Toshkent shahriga o‘tkazilgan yer maydonlarining infratuzilmasi rivojlantiriladi

O‘zbekiston 07:36 / 24.11.2021 2585

Vazirlar Mahkamasining «Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tkazilgan aholi punktlarini 2021–2024 yillarda kompleks rivojlantirish hamda kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlariga o‘tkazilgan aholi punktlaridagi mavjud resurslardan samarali foydalanish maqsadida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va xizmat ko‘rsatish sohasini yaxshilash nazarda tutilgan.

Qaror bilan 2021-2024 yillarda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tkazilgan aholi punktlarini kompleks rivojlantirish hamda kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari;
  • sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;
  • yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha kompleks tadbirlarning manzilli ro‘yxati;
  • ijtimoiy soha obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning manzilli ro‘yxati.

Toshkent shahar hokimligiga Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar Toshkent shahar bosh rejasi ishlab chiqilishini va tasdiqlashga kiritilishini, shuningdek Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tkazilgan hududlar uchun batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqilishini ta'minlash, yangi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari, maktab, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport obektlarining binolarini qurish topshirildi.

Toshkent viloyati hokimligi, Qurilish xo‘jaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, DSQ huzuridagi Kadastr agentligiga ikki oy muddatda o‘zgartirilayotgan chegaralar doirasidagi hududda joylashgan ijtimoiy infratuzilma obektlarini tegishli tuman tuzilmalariga topshirish-qabul qilinishini ta'minlash topshirildi. 

Ko‘proq yangiliklar: