Sherzod Shermatov: “Sun'iy intellekt bilan hozir shug‘ullanmasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin”

O‘zbekiston 15:24 / 24.11.2021 4209

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “Innoweek.Uz-2021” haftaligida sun'iy intellekt yordamida korrupsiya va adolatsizlik kabi holatlarga qarshi kurashish mumkinligi haqida gapirdi.

“Sun'iy intellekt bir qaraganda juda qiyin narsaga o‘xshab ko‘rinadi. Lekin hozir shu bilan shug‘ullanmasak, ertaga kech bo‘lib qolishi mumkin”, deya Shermatovning so‘zlarini keltirmoqda tadbirni tashkil etgan Innovatsiya vazirligi axborot xizmati.

Vazir sun'iy intellekt davlat boshqaruvida inson omilini kamaytirishini ta'kidlash bilan birga, texnologiyalar ma'lum yo‘nalishlarda xodimlarga bo‘lgan talabni kam kamaytirishini qayd etdi. Shuning uchun yoshlarimiz bu kabi texnologiyalarni qaysi kasbda qanday qo‘llashni yaxshi o‘rganishi kerak, dedi u.

“Hozirda respublikadagi 12ta ustuvor yo‘nalishda sun'iy intellektni joriy etish bo‘yicha alohida tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Sun'iy intellekt sohasida ilmiy ekotizim shakllantirish maqsad qilingan. Bu yo‘nalishda alohida ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi. 15ta ixtisoslashgan laboratoriya ishi yo‘lga qo‘yildi.

Sun'iy intellekt imtihonlar o‘tkazish va baholash tizimlari shaffof o‘tishida ham yordam berishi mumkin. Soliq tizimi, avtomobil boshqarish sohalarida, afsuski, inson omili hali juda ko‘p. Bu esa “soyadagi iqtisodiyot”, korrupsiya bo‘yicha xalqaro antireytinglardagi o‘rnimizga ta'sir etmoqda”, – dedi vazir 24 noyabr kuni o‘tkazilgan haftalik doirasidagi anjumanda.

AKTV rahbari 4 ta oliy o‘quv yurti negizida 130 dan ortiq sun'iy intellekt sohasi mutaxassislarini o‘qitish boshlangani, 15 ta oliy o‘quv yurtida sun'iy intellektni iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida, davlat boshqaruvi tizimida amaliy qo‘llanishi bo‘yicha kurslar va fanlar joriy etilganini ham ma'lum qildi.

“2021–2022 o‘quv yilidan boshlab “Sun'iy intellekt” yo‘nalishida kadrlar tayyorlash bo‘yicha oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlar tomonidan 77 ta (ya'ni 59 ta bakalavr va 18 ta magistratura) kvotalar ajratildi hamda talabalar o‘qishga qabul qilindi.

Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan “Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellekt” nomli doktoranturaning alohida yo‘nalishi ochildi. 2022 yildan boshlab sun'iy intellekt sohasida doktoranturaga 5 ta kvota va mustaqil tadqiqotchilar uchun maqsadli kvota ajratildi.

Sun'iy intellekt sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borayotgan yosh olimlarni qisqa muddatli xorijiy ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 30 ta kvota ajratildi hamda tanlov asosida g‘oliblar AQSh, Rossiya, Hindiston va Buyuk Britaniyadagi yetakchi xorijiy universitetlarga o‘qishga yuborildi”, – dedi Sherzod Shermatov.

Ko‘proq yangiliklar: