasa, lokdaunlar (hech bo‘lmaganda emlanmaganlar uchun) qayta va qayta joriy etilaveradi. Yoki ular o‘lim ko‘rsatkichi past ekanini hisobga olib, qat'iy cheklovlardan voz kechadi. Biroq o‘limni samarali kamaytiruvchi emlanish keng ko‘lamda amalga oshirilmasa, cheksiz karantinlardan o‘zga chora qolmasligi aniq.

Avstriyada esa mahalliy jurnalist va politologlar masala shu darajada siyosiyki, aholining qolgan 35 foizini emlanishga ishontirishning “yumshoq” usullari qolmadi, deb hisoblashyapti.

Ko‘proq yangiliklar: